O‘zbekiston | 09:42 / 27.06.2021
10167
7 daqiqa o‘qiladi

To‘lanayotgan kompensatsiyalar sarfi, ayovsiz o‘zlashtirilayotgan daryo va cho‘llar muammosi - Ekoqo‘mita mutasaddilari bilan intervyu

Soya-salqin bahavo joylar, o‘rmon, daraxtzorlar yoz kunlari ayniqsa, o‘z qadrini ko‘proq bildiradi. Afsuski, O‘zbekistonda yil sayin daraxtlar ko‘proq kesila borishi, istirohat bog‘lari buzilishi, qurilishlar va bu jarayondagi chang-to‘zon atrof-muhitga va hayotimizga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmayapti.

Ekologiya va atrof-muhitga bu kabi e'tiborsizlik mamlakatda ekologik siyosatni yuritishga mas'ul bo‘lgan Ekoqo‘mita faoliyatini o‘z o‘rnida qayta ko‘rib chiqish, mas'uliyatini oshirishni talab etmoqda. Kun.uz shu kabi muammoli masalalar yuzasidan Ekologiya qo‘mitasi mas'ullarini intervyuga tortdi.

— Aslida biz bu intervyuni Qo‘mita raisi Alisher Maqsudov bilan uyushtirishni reja qilgandik. Lekin intervyuni sizlar beryapsiz. Ayting-chi, Qo‘mita raisi nega matbuotdan qochyapti?

Abdurashid Sodiqov, Ekologiya qo‘mitasi bosh boshqarma boshlig‘i

— Rais savoldan qochayotgani yo‘q, hozir davolanishda bo‘lgani uchun intervyuga kela olmadi. Lekin bungacha ham biror OAVga intervyu berishda muammo bo‘lmagan.

— Qo‘mita sanoat korxonalaridan tabiatga yetkazilgan zarar uchun kompensatsiya to‘lovi oladi. Qonunchilikda bu mablag‘ o‘sha hudud tabiatini qayta tiklashga sarflanishi kerak. Surishtiruvlarimda aniq bo‘ldiki, Qo‘mita birgina OKMKdan 4 mlrddan ortiq kompensatsiya undirardi. Xo‘sh, bu pullar hisobidan shu paytgacha Olmaliqda qanday ishlar qilindi?

Xalilullo Shirimbetov, Ekologiya qo‘mitasi bosh boshqarma boshlig‘i

Xalilullo Shirimbeto

— Har bir korxona tabiatga ifloslantiruvchi modda tashlaydi. Ekologiya qo‘mitasi har bir korxonaga me'yor belgilab qo‘ygan. Belgilangan me'yorga ham, undan oshsa ham, to‘lov amalga oshiriladi. Tushgan mablag‘ning 60 foizi o‘sha yer mahalliy budjetida qoladi, 40 foizi esa Qo‘mita jamg‘arma fondiga o‘tadi. Mahalliy budjetda qoladigan mablag‘ qanday sarflanishi bizga qorong‘i, muammo ana shu yerda. Aslida, o‘sha pullar atrof-muhitni muhofaza qilishga yo‘naltirilishi kerak.

— Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiday katta korxona tabiatga chiqarayotgan zarar uchun 4 mlrd. juda kam pul emasmi?

— Bu kam emasmi, desangiz, to‘g‘ri, lekin bizda shunday korxonalar borki, texnologiyani zamonaviy qilish o‘rniga jarima to‘laganni afzal ko‘radi. Sababi, jarima arzonroq tushadi. Qonunchilikka o‘zgartirish kiritishga taklif tayyorlayapmiz, jarima shu darajada bo‘lishi kerakki, korxona undan qo‘rqqanidan texnologiyani rivojlantirishga harakat qilsin. Lekin boshqa tomondan bu jarimalar hozir kiritilsa, endi oyoqqa turayotgan korxonalar o‘tirib qolishi mumkin. Agar ekologik normani to‘liq qo‘llaydigan bo‘lsak, korxonalarning 50 foizi yopilishi kerak. Ularda qanchalab insonlar ishlaydi va aholi ishsizligi kuchayadi. Shuning uchun biz ijtimoiy tarafini ham inobatga olib, bosqichma-bosqich talabni oshirib boryapmiz. Masalan, hozir noqonuniy ovlangan hayvonlar bahosini o‘n baravarga oshirdik. Yaqinda chiqqan qaror bilan kompensatsiya to‘lovlari ham oshirildi.

— Navbatdagi savolim vodiydagi Yozyovon cho‘li misolida butun O‘zbekiston hududidagi muammolar haqida. Ayting-chi, dunyoda noyob bo‘lishiga qaramay, Yozyovon cho‘lidan sanoat uchun qum olish nega to‘xtatilmayapti?

Abdurashid Sodiqov, Ekologiya qo‘mitasi bosh boshqarma boshlig‘i

Abdurashid Sodiqov

— Farg‘ona va Namangan viloyatlari hududida joylashgan Yozyovon cho‘li noyob ekosistema sifatida saqlanib qolgan. U yerda “Qizil kitob”ga kirgan noyob hayvonot va o‘simlik olami mavjud. Bu muhofaza etiladigan hudud hisoblansa-da, kategoriyasi juda past, bu statusni ko‘tarish kerak. O‘tgan yili Yozyovon suv ombori qurilishiga cho‘ldan qum olish holatlari bo‘lganda, buning oldini oldik va kirish joylarini chuqur qilib qazib tashladik. Endilikda bu holat takrorlanmaydi.

Qo‘mita oldida turgan muammolardan biri Yozyovon cho‘lining Namangan viloyati hududida joylashgan 1,1 ming gektarlik Mingbuloq uchastkasi bo‘lib turibdi, viloyat hokimi qarori bilan o‘sha joy tadbirkorlarga bo‘lib berilgan.

Xalilullo Shirimbetov, Ekologiya qo‘mitasi bosh boshqarma boshlig‘i

— Bu kabi hududlar yoki obektlar tabiat yodgorligi, deb ataladi va ular mahalliy hokimiyat qarorlari bilan tashkil etiladi. Yozyovon cho‘llari O‘rmon xo‘jaligi tasarrufida. Shu bilan birga hokimiyat baliqchilik uchun yerlarni bo‘lib bergan. Bu kabi ishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun yuqorida aytilganidek, cho‘lning statusini ko‘tarish kerak. Shunday muhokama qilyapmiz, cho‘lni barcha uchastkalari bilan Milliy tabiat bog‘iga aylantirish.

— Keyingi paytlarda daryo o‘zanlaridan ayovsiz qazib olinayotgan tosh, shag‘al sabab daryolarimizning relefi o‘zgarib bormoqda. Qo‘mita daryo va daryo bo‘ylarida qazish ishlari uchun ruxsat berayotganda masalaning shu tomonini hisobga olyaptimi?

Farhod Dehqonov, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

Farhod Dehqonov

— Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoshida Xavfsiz daryo unitar korxonasi respublikadagi barcha daryolar monitoringini olib boradi. Daryo toshishi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nuqtalar aniqlanib, o‘sha yerdan qum-shag‘alni qazib olib, daryoning xavfsiz oqib o‘tib ketishini nazorat qiladi. Unitar korxona biror hududni xavfli deb topsa, o‘sha joyni tadbirkorlarga auksion orqali ajratib beradi. Keyin tadbirkor belgilangan ishlarni amalga oshiradi. Tadbirkorga hujjatlar tayyorlashda davlat ekologik ekspertiza xulosasini olish ham yuklatiladi.

O‘rganishlar va kuzatuvlarda ko‘pincha tadbirkorga belgilangan hududda belgilangan me'yorda shag‘al olishi tavsiya etilgan bo‘lsa-da, bir necha metr qazib olgani ko‘rinyapti. Bu yerda asosiy muammo ijro nazoratida kuzatiladi. Ishchi guruh prokuratura, hududiy ekologiya bo‘limlari, sanoat xavfsizligi tashkiloti xodimlaridan tuziladi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid