Sport | 15:27 / 28.06.2021
20825
11 daqiqa o‘qiladi

O‘zgarayotgan futbol. Santush aybdor emas

Yaqin yillargacha futbol uslubiyatida yangi tendensiyalar, keyingi yillarda yetakchi bo‘ladigan g‘oyalar klublarda emas, terma jamoalar ishtirokidagi musobaqalarda kuzatilardi. Buning sabablari ko‘p.

Foto: Getty Images

Birinchidan, klublar futbolida alohida o‘yinlar uchun tanlanadigan taktikaning ahamiyati u qadar katta bo‘lmaydi. Futbolchilar yillab birga o‘ynashadi, shug‘ullanishadi, o‘zaro munosabatlar va muhit katta rol o‘ynaydi, ya'ni har qanday alohida o‘yin yoki turnir uchun poydevor yillar davomida quriladi. Hatto bir murabbiy bilan muvaffaqiyat qozonilgan turnirlarda avval ishlab ketgan murabbiylarning ham hissasi yetarlicha bo‘ladi – jamoa qaysidir pallalarda eski murabbiylar ishlanmalaridan ham samarali foydalangan bo‘lib chiqishadi.

Ikkinchidan, ayniqsa, top-klublarda ma'lum bir falsafa yoki uslubga qattiq bog‘lanib qolish ehtiyoji kamroq. Top-klub deyarli har yili yulduz futbolchilarni sotib olishi kerak. Bu faqat jamoani kuchaytirish, ma'lum pozitsiyani yopish uchungina bo‘lmaydi – top-klub yulduz futbolchilarni sotib olishi kerak, tamom. Bu marketing nuqtayi nazaridan, doimiy yangilanish va top-darajada turish jihatidan ham juda muhim ehtiyoj. Ya'ni klub davomli tarzda individuallarni sotib olish zaruriyati murabbiylarni cheklaydi, tarkib bilan hisoblashish, har doim o‘zgarishlar qilishni talab etadi.

Shuning uchun ma'lum falsafa va uslubga sodiq murabbiylar ko‘proq o‘rtamiyona jamoalarda kuzatiladi. Faqat Gvardiola alohida mavzu, lekin biz Kloppning ham yanada moslashuvchan, ko‘p tarmoqli murabbiyga aylanib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz.

Terma jamoalarda esa ko‘p narsa cheklangan. Murabbiy ixtiyorida faqat o‘sha mamlakat fuqarolari mavjud. Shuningdek, bir millat vakillari qaysidir xususiyat borasida yaqin bo‘ladi – bo‘yi past mamlakat terma jamoasi murabbiyi taktikani shundan kelib tanlashi kerak va hokazo. Xullas, mavjud imkoniyatlardan eng samarali natija chiqarish ehtiyoji murabbiylar uchun yangi g‘oya, falsafa, tendensiya izlashlari uchun yetarli sabab.

Ammo biz kuzatayotgan so‘nggi yirik turnirlar endi bizni boshqacha tendensiya kutayotganini ko‘rsatayotgandek. So‘nggi Yevropa chempioni Portugaliya, jahon chempioni Fransiya, Yevro-2020dagi yetakchi jamoalar – Angliya, Belgiya, yana o‘sha Fransiya. E'tibor bersangiz, bu jamoalardagi umumiylik – alohida, ajralib turadigan uslubning yo‘qligi, ko‘p holatlarda himoyaviy taktikani tanlayotganliklari va ancha pragmatik futbol o‘ynashayotganini ko‘ramiz. Aksincha, ajoyib murabbiy yurishlari, kutilmagan uslublarni Daniya, Chexiya, Vengriya, Avstriya kabi jamoalarda ko‘rmoqdamiz. Nega?

Kecha mag‘lubiyatga uchragan Portugaliya murabbiyi haqida uning Bruno, Felish, Andre Silva, Bernardu, Krishtianu kabi yuqori hujum potensialidan foydalana olmay, himoyaviy o‘yin qurgani tanqid qilinmoqda. Ishoning, ertagayoq Fransiya, Angliya yoki Belgiya mag‘lubiyatga uchrasa, xuddi shunday tanqidlarni o‘qiymiz. Axir Mbappe, De Bryuyne, Maunt, Keyn, Lukaku kabi futbolchilarni biz klublarda ko‘ryapmiz, ularning qanaqa sermahsul o‘ynay olishlarini, gollari va assistlari sonini bilamiz – qanday qilib ulardan foydalana olmaslik mumkin, to‘g‘rimi?

Muammo faqat Santushning Portugaliyasida emasligini e'tiborga olsak, buning bir jamoa, bir murabbiy, bir futbolchiga aloqador holat emasligini tushunish oson. Vaziyat umumiy. Biz klublarda ko‘rayotgan futbolchilarning nomi bor xolos, ularning hech biri bugungi Yevropa chempionatida o‘zi emas. Desham ixtiyorida Mbappe bor, lekin «PSJ»dagi emas, Santush zaxirasida Bruno o‘tiribdi, ammo «MYu»dagi Bruno emas u. Umuman, Yevropa chempionatini alohida bir turnir sifatida qarash, ishtirokchilarni klubdagi o‘yinlar fonida tahlil qilmaslik maqsadga muvofiqroq bo‘ladi.

Xo‘sh, klub murabbiylariga nisbatan terma jamoa murabbiylarini cheklayotgan asosiy faktorlar nima?

Birinchidan, klubda ishlaydigan murabbiyda shunchaki, vaqt ko‘p. Yiliga 50-60tadan o‘yinni barqaror vaqt oralig‘ida o‘ynash katta ustunlik. Tabiiyki, o‘yin tezligi, bog‘lamlar, pozitsion kombinatsiyalar, to‘p nazorati klubda yaxshiroq yo‘lga qo‘yilishi oson.

Ikkinchidan, terma jamoalar o‘rtasidagi turnirlar mavsum boshida emas, oxirida bo‘ladi. Ya'ni klublar tayyorgarlik strategiyasini o‘z manfaatlari asosida, sentabr-aprel davri uchun tashkil etadilar. Natijada terma jamoa ixtiyoriga charchagan, sport formasi pasaygan, jismoniy yuklamalarni ko‘tarish imkoniyati anchagina tushib ketgan holda keladilar.

Uchinchidan, klubda futbolchi yil davomida klub dasturi asosida yashaydi, klub talab qiladigan xususiyatlarni rivojlantiradi, klub tanlagan pozitsiyada o‘ynash iqtidoriga urg‘u beradi, klub aytgan o‘ng yoki chap oyog‘ini ko‘proq shug‘ullantiradi. Diyetadan tortib, individual mashg‘ulotlargacha futbolchi aynan murabbiy istagan variantga kelishi uchun amalga oshiriladi. Klub murabbiyi o‘zi istagan masalliqqa eng yaxshi formada, eng yaxshi jismoniy holatda, eng yaxshi versiyada ega bo‘ladi. Klub murabbiyi bu talabga javob bermagan futbolchini sotib yuborib qutilishi mumkin. Terma jamoada esa, aytaylik, jamoa uchun murabbiy talablariga javob bermaydigan yoki mos kelmaydigan futbolchi agar klub miqyosida yaxshi o‘yin ko‘rsatsa, 20 yoshidan 35 yoshga kirguncha, murabbiyga bosim bo‘lib yuraveradi. Undan «nega falon futbolchi tarkibga chaqirilmayapti» deb har matbuot anjumanida so‘rashadi. Aytaylik, terma jamoamiz murabbiyi Shomurodovdan voz kechib, boshqacharoq uslubda o‘ynaydigan ikki hujumchi bilan yangi jamoa tuza oladimi? Yo‘q, unaqa komfort unda yo‘q. «Jyenoa» murabbiyi esa, shu ishniyam qila oladi.

To‘rtinchidan, klublar futboli umuman futbol olami muhitini diktovka qilayotganliklari tufayli, terma jamoa murabbiylariga katta bosim yuklaydilar. JCh-98da Emi Jake bemalol Kantona, Jinola kabi futbolchilarda voz kechgan, Aragones Raulni olib ketmagan, Roy Kinni Irlandiya murabbiyi turnirga olib ketmagan, 2002 yilgi jahon chempionatida chempion bo‘lgan Skolari tarkibni imkon qadar Yevropada og‘ir mavsum o‘tkazmagan futbolchilardan tuzgan. Ya'ni ilgari terma jamoalar futboli klub musobaqalaridan kam bo‘lmagan darajada e'tiborli bo‘lgani uchun murabbiylar bemalol klublarda o‘tgan mavsumni e'tiborsiz qoldira olardilar.

Hozir buning imkoniyati kam. Klubda zo‘r o‘ynayotgan futbolchi terma jamoaga chaqirilishi, asosiy tarkibda o‘ynatilishi shartdek qabul qilinadi. Desham Benzemani qaytardi, Shvetsiya Zlatanni qaytardi, ammo uning o‘zi jarohat olib Yevroga kela olmadi. Bruno Manchesterda yaxshi o‘ynayaptimi, Santush unga taktikasiga ters bo‘lsa-da, asosiydan joy topib berishga majbur. Aksincha, tarkibda alohida yulduzi bo‘lmagan, imkon qadar muvozanatli bo‘lgan terma jamoalar murabbiylari o‘yinlarga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘ra olyapti.

Beshinchidan, avvallari butun dunyo tomoshabinlarini bir nuqtaga jamlaydigan turnirlar aynan terma jamoalar o‘rtasida kechgan. Futbolchilarning motivatsiyasi ham shunga qarab belgilangan – ham vatan muxlislari oldida o‘zini ko‘rsatish, ham o‘ziga yarasha futbol yarmarkasi yordamida yorqin kelajak, kuchli klubga o‘tishga zamin tayyorlash. Hozir futbolchilarning narxi oshib ketgani tufayli, klublar skautlikka katta e'tibor qarata boshladilar, futbolchilar imkon qadar 16-17 yoshda hatto top-klublarning e'tiboriga tushib ulgurmoqda. Ilgari terma jamoalar musobaqalarida yangi yulduzlarni kashf qilgan bo‘lsak, endi faqat falon klubda biz tanib bo‘lgan yaxshi futbolchining aslida qayerlik ekanini bilib olamiz, xolos. Keyin APL, YeChL kabi turnirlar shu darajada ommalashdiki, endi klublar futboli ham yaxshi sotilmoqda, butun dunyoning e'tiborida turibdi, YeChL yarimfinali JCh yoki Yevro finalidan kam bo‘lmagan auditoriya to‘plamoqda. Shunga yarasha, futbolchilar klublarda motivatsiya muammosiga duch kelmaydi, yulduz bo‘lish uchun to‘rt yilni kutish shart emas. Buning ustiga, haqiqiy ish beruvchi – klub bo‘lgani tufayli, futbolchi ora-sira yig‘iladigan terma jamoa turnirlarida emas, klubda barqaror o‘rniga ega bo‘lishga ko‘proq harakat qiladi. Har qanday YeChL finali har qanday JCh finalidan tezkorroq, tomoshaboproq, kuchliroq bo‘lishi tabiiy.

Demak, agar futbolda yaratilgan eng yaxshi mahsulot yakunda futbol tendensiyasini, rivojini belgilab, tarixda qoladigan bo‘lsa, bu mahsulotni yaxshiroq, kuchliroq, tezroq, motivatsiyaliroq masalliqlarga ega bo‘lgan bozorda, ya'ni klublar futbolida kutishimiz mantiqliroq.

Xulosa qilganda, bu nima degani?

Menimcha, endi terma jamoalar ishtirokidagi turnirlarda o‘ta yuqori temp, o‘ta hujumkor o‘yinni, ayniqsa, top-jamoalardan kutmagan ma'qul. Chexiya – Daniya chorak finali esa, zo‘r bo‘ladi, ishonavering.

Endi futbol yulduzlarining eng yaxshi o‘yinlarini terma jamoa miqyosidagi turnirlarda ko‘rmaysiz. Ha, Ronaldu to‘purar bo‘lishi, Mbappe finalda gol urishi mumkin, lekin klubdagi o‘yinlarining soyasini ko‘rasiz, xolos. Yaxshisi Shik, Mehli, Salai, Klushevskilarning o‘yinidan zavq olavering.

Menimcha, endi top terma jamoa murabbiylaridan futbol kelajagini belgilovchi yangiliklar, ajoyib pozitsion futbol yoki uslubni kutish kerak emas. Fransiyami, Belgiyami, Angliya yoki Germaniyami, qaysi terma jamoa chempion bo‘lsa, uning murabbiyi maksimum o‘zining pragmatik futboli, vaziyatga to‘g‘ri baho berib, natija qo‘lga kiritgani uchun olqishlanadi. 2016 yili Yevropa chempioni bo‘lgan Santush kabi.

Xuddi o‘sha murabbiy chempion bo‘lolmasa, ixtiyoridagi yulduzlardan to‘g‘ri foydalana olmagani, qo‘rqoqlik qilgani, hujumkor o‘yinni tashkil qilish imkoniyatini e'tiborsiz qoldirgani uchun tanqid qilinadi. Hammasi. Xuddi Santush kabi...

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid