Jamiyat | 14:13 / 28.06.2021
3655
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda o‘qishga kiritish uchun fuqarodan 7000 dollar olgan shaxs ushlandi

Samarqand viloyatida oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiritish bilan bog‘liq firibgarlikka chek qo‘yilgan. O‘qishga kiritishini aytib, fuqarodan 7000 AQSh dollari olayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 26 iyun kuni Samarqand viloyat IIBga, R.Sh. va M.M.lar ariza bilan murojaat qilgan. Ular o‘z arizasida Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi «Hasan» va «Akmal» ismli shaxslar R.Sh.ni Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan holda, 7 000 dollar berishini talab qilayotganligini ma'lum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rashgan.

Qayd etilishicha, arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida, Samarqand shahridagi xususiy o‘quv markazi rahbari B.A. xizmat xonasida R.Sh. va M.M.lardan 7 000 dollar pullarni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida uning jinoiy sherigi E.X. qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan, 2021 yil 26 iyun kuni Oqdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid