Jahon | 18:57 / 29.06.2021
9602
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus shtammlari. Qaysisi qanchalik xavfli?

2019 yil oxirida Xitoyda tarqalgan virus o‘tgan vaqt mobaynida butun dunyoni vahimada ushlab turibdi. Juda ko‘pchilik virus qurboni bo‘ldi, millionlab insonlar kasallikni juda og‘ir o‘tkazishdi. Odamzod bu kasallikni ozmi-ko‘pmi o‘rganib, vaksinaga umid bildirib turganida koronavirus mutatsiyalari tahdidni yana ham kuchaytirdi.

Foto: NIAID / NIH / EPA / Scanpix / LETA

Sarlavhadagi savolga javob izlashdan oldin nega zamonaviy texnologiyalar va beqiyos tadqiqotlar davrida olimlar hanuz bu virusga qarshi samarali dori vositasi yarata olishmayotganini tahlil qilib ko‘raylik:

1. 16-18 oy – yangi virusni to‘la o‘rganib olish, uning ma'lum qismlariga halokatli ta'sir qiladigan elementlarni yaratish uchun chindan ham yetarli emas. Bu sabab fanni xijolatli vaziyatdan qutqarib turibdi, deb aytish mumkin.

2. Bu boradagi tadqiqotlar juda qimmat, qaysidir olim yoki olimlar guruhi o‘zicha uni moliyalashtira olmaydi. Davlatlar budjeti esa oldindan rejalashtiriladi. Moliyaviy tomoni hal bo‘lishi masalaning yechimini anglatmaydi. Aksincha, dastlabki qadamlar qo‘yilishining bir belgisi, xolos.

3. JSST mana shunday vaziyatda jilovni qo‘lga olishi kerak bo‘lgan tashkilot sifatida qaralishi o‘zini oqlamadi. Bu tashkilot tavsiyalar berish bilan cheklanib qolgandek taassurot qoldirdi.

4. Dunyo olimlari yagona frontga birikishmadi, insoniyatni ojiz qoldirgan virusga qarshi kurashda hamjihatlik emas, liderlikka intilish kuzatildi. Bu ayniqsa, vaksina tayyorlashda yaqqol namoyon bo‘ldi.

5. Vaksinatsiyaga haddan ziyod umid bildirildi. Holbuki, bu kasallikka qarshi kurashda bir uslub bo‘lib, virusning o‘zini halok qiluvchi kuchli dorilar ikkinchi darajaga tushib qoldi.

Virusning shtammlariga qaytamiz. Ko‘pchilik koronavirusning bir nechtagina shtammi bor, deb o‘ylaydi. Aslida ular juda ko‘p, minglab. Ayni paytda olimlar bir necha ming shtammni aniqlashga muvaffaq bo‘lgan. Yaxshiki, bu shtammlarning hammasi ham keng tarqalmagan. Ana shulardan keng tarqalganlari bir nechta.

Alfa

Dastlabki bir yil insoniyat bu kasallikni hech qanday shtammsiz, yagona virus sifatida bilib keldi. Ammo 2020 yilning dekabrida Alfa-shtamm – SARS-CoV-2 rasman qayd etildi va o‘rganila boshlandi. Bu shtamm dastlab oktyabr oyida Buyuk Britaniyada aniqlangani bois «britancha shtamm» nomini oldi. O‘lim ko‘rsatkichi bu shtammda nisbatan yuqoriligi qayd etildi va vahimaning yangi to‘lqini boshlandi. O‘zbekistonda bu shtamm dastlab 2021 yilning 23 yanvar kuni BAAdan Toshkentga oila a'zolari bilan qaytgan 10 yoshli qizda aniqlangan.

Beta

Ilk bor Janubiy Afrikada aniqlangan bu shtamm SARS-CoV-2 Beta-shtamm deb ataladi. 2020 yilning 18 dekabrida JAR sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlangan bu shtammning o‘ziga xosligi yoshlarni ham birvarakayiga zararlayotgani bilan jiddiy e'tiborga molikligi edi. Aynan mana shu shtamm koronavirusning ikkinchi to‘lqini to‘g‘risidagi gap-so‘zlarga sabab bo‘lgan. Keyinchalik bunday «to‘lqin»lar ko‘payib ketdi.

Gamma

Rasmiy nomi – SARS-CoV-2 Gamma-shtamm. 2021 yilning 6 yanvarida Tokioda aniqlangan bu shtamm Braziliyaga borib kelgan 4 kishida kuzatilgan. Keyinchalik bu shtamm dastlab Amazonka tropik o‘rmonlarida ko‘paya boshlagani ma'lum bo‘ldi.

Braziliya salomatlik vazirligi bu shtammning an'anaviy virusdan uch karra xavfliligini bildirdi.

Delta

Rasmiy nomi – SARS-CoV-2 Delta-shtamm.

2020 yilning oktyabrida Hindistonda aniqlangan bu shtamm 2021 yilga kelib butun dunyoga xavf solmoqda. Joriy yilning aprelidayoq kasallik tez tarqalayotgan hududlarda uning ulushi 60 foizdan ortib ketdi. Sarlavhadagi savolga ham aynan mana shu shtamm javob bo‘la oladi. Ammo buning boshqa jiddiy sabablari bor. Ko‘pchilik Hindistonda shiddat bilan tarqalgan «Qora mog‘or»ni koronavirusning bir shtammi yoki mutatsiyasi deb o‘ylaydi. Aslida bu kasallik azaldan bo‘lgan va zamburug‘lar tomonidan chaqiriladi.

Gigiyena o‘ta past, sanitariya rivojlanmagan, iqlimi o‘ziga xos bu davlatda «qora mog‘or» tarqalishi koronavirus pandemiyasiga qadar ham dunyoning o‘rtacha ko‘rsatkichidan 70 barobar yuqori bo‘lgan. Ammo koronavirus pandemiyasi «qora mog‘or»ni haqiqiy ajal mashinasiga aylantirdi. Koronavirusga chalingan, dorilar ta'siriga tushib qolgan nimjon organizmlar «qora mog‘or»ning oson o‘ljasi bo‘lishdi va minglab odamlar qirilib keta boshladi.

«Qora mog‘or»ning boshqa davlatlarda tarqalish xavfi Hindiston darajasida bo‘lmasligi umid bag‘ishlaydi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid