O‘zbekiston | 20:42 / 30.06.2021
4783
7 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar bandligini ta'minlash uchun amalga oshiriladigan vazifalar belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda yoshlar bandligini ta'minlash uchun e'tibor qaratish kerak bo‘lgan masalalar haqida gapirdi.

«Ma'lumki, bu yil mamlakatimizda maktablar, o‘rta maxsus va oliy ta'lim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yadi. 

Shu bois, yoshlarning bandligini ta'minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Bunda, quyidagi masalalarga alohida e'tibor qaratamiz. 

Birinchidan, har o‘quv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini ta'minlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Dasturda, har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida qancha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, qanchasini ish bilan ta'minlash, nechta startap va tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilanishi shart. 

Bu bizning yoshlar bilan yangicha ishlash bo‘yicha “bandlik”, “innovatsiya” va “investitsiya” dasturimiz bo‘lib xizmat qiladi. 

Viloyat, tuman va shahar hokimlari hamda sektorlar rahbarlari har haftada bir marta yoshlar bilan uchrashib, ularning g‘oya, taklif va tashabbuslarini eshitib, muammolarini hal qilishga mas'ul va javobgar bo‘ladilar.

Ikkinchidan, bugungi kunda oliy ma'lumot talab qiladigan 80 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Misol uchun, transport, geologiya, qishloq xo‘jaligi, madaniyat, sport sohalarida bilim va malakasi yetarli bo‘la turib, oliy ma'lumoti yo‘qligi uchun, minglab yoshlarimiz ishga kira olmayapti. 

Shu bois, joriy yilda oliy ma'lumot talab etadigan kasb va lavozimlar qayta ko‘rib chiqiladi hamda ularning kamida 150tasi bo‘yicha bunday talab bekor qilinadi. Bunday yengillik tufayli, 10 mingdan ortiq yoshlar ishga joylashadi. 

Uchinchidan, maktablarning 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu borada, Andijon viloyatida jami 41 ming maktab bitiruvchilarining 25 ming nafarini kasb-hunarga o‘rgatish orqali, bandligini ta'minlash bo‘yicha tajriba, barcha hududlarda keng qo‘llanilishi kerak.

Bundan buyon, maktab bitiruvchisiga attestat berishda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida bitta kasb yoki hunarni egallash majburiy qoida bo‘ladi. 

Bu tizim davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat ta'lim tashkilotlari bilan birga yo‘lga qo‘yiladi. 

Viloyat, tuman va shahar hokimlari har yili 1 sentyabrga qadar maktablar kesimida 10-11-sinf o‘quvchilarini mehnat bozorida ehtiyoj yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitish ro‘yxati va dasturini mahalliy kengashlarda muhokama qilib, tasdiqlaydi. 

Parlamentimiz palatalari ushbu talabni qonun darajasida mustahkamlashi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

O‘ylaymanki, ushbu tashabbusni barcha ota-onalar qo‘llab-quvvatlaydi. Chunki, kasb-hunar egallagan inson birovga muhtoj bo‘lmaydi, buzg‘unchi g‘oyalarga berilmaydi, hayotda albatta o‘z yo‘lini topadi.

To‘rtinchidan, qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, g‘alladan bo‘shagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi. 

Joriy yilda boshlagan yer islohotimiz doirasida, paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonlarda oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu bilan, viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari uchun yana 500 ming nafar yoshlarni doimiy ish bilan ta'minlash imkoniyati yaratiladi.

Beshinchidan, yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

Bunda, hokimlar va sektor rahbarlari Kasaba uyushmasi va Buxoro viloyati hokimligi boshlagan Olot tajribasini o‘z hududida yo‘lga qo‘yishlari shart.

Oltinchidan, axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida ahamiyat beramiz. Shu maqsadda, joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda yoshlar texnoparklari foydalanishga topshiriladi. 

Kelgusi yili Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona, Xorazm va Surxondaryoda ham shunday texnoparklar barpo etiladi. 

Shuningdek, yoshlarning startap g‘oyalarini saralab olishning ochiq-oshkora tizimi yo‘lga qo‘yilib, eng yaxshi loyihalarni moliyalashtirishga kelgusi yilda budjetdan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratamiz.

Viloyat hokimlari yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap loyihalari tanlovini joriy etib, har bir tumandan kamida uchtadan g‘oliblarga mahalliy budjetdan grantlar berib boradi.

Bitta grantning summasi o‘rtacha 50 million so‘mni tashkil etadi. Bu ishlarni samarali tashkil etishga Axborot texnologiyalari va Innovatsiya vazirliklari, Yoshlar agentligi hamda ularning quyi tuzilmalari mas'ul bo‘ladi.

Yettinchidan, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish va ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab – quvvatlash Milliy bank raisi Mirsoatov va bankning barcha filial rahbarlarini asosiy vazifalaridan bo‘ladi.

Bunda, yoshlarni biznesga o‘qitish, “Loyihalar fabrika”larida yangi g‘oyalar asosida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha doimiy ishlaydigan hamda yoshlarga qulay va qiziqarli bo‘lgan yangi tizimni yaratish zarur.

Shuningdek, bank tomonidan xorijdagi yoshlarimizga Vatanimizga qaytib ishlash, o‘z biznesini tashkil etish, ularni uy-joy sharoitlariga yordam berish yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Ushbu ishlarni moliyalashtirish maqsadida, budjetdan qo‘shimcha 100 million dollar mablag‘ ajratiladi.

Avvalgi forumda ajratilgan 100 million dollar, ayni paytda yosh tadbirkorlar tomonidan o‘zlashtirilmoqda.

Endi Milliy bank, Yoshlar ishlari agentligi, Savdo sanoat palatasi nufuzli xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda, Toshkent shahrida yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish bo‘yicha yangi biznes maktab tashkil etsin», degan davlat rahbari.

Kelgusi yildan ushbu biznes maktabning barcha hududlarda filiallari ochiladi. Ushbu yangi tizimni tashkil etish S. Umrzoqovga yuklatiladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid