O‘zbekiston | 15:02 / 03.07.2021
14968
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istondagi yagona hayvonot bog‘i yopilib ketish arafasida

Ijtimoiy tarmoqda Nukusdagi xususiy hayvonot bog‘ida ayiq suvsiz qoldirilib, tahqirlangani aks etgan videolar tarqaldi. 

Kun.uz muxbiri vaziyatni o‘rganish uchun Nukusdagi hayvonot bog‘iga bordi.

Bog‘ga karantin boshlangandan beri odam kirmay qo‘ygan. Bog‘ning chekkasidagi joyda ayiq saqlanadigan qafas joylashgan ekan. Biz ichkariga kirib, holat aslida qanday bo‘lganligi haqida hayvonot bog‘i egasi Islom Qurboniyozovdan so‘radik.

Uning aytishicha, hayvonot bog‘i Kovid-19 pandemiyasi tufayli bir yarim yildan beri ishlamayapti. 

«Ayiq hech qachon suvsiz qoldirilmagan. Muntazam qarab boramiz. Har kunlik ovqatlari berib boriladi. Videolarda bu boshqacharoq ko‘ringan. Issiqda ayiqqa suv bersak shunday tashlanadi. U yungli hayvon. Tushuning, Nukusda yoz juda issiq. Qishda esa izg‘irin», - deya vaziyatni bizga tushuntirgan bo‘ldi hayvonot bog‘ining egasi.

Hayvonot bog‘i 2017 yilda ochilgan. Zoopark xususiy bo‘lib, kirish bolalar uchun 3 ming so‘m. Kattalar uchun esa 5 ming so‘m qilib belgilangan. 

Hayvonot bog‘i karantin sabab yopilishidan oldin unda 50ga yaqin hayvon turi bor edi. Hozirga kelib 17 xil hayvon qolgan.

«Karantinda juda qiynaldik. Zotdor echki, quyon va shunga o‘xshash hayvonlarni ayiq, sher va bo‘rilarga yem qilishga majbur bo‘ldik. 150 boshga yaqin zotdor echkilarim bor edi. Hozir ko‘rib turganingizdek, 10 tacha qolgan. 100dan ziyod nasldor quyonlarim bor edi. Hozir esa 10 tachayam chiqmaydi. Bir yarim yil hech qanday kirimsiz bu hayvonlarni boqishning o‘zi bo‘lmadi. Hozir ham qiyin. 

Kecha Ekoqo‘mdan ham kelib ketishdi. To‘g‘ri kamchiliklarimiz bor, tan olaman.

Karantinda shu jonvorlarning ovqati uchun ko‘chaga mashinada chiqishim kerak edi. Qoraqalpog‘istondagi hech bir tashkilot bitta stiker muammosini hal qilib bera olmadi. Bormagan tashkilotim qolmadi, o‘shanda. 

Keyin majbur echki, quyonlarni go‘shtxo‘rlarga berdik. Ular tez ko‘payib o‘rni to‘ladi, ammo ayiq va sherlarimni yo‘qotsam keyin topish qiyin. Ahvol shunday qolaversa butunlay yopilib ketishimiz ham mumkin», - dedi Islom Qurboniyozov.

Shu kuni hayvonot bog‘ida ta'mirlash ishlari boshlanganiga guvoh bo‘ldik. U yerdagi jonvorlar uchun qo‘shimcha alohida sharoit qilinmoqda. Kanalizatsiya tizimi ulanib, hayvonlar yozda salqinda, qishda issiq turishi uchun jihozlar o‘rnatilmoqda. 

Bog‘da bir necha qush turlari, bitta ayiq, 4 ta sher, 2 ta bo‘ri, tulki, turli xil o‘txo‘r va boshqa hayvonlarni uchratish mumkin. 

U Qoraqalpog‘istondagi yagona hayvonot bog‘i hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi ayiq videosidan so‘ng holatni o‘rganib xulosa berdi.
«Qush va hayvonlarning saqlanish sharoitlarida kamchiliklar borligi aniqlanib, ushbu kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berildi. O‘rganish davomida hayvonot bog‘i rahbari
mutaxassislar tomonidan ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni belgilangan muddatda bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirildi», deyiladi xulosada. 

Ma'lum qilinishicha, Qoraqalpog‘iston Ekologiya qo‘mitasi tomonidan noqonuniy ravishda ovlangan va ashyoviy dalil sifatida olingan hayvonlar hamda qushlar beg‘araz yordam sifatida Nukus shahridagi hayvonot bog‘iga topshirilmoqda.

Mavzuga oid