Italiya Belgiyadan o‘tdi, Angliya Ukrainani tor-mor etdi va Daniyani kutmoqda. 1/4 finalning asosiy voqealari
Yevropa chempionatida to‘rt jamoa qoldi.

Ispaniya Shveytsariyaga qarshi o‘yinni asosiy vaqtda hal qila olmadi va penaltilar seriyasida omad evaziga g‘alaba qozondi, Italiya Belgiyani mag‘lub etdi — endi Londondagi ilk yarimfinal 2012 yilgi Kiyev yarimfinali takrori bo‘ladi.
Daniya Chexiya to‘sig‘idan o‘tdi, Angliya esa Ukrainani tor-mor etdi — «Uembli»dagi ikkinchi yarimfinalda bu turnirning asosiy sensatsiyasi mualliflari va turnirning hal qiluvchi qismi mezbonlari to‘qnashadi.
Shveytsariyadan yana bir seriya
Shveytsariya — Ispaniya — 1:1 q.v. (0:1, 1:0, 0:0). Penalti — 1:3
Gollar: Zakariya, 8 — avtogol (0:1). Shaqiri (Froyler), 68 (1:1).
Penaltilar seriyasi: Buskets — 0:0 (ustun). Gavranovich — 1:0. Olmo — 1:1. Sher — 1:1 (darvozabon). Rodri Ernandes — 1:1 (darvozabon). Akanji — 1:1 (darvozabon). Moreno — 1:2. Vargas — 1:2 (xato). Oyyarsabal — 1:3.
Shveytsariya: Zommer, Akanji, Elvedi, Rodriges, Vidmer (Mbabu, 101), Froyler, Zakariya (Sher, 101), Embolo (Vargas, 23), Shaqiri (Sou, 81), Tsuber (Fassnaht, 90+2), Seferovich (Gavranovich, 82).
Ispaniya: Simon, Aspilikueta, Lyaport, Pau Torres (Tiagu Alkantara, 113), Jordi Alba, Koke (M.Lorente, 90+1), Buskets, Pedri (Ernandes, 119), Torres (Oyyarsabal, 91), Morata (Moreno, 54), Sarabiya (Olmo, 46).
Ogohlantirishlar: Vidmer, 67. Lyaport, 90+3. Gavranovich, 120+1.
Chetlatish: Froyler, 77 (qo‘pollik).
Hakamlar: Oliver. Bennett, Bert (barchasi — Angliya).
VAR: Kavana. Bets (ikkisi — Angliya), Dingert (Germaniya), Attuell (Angliya).
2 iyul. Sankt-Peterburg. «Gazprom Arena» stadioni. 24764 tomoshabin.
Ispaniya Yevro-2020ning Sankt-Peterburgdagi qismini yopib berdi va yana bir sensatsiya ro‘y berishiga yo‘l qo‘ymadi. Shveytsariya pley-offda qatorasiga ikkinchi o‘yinni penaltilar seriyasiga olib bordi, ammo ikkisida ham g‘alaba qozonib Yevropa chempionati tarixiga kirish imkonidan foydalana olmadi. Fransiyaga qarshi o‘yinda ikki to‘p farqi bilan ortda boraturib, hisobni tenglashtirgan Vladimir Petkovich jamoasi yana bir favoritni qo‘shimcha bo‘limlarda ter to‘kishga majbur qildi.
Ispaniya birinchi bo‘limda tezkor gol urdi, Alba hujumga qo‘shilganida Zakariya to‘pni Zommer darvozasiga yo‘llab qo‘ydi. Bu Yevro-2020dagi o‘ninchi avtogol bo‘ldi — bu avvalgi chempionatlarda urilgan barcha avtogollar sonidan (9) va bir yevroturnirdagi eng yaxshi to‘purarning gollari sonidan (9 - Mishel Platini) ko‘proq.
Shveytsariya ikkinchi bo‘limda raqibning xatosidan foydalandi (Shaqiri gol muallifi), ammo ko‘p o‘tmay bir kishi kamchilik bo‘lib qoldi (Froylerning chetlatilishi bahsli bo‘ldi) va penaltilar seriyasigacha turib berdi (diskvalifikatsiya tufayli o‘ynay olmagan Chaka yana nutq irod etdi). Unai Simon ispanlarni yarimfinalga olib chiqdi va Zommerdan ko‘ra ko‘proq zarbani qaytarib, bu oqshomning eng yaxshi futbolchisiga aylandi.
Italiyaning rekord g‘alabasi
Belgiya — Italiya — 1:2 (1:2)
Gollar: Barella (Verratti), 31 (0:1). Insine, 44 (0:2). Lukaku, 45+2 — penalti (1:2).
Belgiya: Kurtua, Vertongen, Vermalen, Alderveyreld, Mene (Shodli, 69. Prat, 73), Vitsel, Tilemans (Mertens, 69), Doku, De Breyne, Azar, Lukaku.
Italiya: Donnarumma, Di Lorenso, Kellini, Bonuchchi, Spinatssola (Emerson, 79), Barella, Jorjino, Verratti (Kristante, 74), Keza (Toloy, 90+1), Immobile (Belotti, 74), Insine (Berardi, 79).
Ogohlantirishlar: Verratti, 20. Tilemans, 21. Berardi, 90.
Hakamlar: Vinchich. Klanchnik, Kovachich (barchasi — Sloveniya).
VAR: Dankert. Gittelmann, Frits (barchasi — Germaniya), Gil (Polsha).
2 iyul. Myunxen. «Allyans Arena» stadioni. 12984 tomoshabin.
Yevro-2020ning asosiy ikki favoriti uchrashuvida Italiya Belgiyadan ustun keldi. Roberto Manchini jamoasi o‘yinni nazorat qildi, o‘z faolligi va pressingi bilan raqibga o‘yin bermadi, qarshi hujumlarda ildamroq harakat qildi, raqib hujumlarini to‘xtatdi va vaziyatlardan foydalandi.
Myunxenda kechgan chorak finalidagi barcha gollar tanaffus arafasidagi 15 daqiqalikda kiritildi. Barellaning goli barchani oyoqqa turg‘azdi, jumladan, hujum vaqti ayyorlik bilan darvoza oldiga yiqilib olgan Immobileni ham. Insine esa yana bir chiroyli yurishini chiroyli zarba bilan yakunlab hisobni ikkitaga oshirdi. Lukaku penaltidan hisobni qisqartirdi, u ikkinchi bo‘limda yana bir gol urishga yaqin keldi. Ammo Spinatssola forvardning zarbasini darvoza chizig‘i oldida orqa turgan holda to‘sib qoldi. Lekin ushbu qahramon himoyachi keyinroq og‘ir jarohat olib, turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Belgiya o‘z oltin avlodi bilan yana bir yirik turnirni finalga yetib bormasdan yakunladi. FIFA reytingidagi yetakchi, turnirning asosiy favoriti sanalgan Roberto Martines jamoasi kerakli pallada o‘zining eng kuchli o‘yinini ko‘rsata olmadi. Jarohatlangan Eden Azar jamoa turnirni tark etishini zaxiradan kuzatdi, De Breyne esa og‘ir jarohati bor bo‘laturib, maydonda oxirigacha kurashdi.
Italiya rekordlar qo‘yishda davom etadi: bu safargi Yevropa chempionati siklida qatorasiga 15 g‘alaba (belgiyaliklar 14da to‘xtashdi), shundan beshtasi — turnirning final bosqichida. Shuningdek, Manchini jamoasi mag‘lubiyatsiz seriyasini 32 o‘yinga yetkazib qo‘ydi (bu borada jahon rekordi Braziliya va Ispaniyada — 35tadan).
Daniya yana yarimfinalda
Chexiya — Daniya — 1:2 (0:2)
Gollar: Dileyni, 5 (0:1). Dolberg, 42 (0:2). Shik, 49 (1:2).
Chexiya: Vatslik, Tsoufal, Kalas, Chelustka (Brabets, 65), Borjil, Holesh (Yankto, 46), Souchek, Barak, Masopust (Krmenchik, 46), Shevchik (Darida, 80), Shik (Vidra, 79).
Daniya: Shmeyxel, Vestergor, Kristensen (Andersen, 81), Ker, Stryuger Larsen (Vass, 71), Heyberg, Dileyni (Yyensen, 81), Mehle, Breytueyt, Dolberg (Poulsen, 59), Damsgor (Nergor, 60).
Ogohlantirishlar: Krmenchik, 84. Kalas, 86.
Hakamlar: Kaypers. van Rukel, Zaynstra (barchasi — Niderlandiya).
VAR: van Bukel. Blom (ikkisi — Niderlandiya), Meli, Irrati (ikkisi — Italiya).
3 iyul. Boku. Olimpiyskiy stadioni. 16306 tomoshabin.
Daniya Bokudagi o‘yinda Chexiyani mag‘lub etdi. Kasper Hyulmand shogirdlari Rossiya (4:1) va Uels (4:0) ustidan qozonilgan yorqin g‘alabalar ortidan yana bir muhim o‘yinni o‘z foydalariga hal etishdi. Shimolliklar 29 yil ichida ilk bor yirik turnir yarimfinaliga chiqishdi, bundan yuqori natija faqat 1992 yilda qayd etilgan — o‘shanda tasodifan turnirga kelib qolgan daniyaliklar Yevropa chempioni bo‘lishgandi.
Daniyaliklar burchak zarbasidan keyin tezkor gol urishdi, bu vaziyatda Dileyni raqib jarima maydonida bo‘sh qoldirilgandi. Tanaffus arafasida ikkinchi gol urildi — Mehlening qanotdan bergan ajoyib pasini 1/8 finalda uelsliklarga dubl qilgan Dolberg darvozaga joylab qo‘ydi.
Chexlar birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda hisobni qisqartirishdi, Shik o‘ziga xos tarzda Shmeyxel qo‘riqlayotgan darvoza oldiga yorib kirib, turnirdagi beshinchi golini urdi. Ushbu forvard Yevro-2020 to‘purarlari ro‘yxatida Ronaldu bilan tenglashib oldi, ammo u endi gollari sonini oshira olmaydi. Daniyaliklar ikkinchi bo‘limda g‘alabali hisobni saqlab qolishga erishdi.
Angliyada yirik g‘alaba
Ukraina — Angliya — 0:4 (0:1)
Gollar: Keyn, 4 (0:1). Maguayr, 46 (0:2). Keyn, 50 (0:3). Xenderson, 63 (0:4).
Ukraina: Bushchan, Zabarniy, Matviyenko, Krivsov (Tsigankov, 35), Karavayev, Sidorchuk (Makarenko, 64), Zinchenko, Shaparenko, Mikolenko, Yaremchuk, Yarmolenko.
Angliya: Pikford, Uoker, Maguayr, Stouns, Shou (Tripper, 65), Sancho, Maunt, Rays (Henderson, 57), Fillips (Bellingem, 65), Sterling (Reshford, 65), Keyn (Kalvert-Lyuin, 73).
Hakamlar: Brih. Borsh, Lupp (barchasi — Germaniya).
VAR: Frits. Gittelmann, Dingert, Dankert (barchasi — Germaniya).
3 iyul. Rim. Olimpiyskiy stadioni.
Angliya Rimdagi o‘yin tanaffusidan keyin Ukraina darvozasiga gollarni qatorlashtirdi va yirik hisob bilan yarimfinalga chiqdi. Andrey Shevchenko jamoasi birinchi bo‘limdagi o‘yinini davom ettirmoqchi bo‘ldi, ammo himoya chizig‘i vakillari xatolari o‘yin taqdirini tezda hal qildi.
Angliya safida Yevro-2020 o‘yinlarida shanba kuniga qadar faqat ikki futbolchi gol urgandi: Sterling — uchta, Keyn esa nimchaork finalda Germaniyaga qarshi o‘yinda terma jamoaning turnirdagi to‘rtinchi golini urib, masalani hal qilgandi. Bungacha 4 o‘yinda jami 4 gol urgan Garet Sautgeyt jamoasi ukrainlar darvozasiga bir o‘yinda yana shuncha gol yo‘lladi. Sterling va Keyn 4-daqiqadayoq tezkor golni uyushtirishdi, tanaffusdan keyin Sterlingning tovoni orqali pas qabul qilib olgan Shou qanotdan Maguayrning boshiga to‘pni qo‘ndirib berdi, shu ishni Keyn bilan ham takrorladi, ko‘p o‘tmay Henderson Mauntning burchakdan uzatgan to‘pini darvozaga joyladi. Bir o‘yinda bosh bilan uchta gol — bu Yevropa chempionati rekordi.
Sautgeyt jamoasi Yevro-2020da birorta gol o‘tkazmagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda. Inglizlar Londonga qaytadi, ular futbolni uyiga qaytarishmoqda. Barcha hal qiluvchi o‘yinlarga «Uembli» mezbonlik qiladi: birinchi yarimfinalda 6 iyul kuni Italiya va Ispaniya o‘ynaydi, ikkinchisi — 7 iyul kuni Angliya va Daniya o‘rtasida o‘tkaziladi.
Mavzuga oid

10:03 / 25.03.2025
JCh-2026 saralashi. Angliyada yirik g‘alaba, yangilangan Litvadan ajoyib kambek va boshqa natijalar

15:50 / 18.07.2024
Messi bilan suratga tushishni istamagan bola, farroshning o‘g‘li va noodatiy oyoqlar. Yevropaning yangi chempionlari haqida qiziqarli faktlar

11:34 / 15.07.2024
Ispaniya - mutlaq chempion! Yevroda eng munosib jamoa g‘olib chiqdi

20:54 / 14.07.2024