Sport | 15:50 / 18.07.2024
20008
14 daqiqa o‘qiladi

Messi bilan suratga tushishni istamagan bola, farroshning o‘g‘li va noodatiy oyoqlar. Yevropaning yangi chempionlari haqida qiziqarli faktlar

Ispaniya milliy jamoasining ko‘plab futbolchilari qiziqarli biografiyaga ega.

Foto: Sport-Ekspress

Ispaniya milliy jamoasi rekord darajada to‘rtinchi bor Yevropa chempionatida g‘alaba qozondi. Yevro-2024 finalida «Qizil furiya» Niko Uilyams va Mikel Oyyarsabalning gollari evaziga Angliyani mag‘lub etdi (2:1). Jamoaning qator futbolchilari yuqori darajaga chiqqunicha mashaqqatli mehnat va qiyin pallalar yo‘lini bosib o‘tgan. Quyida Yevropaning yangi chempionlari to‘g‘risidagi dramatik va ba’zi hollarda kulgili tarixlar keltiriladi.

Messi olti oylik Yamalni bolalar vannasida cho‘miltirgan

Yevro vaqtida Laminning otasi turnirning eng yaxshi assistentining (to‘rtta golli pas) bolaligida ro‘y bergan ajoyib voqeani esladi. Yamal yarim yoshligida (2007 yil dekabr) Lionel Messi bilan fotosessiyada ishtirok etgan, uni «Barselona»ning o‘sha vaqtdagi titul homiylari Diario Sport va YUNISEF uyushtirgandi. Tashkilot bolalar himoyasi bilan shug‘ullangan va shuning uchun fotosessiyada jamoa futbolchilari bilan birga chiqishi uchun Kataloniyaning qashshoq hududlaridan nomzod chaqaloq qidirgan.

Ulardan biri olti oylik Yamal edi. Uning ota-onasi fotosessiyada ishtirok etishga nomzodlar tanlovida g‘olib chiqadi. Messi mitti Laminni bolalar vannasida cho‘miltirayotgani aks etgan surat shunday yaraladi. Fotosuratchi Joan Monfort bu obrazni o‘z qizini cho‘miltirayotgan chog‘da o‘ylab topganini aytgan. Bu «Barselona»ning ikki eng iste’dodli tarbiyalanuvchisining ajabtovur uchrashuvi bo‘lgandi.

Rodri faoliyatining ilk davrida yotoqxonada yashagan

Ushbu yarimhimoyachi bolaligidan ko‘p vaqtni nafaqat futbolga, balki o‘qishga ham ajratgan — hatto ingliz tilini o‘rganish uchun AQSh va Irlandiyaga borgan. U professional faoliyatini boshlaganidan keyin ham ta’lim olishni to‘xtatib qo‘ymagan. 2013 yilda u «Vilyarreal»ga qo‘shiladi va ikki yil o‘tib la ligada debyut qiladi. O‘shanda Rodri 19 yoshda bo‘lgan va u hamon Kastiliya universitetida biznes boshqaruvi bo‘yicha tahsilni davom ettirayotgandi. Bu vaqtda futbolchi o‘quv muassasasi yotoqxonasida yashagan hamda bu bilan guruhdoshlarini hayron qoldirgan.

Niko Uilyamsning ota-onasi Sahroyi Kabirni piyoda kezib o‘tgan

Yevro finalidagi birinchi gol muallifining ota-onasi Liberiyadagi fuqarolik urushi va qashshoqlikdan qochib, tinch va farovon hayot izlab yo‘lga chiqqan afrikaliklar edi. Ular qora qit’aning eng shimoliy nuqtasi va Ispaniya hududi hisoblangan Melilya shahriga yetib olish uchun Afrikaning qariyb yarmini piyoda yurib o‘tadi. Bu yo‘lning katta qismi o‘lim xavfiga to‘la bo‘lgan Sahroyi Kabir bo‘ylab o‘tardi — ushbu sayohat davomida Nikoning otasi oyoqning pastki qismida sezuvchanlikni yo‘qotadi. Ular Ispaniya chegarasidan o‘tganida esa qamoqqa tashlanadi — faqat advokat ularga qamoqdan chiqish va Ispaniyada qolishda yordam beradi.

«Ular tom ma’noda butun yo‘lni piyoda holda bosib o‘tishgan, — deya hikoya qiladi Nikoning akasi Inyaki. — Onam ularning hamrohlaridan ko‘pchiligi bu sinovlarga bardosh berolmagani va ularni sahroning o‘zida dafn etishga to‘g‘ri kelganini aytib bergan. U shuningdek yaxshi hayot istab Ispaniyaga yoki boshqa mamlakatlarga yo‘l olgan odamlarni tunagan qaroqchilar haqida aytib bergan. Ular shunday odamlar bilan ham to‘qnashgan».

Dani Olmo bolaligida Messi bilan suratga tushishdan bosh tortgan va 16 yoshida Xorvatiyaga ketib qolgan

Yevro-2024 chempionatining eng yaxshi to‘purarlaridan biri «Barselona» akademiyasi yulduzlaridan biri edi — u 16 yoshida o‘z yosh toifasidagi guruh sardori edi va «La Masiya» rahbariyati unga katta umid bildirardi. Ammo o‘smir Olmo otasi bilan maslahatlashganidan keyin futbolchilik faoliyatining davomi uchun o‘ta noodatiy qaror qabul qilib, «Barsa» bilan shartnomasi yakunlangach, o‘yin amaliyoti uchun Xorvatiyaga yo‘l oladi. Kataloniyaliklar ushbu yigitchani olib qolishni istashgandi, qolaversa, unga «Manchester Siti» va «Manchester Yunayted» kabi klublar qiziqish bildirgandi. Ammo Dani barcha top-klublardan ko‘ra Zagrebning «Dinamo» klubini afzal ko‘radi.

Yakunda ushbu ispan Xorvatiyada besh yildan ortiq vaqt o‘tkazib, ushbu mamlakatga mehr qo‘yadi — uni o‘zining ikkinchi vatani deb atab, mahalliy tilni o‘rganadi hamda yugoslav urushlari tarixini o‘rganishga qiziqib qoladi. Bu vaqtda esa «Barselona»dagilar ko‘zlariga ishonmasdi: ular ota va o‘g‘ilni ahmoqlar deb atab, katta Olmoni bolakayning karerasini barbod qilishda ayblashadi.

«Ular Daniga qo‘ng‘iroq qilishgan, yozishgan: «Qayoqqa g‘oyib bo‘lding? Sen nimalar qilyapsan?», — deya xotirlaydi xorvatiyalik agent Endi Bara.

Danining bolaligida yana bir ajabtovur voqea ro‘y bergandi. U sakkiz yoshida Barselonaga qo‘shni bo‘lgan Kasteldefelse shaharchasidagi turnirda ishtirok etadi — germaniyalik bolalarga qarshi o‘yin bo‘layotgan stadionga kutilmaganda barcha kataloniyalik bolalar kumiri bo‘lgan Lionel Messi tashrif buyuradi. Olmoning otasining do‘sti bolakayni suratga tushishga chaqiradi, ammo u rad etadi — unga maydonda to‘p o‘ynash qiziqroq edi. Buni kutmagan erkak esa qariyb kuch ishlatgan holda uni argentinalikning yoniga sudrab olib keladi. Suratga tushishdan keyin bolakay Messiga biror so‘z demasdan yana maydonga chopib ketadi.

Nacho 12 yoshidan qandli diabet bilan og‘rib keladi

«Real» sardori bolaligidayoq futbol bilan xayrlashishi mumkin edi. 12 yoshida — o‘shanda Nacho Fernandes allaqachon blankoslar akademiyasida shug‘ullanardi — unga qandli diabet tashxisini qo‘yishadi va sport bilan shug‘ullanishni taqiqlashadi. Kichik ispanning faoliyatini oila shifokori saqlab qoladi, u endi bolakayga ko‘proq jismoniy yuklama kerakligini aytadi.

«Bir turnirdan qaytgandim, butun hafta qiyin o‘tgandi: juda chanqagandim, juda ko‘p suv ichdim va tez-tez hojatxonaga chopardim, — deya hikoya qiladi Nacho. — Onam meni shifoxonaga olib bordi — menda diabet aniqlandi, qonimda shakar miqdori juda yuqori edi. Bu juma kuni edi, menga futbolni unutishim kerakligini aytishdi. Bundan yomonroq yangilikni tasavvur qilib bo‘lmasdi va men butun dam olish kunlari shu bilan yashashim kerak edi. Dushanba kuni esa men oilaviy shifokorimizga bordim va u menga buning aksini aytdi: men sport bilan ko‘proq shug‘ullanishim va hech qanaqasiga futbolni tashlamasligim kerakligini. Buni eshitib men baxtdan yettinchi osmonga chiqqandek bo‘ldim. Ammo bundan buyon men o‘zimga ko‘proq g‘amxo‘rlik qilishim talab etilardi».

Xesus Navasning ruhiy muammolari

Ispaniyalik futbolchi ko‘p yillar davomida ichki qo‘rquvini yenga olmay yashaydi. 2006 yil yozida iste’dodli Xesus Sevilyani tark etish va yashash joyini o‘zgartirishdan qo‘rqqani tufayli «Chelsi»ga o‘tishdan bosh tortgan. Ruhiy muammolarning ilk xuruji futbolchiga 18-19 yoshlarida yog‘iladi — safar o‘yinlariga borganida asablari dosh bermay uyg‘onib ketar, uyqusizlikdan qiynalar va hatto yuragida muammolar paydo bo‘lardi. Istiqbolli futbolchi «Chelsi»dan keyin «Arsenal» va «Real»ga ham rad javobini beradi. Avvaliga u hatto Ispaniya milliy jamoasi yig‘inlariga borishdan ham qo‘rqqan.

Keyin esa shifokorga uchrab, muammoni hal qilishga kirishadi. Unda agorafobiyaning og‘ir shakli aniqlanadi — bu odamlar gavjum joylar, shovqin va uydan uzoqda bo‘lishdan qo‘rqish tashxisi edi. Qaysidir pallalarda Xesusga safarlarda u bilan bir xonada yashagan Serxio Ramos ko‘z-quloq bo‘lgan va uning yonidan jilmagan. Navas ko‘p vaqt davomida psixologlar bilan ishlagan va tuzala boshlagan: 27 yoshida esa ota-onasidan ajralib chiqib, oila quradi va nihoyat «Sevilya»ni tark etadi. Uning yangi klubi «Manchester Siti» bo‘ladi, ushbu klub Xesus kelishi uchun jiddiy ish olib borgandi — ispaniyalik futbolchi oilasi bilan birga ko‘chib kelishi uchun sharoit yaratgan, hatto uning akasi Markoni Manchesterning «Beri» klubiga joylashtirib, ularning yaqin bo‘lishini ta’minlagandi.

Kukurelyaning onasi u futbol maydonida ajralib turishi uchun sochini uzun o‘stirgan

Uzun soch himoyachi — Ispaniya jamoasining tashqi ko‘rinishi bilan yaqqol ajralib turadigan futbolchisi. Mark bolaligidan uzun sochlarga ega bo‘lgan. Avvaliga uning onasi shu tarzda uni futbol maydonidagi boshqa bolalardan oson farqlashni xohlagan, ulg‘aygach esa Kukurelyaning o‘zi ham imijini o‘zgartirishni istamagan.

Fabian Ruisning onasi o‘g‘lining karerasini saqlab qolish uchun «Betis» akademiyasida farrosh bo‘lib ishlagan

Yevroning eng yaxshi yarimhimoyachilaridan birining bolaligi og‘ir o‘tgan. Fabian sakkiz yosh ekanida otasi oilani tashlab ketadi — ona uch bola bilan yolg‘iz qoladi. Bu vaqtda Fabian «Betis» akademiyasida shug‘ullanishni boshlagandi, ammo mashg‘ulotlarga borish uchun bir soatga yaqin vaqt ketardi. Yolg‘iz ona bu vaqtni ajratishga juda qiynalardi, chunki yana ikki farzandiga qarashi va ularni boqish uchun ishlashi kerak edi.

Mitti futbolchiga klubi yordamga keladi — «Betis» onasi uni har kuni muammosiz mashg‘ulotga olib kelishi uchun unga farroshlik ishini taklif qiladi. Yakunda ayol bu lavozimda 14 yil davomida ishlaydi va faqat o‘g‘li uni ta’minlay boshlaganidan keyingina ishdan ketadi.

«Men uyatchan bolakay edim, ammo u farrosh bo‘lib ishlashi menga g‘alati tuyulmasdi, — deya xotirlaydi Ruis. — Bu ham boshqa har qanday ish kabi ish. Ha, onam har kuni men va do‘stlarim oldida bo‘lishi noodatiy hol edi, ammo men buni g‘urur bilan qabul qildim. Onam — mening kumirim».

Ispaniyalik muxlislar Moratadan nafratlanishgan

«Qizil furiya» sardori — milliy jamoa safidagi eng ko‘p tanqidga uchragan futbolchi edi. O‘tgan safargi Yevropa chempionati vaqtida hujumchi manziliga tonnalab nafrat yog‘diriladi: 2021 yilda Alvaro uch gol urgandi, ammo ispaniyalik muxlislar uni vaziyatlardan foydalana olmagani uchun tinch qo‘yishmaydi. Fanatlar futbolchiga, uning rafiqasi va hatto bolalariga o‘lim tilashadi. Ispanlar Morataga hushtakbozlik qilishadi va uning ruhiy holatini masxara qilishadi — Polsha bilan o‘yindan keyin forvard to‘qqiz soat mobaynida uxlay olmaydi, chunki Ispaniyaning o‘yindagi yagona golini urganiga qaramay, tanqidlarning ulkan oqimiga uchraydi. U keyinroq yarimfinalda Italiyaga qarshi penaltilar seriyasida ham hal qiluvchi zarbada xatoga yo‘l qo‘ygach, yanada qattiqroq tanqid qilinadi.

Bu Yevroda ham vaziyat shunga o‘xshash edi. Turnir boshlanishidan oldin uning chaqirilishi xato ekanini aytishdi, uning ustidan kulishdi, tanqid qilishdi va jamoa usiz yaxshiroq o‘ynashini aytishdi. Alvaro esa bundan qattiq ranjidi.

«Meni qattiq tanqid qilishmoqda, holbuki Yevroda g‘olib chiqish uchun men qo‘limni kesib berishga tayyorman, — deya norozilik bildiradi u. — Ispaniyada men chindan ham o‘zimni baxtiyor his qilishim qiyin».

Endi u yana Italiyaga, bu safar «Milan» klubiga qaytmoqda.

Oyyarsabal oyoqlarining ulkan hajmi uchun kulgili laqab olgan

Finaldagi g‘alaba goli muallifi Mikel Oyyarsabal antiqa oyoqlarga ega — hujumchining oyoqlari 47-o‘lchamda. Shu bilan birga, uning bo‘yi u qadar baland emas — 181 santimetr. «Real Sosiyedad» tarbiyalanuvchisi Qora odam laqabini olgani bejiz emas. Bunday uzun oyoq bilan Mikel finaldagi gol urilgan vaziyatda ofsaydga tushmay qolgani ham ajablanarli — uni «o‘yindan tashqari» holatdan bir necha santimetr ajratib qolgan.

Mavzuga oid