O‘zbekiston | 14:22 / 04.07.2021
101690
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda anomal issiq bo‘lishi kutilmoqda. Hukumat shoshilinch choralar ko‘rishga kirishdi

O‘zbekistonda yangi hafta boshida 48 darajagacha issiq bo‘lishi mumkin.

O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida 6-8 iyul kunlari Eron hududlaridan kirib kelgan issiq havo massalarining «faol bosqichi» kuzatiladi. Bu haqda gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo bashoratlari, tadqiqotlar yoritib boriladigan UzbMeteo Telegram kanalida xabar qilingan.

Qayd etilishicha, 8 iyul kuni janub voha hududlarida havo harorati maksimal 48 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Baland tog‘liklarda mavjud qor va muzliklarning faol erishi ortidan, ayrim daryolarda suv oqimi ko‘payishi kutilmoqda.

Qolgan sohalarda anomal issiqning ma'lum ta'siri seziladi.

Kun.uz manbasi xabar qilishicha, O‘zbekiston hukumati iyul oyining birinchi yarmida O‘zbekistonga issiq havo oqimi kirib kelishi oqibatida hududlarda ob-havo harorati o‘ta keskin ko‘tarilishi kutilayotgani munosabati bilan shoshilinch choralar ko‘rishga kirishdi.

Prezident administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov tomonidan imzolanib, bosh vazir A.Aripov va uning o‘rinbosarlari, viloyatlar hokimlari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga yo‘llangan topshiriqda favqulodda vaziyatda aholi salomatligini himoya qilish, havo harorati keskin ko‘tarilishi oqibatida yuzaga keladigan noxush holatlarning oldini olish maqsadida shoshilinch tarzda tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilishi zarurligi ko‘rsatilgan.

Xususan, tuman va shaharlar hokimliklari, mutasaddi tashkilotlar va idoralarda doimiy navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, zarur kuch-vositalar va maxsus texnikalarning to‘liq shayligini ta'minlash, aholi salomatligini muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni belgilash; OAV va ijtimoiy tarmoqlarni keng jalb etgan holda aholini o‘z salomatligini asrashi uchun hushyor bo‘lishga chaqirish, jumladan issiq havodan himoyalanish, ko‘proq suyuqlik iste'mol qilish, zarurat bo‘lmagan hollarda uydan tashqarida yurmaslik, ayniqsa surunkali kasalligi bo‘lgan, dispanser nazoratida turuvchi bemorlar, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalarni himoyalash yuzasidan keng tushuntirish ishlarini tashkil etish; davolash-profilaktika muassasalarida issiq havo oqibatida surunkali kasalliklari xuruj qilishi mumkin bo‘lgan toifalarni e'tiborga olib, tegishli koyka-o‘rinlar va dori vositalari zaxiralarini yetarli miqdorda shakllantirish; umumiy ovqatlanish korxonalarida ovqatlarni tayyorlash va saqlash, bozorlarda va oziq-ovqat mahsulotlari sotuvchi savdo shoxobchalarida mahsulotlarni tashish va saqlash qoidalariga qat'iy rioya etish, aholining buzilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan ommaviy zaharlanishining oldini olish yuzasidan nazorat ishlarini kuchaytirish bo‘yicha vazifalar berilgan.

Daryo va ko‘llar, aholi dam olish maskanlarida xavfsizlik masalalarini kuchaytirish, buning uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchlarini to‘liq safarbar etish, bolalar lagerlari, dam olish oromgohlari va sihatgohlarda keskin issiq ob-havodan himoyalanish va xavfsizlik choralarini kuchaytirish, bunda kun tartibiga qat'iy rioya qilish, ochiq osmon ostidagi mashg‘ulotlarni cheklash, bolalarga kun davomida jismoniy yuklamani imkon qadar kamaytirish va toza ichimlik suvi bilan ta'minlash, oromgohlarda sanitariya-gigiyena qoidalari va me'yorlariga qat'iy amal qilish ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi ta'kidlangan.

Energetika tarmoqlari, jumladan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta'minoti tizimlarining barqaror ishlashini ta'minlash, barcha darajadagi energetika va kommunal xizmat ko‘rsatish tashkilotlarida tun-u kun navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, avariya holatlari oldini olish va tezkor bartaraf etish choralarini ko‘rish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan soha mutaxassislari, dehqonlar va olimlarni jalb qilib, ekinlarni va yaratilgan hosilni saqlab qolish choralarini ko‘rish topshiriq qilingan.

Qolaversa, noodatiy issiq havo natijasida kuchli yomg‘ir yog‘ishi ehtimolini inobatga olib, joylarda sel toshqinlari xavfining oldini olish choralarini ko‘rish, tog‘ va tog‘ oldi hududlardagi yorib chiqishi mumkin bo‘lgan yuqori tog‘ ko‘llari bo‘yicha sel yo‘llari holatini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Mavzuga oid