Jamiyat | 18:27 / 07.07.2021
9128
2 daqiqa o‘qiladi

Bola asrab olish huquqi kimlarga berilishi aniqlashtirilmoqda

Oliy Majlis deputatlari “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qilmoqda.

Loyiha 6 iyul kuni birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Unga ko‘ra, Oila kodeksida farzandlikka olishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatini o‘zgartirish ko‘zda tutilmoqda. Muqaddam qasddan jinoyat sodir etgan shaxslarga qo‘yilgan farzandlikka olish taqiqini bekor qilib, qilmishning ijtimoiy xavfliligi darajasiga qarab shaxsga farzandlikka olishni taqiqlash qoidasi joriy etilmoqda.

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash, jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar hamda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga farzandlikka olish taqiqlanmoqda.

Qonun loyihasi bilan farzandlikka olish vaqtidan oldin 1 yil davomida doimiy daromadga ega bo‘lmagan yoki oylik ish haqi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lgan shaxslar va Sog‘liqni saqlash vazirligi ro‘yxati asosida farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslarning farzandlikka olishga bo‘lgan huquqlari ham cheklanyapti.

Yalpi majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid