Jahon | 10:01 / 08.07.2021
13169
3 daqiqa o‘qiladi

Haiti prezidentining ehtimoliy qotillari qo‘lga olindi

Foto: AP

Haiti milliy politsiyasi 7 iyulga o‘tar kechasi o‘z qarorgohida o‘ldirilgan mamlakat prezidenti Jovenel Moizning ehtimoliy qotillarini qo‘lga oldi. Bu haqda mamlakat bosh kotibi Frans Ekzantyus ma'lum qildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qotillar 7 iyul soat 18:00da ushlangan. Ularni qo‘lga olish vaqtida 4 nafari bartaraf etilgan, 2 nafari hibsga olingan. Hozirda jinoyatchilar so‘roq qilinmoqda. Shuningdek, ular tomonidan garovga olingan 3 politsiyachi ozod qilingan.  

Mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Klod Jozefning France24 axborot agentligiga ma'lum qilishicha, Moiz qarorgohiga hujum qilgan guruh xorijiy fuqarolardan tashkil topgan. Ular o‘zaro ingliz va ispan tilida so‘zlashgan.

O‘z navbatida, Haitining AQShdagi elchisi Edmon Bokshi hukumatdagi mavjud videoyozuvga tayanib, prezident qarorgohiga hujum qilganlar o‘zlarini AQShning giyohvand moddalarga qarshi kurashish boshqarmasi (DEA) agentlari deb tanishtirganini ma'lum qilgan. Biroq Bokshi bu versiyaga ishonmasligini ta'kidlab o‘tgan.

Keyinroq AQSh davlat departamenti matbuot xizmati boshlig‘i Ned Prays DEA agentlari Moizning o‘ldirilishiga aloqador bo‘lishi mumkinligini rad etgan.

Bu orada Diario Libre nashrining xabar berishicha, qo‘shni Dominikana hukumati bildirayotgan versiyalardan biriga ko‘ra, Moizga suiqasdni Haitida giyohvand moddalar savdosi va odamlarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanuvchi katta ta'sirga ega shaxslar bilan bog‘langan kolumbiyalik va venesuelalik fuqarolar sodir etgan. Bu versiyaga ko‘ra, Haiti politsiyasining yuqori mansabdor xodimlaridan biri hujumni uyushtirganlar sherigi bo‘lgan va hujum vaqtida prezident qarorgohi qo‘riqlanishini ataylab kuchsizlantirgan bo‘lishi mumkin.

Haiti prezidenti Jovenel Moiz o‘z qarorgohiga noma'lum shaxslar uyushtirgan hujum oqibatida halok bo‘ldi. Hujum vaqtida Moizning rafiqasi ham yaralanib, shifoxonaga yetkazilgan. Mamlakat bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Klod Jozef voqeadan keyin aholini osoyishtalikka chaqirgan va ularni vaziyat milliy politsiya va qurolli kuchlar nazorati ostida ekaniga ishontirgan. Vazirlar kengashi mamlakatda 15 kunga harbiy holat kiritgan.

Mavzuga oid