Orzuning ushalishi. Messi nihoyat Argentina bilan kubok yutdi
Janubiy Amerikaning eng yaxshi jamoasi argentinaliklar bo‘ldi, ularning sardori terma jamoa bilan ilk sovrinni Braziliyada qo‘lga kiritdi.
Amerika Kubogi. Final
Argentina — Braziliya — 1:0 (1:0)
Gol: Di Mariya, 22.
Argentina: E.Martines, Otamendi, Akunya, Montiel, Romero (Petssela, 79), Di Mariya (Palasios, 79), Paredes (Rodriges, 54), de Paul, Lo Selso (Talyafiko, 63), Messi, L.X.Martines (Gonsales, 80).
Braziliya: Ederson, Tiagu Silva, Danilu, Markinyus, Lodi (Emerson, 76), Kazemiru, Fred (Robertu Firminu, 46), Lukas Paketa (Gabriel Barboza, 76), Neymar, Everton (Vinisius Junior, 63), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Fred, 3. Paredes, 33. Lo Selso, 51. de Paul, 67. Lodi, 70. Lukas Paketa, 72. Otamendi, 81. Markinyus, 82. Montiel, 89.
Hakam: Ostoxich (Urugvay).
11 iyul. Rio-de-Janeyro. «Marakana» stadioni.
Butun dunyo Leoga muxlis
Final arafasida Messi va uning terma jamoa bilan haligacha sovrin yutmagani keng muhokama qilindi. So‘nggi o‘n yilliklarda Argentina termasi hayoti sardorga juda bog‘liq bo‘lib qolgandi. Lekin argentinaliklarning so‘nggi sovrini 28 yil muqaddam qo‘lga kiritilgandi. 1993 yilgi Amerika Kubogi finalida Gabriel Batistuta dubl qayd etgan, maydon markazini o‘shanda Diyego Simeone betonlab tashlagan, Messi esa hali 6 yoshda edi.
Messi bilan ham Argentina barcha turnirlarda favoritlar qatorida bo‘lib keldi. JCh-2014da finalga chiqildi. Qit'adagi turnirlarda faqat bir marta, 2011 yilgi turnirda pley-offning ilk bosqichidayoq chiqib ketilgan (Argentina o‘z mezbonligidagi turnirda guruhdan ikkinchi o‘rin bilan chiqib, chorakfinalda Urugvayga penaltilar seriyasida yutqazib qo‘ygan, o‘shanda Braziliya ham chorakfinalda Paragvayga penaltilar seriyasida yutqazib turnirni erta tark etgan, yakunda Urugvay chempion bo‘lgandi), yana bir marta - 2019 yilgi turnirda bronza medallar bilan kifoyalanilgan (yarimfinalda Braziliyaga mag‘lub bo‘lingandi), uch marta finalga chiqilgan (2007 yil Braziliyadan 0:3 hisobida mag‘lubiyat, 2015-2016 yillarda Chiliga penaltilar seriyasida mag‘lubiyatlar).
Messi baribir kubokni ko‘tarishga haqli edi.
Ideal kartina hosil bo‘lishi uchun bir necha chizgilar chizish qolgandi, buni nafaqat butun Argentina, balki Yer shari aholisi ham kutayotgandi.
Keskinlik oshib ketganini sezgan oq-ko‘klar murabbiyi Lionel Skaloni bosim darajasini biroz tushirishga urinib, faylasuflarcha yondashdi: «G‘alaba qozonamizki yoki yo‘q, baribir Messi tarixdagi eng yaxshi futbolchi bo‘lib qoladi. U buni isbotlash uchun terma jamoa bilan ham sovrin yutishi shart emas».
Leoning o‘zi esa o‘yindan oldin Instagram’dagi sahifasida terma jamoaning barcha a'zolari aks etgan suratni joyladi va uning uchun terma jamoa qanchalar muhimligini ko‘rsatdi. Suratdagi yagona havola — milliy jamoa profiliniki edi. Izoh sifatida esa — Juntos (birgalikda) yozuvi bitilgandi — bu ham ko‘p narsani anglatardi.
Finalni aynan jamoa bo‘lib yutishdi. Turnir davomida gollar va golli paslari bilan eng yaxshi bo‘lgan Messi bu o‘yinda o‘zi uchun kamtarroq darajada o‘ynadi. Ammo buning ahamiyati yo‘q. O‘yin yakunlangach, jamoa futbolchilari unga qarab chopishdi va uni ko‘tarib ko‘klarga otishdi, Messi ham bu turnir g‘olibligi uchun hissa qo‘shgan jamoadoshlaridan minnatdor, ular bilan klubdagi sovrinlarini ham bo‘lishishga tayyor. Aftidan uning shaxsiy sovrinlari qatoriga yana bir «Oltin to‘p» qo‘shilishi aniq bo‘lib qoldi.
Bir sovrin uchun ikki yulduz
Final qadrdon do‘stlar va turnirning eng yorqin yulduzlari - Messi va Neymar qarama-qarshiligida kechishi bilan ham e'tiborli edi. Qolaversa, braziliyalik futbolchi ham hali terma jamoa bilan katta sovrin yutmagan. Konfederatsiyalar kubogi — hisobga o‘tmaydi. «Ular haqida gapirar ekanmiz, biz mukammallik, texnika, aql, jismoniy yetuklik va juda yuqori ijodiy qobiliyat haqida gapiramiz. Bu katta chaqiriq va tomoshabinlar uchun haqiqiy sovg‘a», — deya qayd etdi brazillar bosh murabbiyi Tite.
Aftidan, KONMeBOL ekspertlari ham mavzuni shu kabi muhokama qilishdi va final oldidan aniq tanlov qila olishmadi - Messi va Neymar birgalikda turnirning eng yaxshi futbolchilari sifatida e'tirof etildi. Bir tomondan, bu juda chiroyli qaror bo‘ldi, shu bilan birgalikda bu g‘alati ham edi. Sport prinsiplariga rioya etilmaganidan ham, bu ikki «o‘nlik» futbolchining jamoadagi natijalari jihatidan ham.
Messi 4 gol va 5 golli uzatmasi bilan Neymarni ortda qoldirgandi. U oldingi chiziqdagi barcha statistik ko‘rsatkichlar bo‘yicha ham oldinda edi. Tite argentinalik yulduzni qanday qilib qurolsizlantirishni bilishini aytdi. U buni qanday qilishini aytmagan bo‘lsa-da, murabbiy shunday hazillashdi: «Agar argentinaliklar bizga Neymarni qanday qo‘riqlashlarini aytmoqchi bo‘lsalar, biz ham o‘z rejamizni ochiqlaymiz va Messini qanday to‘xtatib qolishimizni aytamiz».
O‘z navbatida, Braziliya tarkibda syurprizlar qilmadi, yarimfinaldagi tarkib finalga ham tushirildi. Ikki o‘yinlik diskvalifikatsiya olgan Gabriel Jyezus va amalda toza «to‘qqizlik»siz. Argentina esa ikkita o‘zgarish qildi. Birinchidan, himoya markaziga jarohatini tuzatgan, mamlakatning hozirgi kundagi eng yaxshi himoyachisi Romero qaytdi. Ikkinchidan, murabbiylar shtabi pley-off o‘yinlarida zaxiradan tushib yorqin o‘yinlar namoyish etgan Di Mariyani faqat vaziyatlarni ko‘kka sovurish bilan yodda qolayotgan Nikolas Gonsalesdan ko‘ra boshlang‘ich tarkibga munosibroq deb topishdi.
Qahramon Di Mariya va Neymarning ko‘z yoshlari
O‘yinning qiymati shunchalik baland ediki, tomonlar ilk daqiqalardan o‘zaro jangga kirishdi, o‘yinning 151-soniyasida Fred Montielni shifoxonaga jo‘natishiga bir baxya qoldi va Amerika Kubogi tarixidagi eng tezkor sariq kartochkaga sazovor bo‘ldi. Argentinaliklar ham jim qarab turishmadi va Neymar o‘z hujumlaridan birining yakunida arbitrga yirtilib ketgan shortigini ko‘rsatdi, Lukas Paketa — Otamendining butsasidan tilingan getrasini.
O‘yinning 20-daqiqasigacha jamoalar birgalikda 13 fol sodir etishdi, keyin esa mehmonlar o‘zlarining qanday futbol o‘ynashlarini eslab qolishdi. De Paul maydonning uchinchi qismidan diagonal uzatma berdi, Renan Lodi qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, u o‘tkazib yuborgan to‘pni Di Mariya bir chiroyli harakat bilan o‘ziga bo‘ysundirdi va Edersonning boshi ustidan oshirib darvoza to‘riga tashladi. Bu argentinaliklarning ilk zarbasi va raqib jarima maydonida to‘pga ilk bor teginishi edi. Skalonining tarkib bo‘yicha tanlovi o‘zini oqladi, chunki shunday usta futbolchilargina muhim pallalarda «Marakana»dagi sehrga aldanmay, 17 yildan buyon final o‘yinlarida gol ura olmayotgan Argentinaning komplekslari bosimi ostida qolmay sovuqqonlik bilan harakat qila oladi. Terma jamoa finallarda so‘nggi bor Messining termaga kelishidan bir yil oldin gol urgandi.
Lekin bu syurpriz emasdi, oq-ko‘klar finalgacha ham juda yorqin va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan o‘yin namoyish etib kelishayotgandi, ular har bir vaziyatdan maksimum natija chiqarishni o‘rganib olishgandi. Braziliya ham o‘zining odatiy o‘yinini namoyish etdi, ammo undan ortig‘i emas - jamoa natija uchun zo‘r berib harakat qilmadi. Vaziyatni o‘zgartirish uchun esa yanada ko‘proq yugurish va aniqroq harakat qilish zarur edi, tanaffusda Tite yarimhimoyadagi Fred o‘rniga Robertu Firminuni tushirdi. Neymar pleymeyker vazifasiga o‘tdi va bu o‘yin xarakterini o‘zgartirdi. Risharlison gol urdi, ammo ofsayddan, keyingi vaziyatda uning zarbasini Emiliano Martines qaytardi, Argentina esa o‘yin tempini tushirishga kirishdi.
Tayanch zonasida Gvido Rodriges Paredes o‘rniga tushirildi. Yana bir himoyachi Talyafiko Lo Selsoni almashtirdi. Tite va-bankka borib, yana bir o‘rta chiziq vakilini (Paketa) forvard Gabriel Barboza uchun qurbon qildi. Bungacha hujumga Vinisius Junior ham tushirilgandi. Braziliya o‘yinni besh hujumchi bilan yakunladi. Argentina — toza hujumchisiz, ammo raqibning har bir hujumiga javob qaytarib turdi. Messi o‘yin taqdirini ertaroq hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo yaxshiroq pozitsiyada turgan sherigiga to‘pni uzatishga qaror qildi.
Mehmonlarni yana Martines qutqardi, 86-daqiqada Gabigolning darvoza to‘sini ostiga bergan zarbasini barmoqlari uchi bilan yuqoriga ko‘tarib yubordi. Javob hujumida Messi darvozabon bilan yakkama-yakka holatda uni aldab o‘tishga urinib, toyib gazonga yiqildi. Brazillarning javob hujumi esa jarima maydoni yaqinida ketma-ket follar bilan to‘xtatildi - agar bu hujumda mezbonlar hisobni tenglashtirishganida, Messining xatosi juda qimmatga tushgan bo‘lardi. Ammo Leoning alamli kunlari poyoniga yetgan edi. Nihoyat katta g‘alabani nishonlash vaqti kelgandi, Braziliya esa o‘z mezbonligidagi turnirda azaliy raqibini tabriklashga majbur bo‘ldi, Neymar ham ko‘z yoshlarini tiya olmagan holda Messining oldiga kelib, unga tilaklarini bildirib ketdi.
Rioda do‘stlik g‘alaba qozondi, vaqti kelib Neymarda ham sovrin bo‘ladi. U ham Messi kabi bunday sovringa munosib.
Mavzuga oid
13:29 / 16.10.2024
Messida het-trik va ikki uzatma, Braziliya o‘ynay boshladi. Konmebolda JCh saralashi
16:11 / 21.08.2023
Ronaldu OChLda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Krishtianu, Neymar va Benzema qaysi o‘zbek klubiga qarshi o‘ynashi mumkin?
19:26 / 16.08.2023
Shaxsiy samolyot, xizmatchilari bilan koshona va katta maosh. Neymar nega Saudiyani tanladi?
14:23 / 16.08.2023