Jahon | 21:54 / 13.07.2021
11684
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov iste'foga chiqishga qaror qildi

Ukraina ichki ishlar vaziri Arsen Avakov o‘z xohishiga ko‘ra lavozimini tark etishga qaror qildi. Uning iste'foga chiqish haqidagi arizasi vazirlik saytida e'lon qilindi.

Avakov o‘z izohida hamkasblariga minnatdorlik bildirishini va Ukrainaning “Ukraina vazirlar mahkamasi haqida”gi qonuniga muvofiq iste'foga chiqayotganini ma'lum qilgan.

Vazirni o‘z lavozimini tark etishga nima undagani hozircha noma'lum.

Oliy rada Avakovning arizasini 15 iyulda ko‘rib chiqishi mumkin.

Avakov Ukraina ichki ishlar vazirligiga 2014 yil fevralidan beri rahbarlik qilib keladi. Pyotr Poroshenko Ukraina prezidenti lavozimidan ketib, uning o‘rnini Vladimir Zelenskiy egallagandan keyin Avakov yangi hukumatda o‘z lavozimini saqlab qolgan ikki vazirdan biri bo‘lgan.

Avvalroq ukrainaliklar Avakovning iste'fosini bir necha marta talab qilib chiqishgan. Buning uchun hattoki maxsus “Get Avakova” harakati tashkil etilgan.

2020 yil iyunda oliy radada ichki ishlar vazirini o‘z lavozimidan chetlatishga qaratilgan namoyish bo‘lib o‘tgan. Avakov faoliyatiga bildirilgan asosiy e'tirozlar korrupsiya va jinoiy ishlarning qoniqarli darajada tergov qilinmasligi bo‘lgan.

Ukraina OAVning xabar berishicha, agar Avakovning iste'fosi qabul qilinsa, uning o‘rniga ikki nomzod ko‘rib chiqilishi mumkin. Ulardan biri Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov, ikkinchisi esa ichki ishlar vazirligi infratuzilma va texnologiya markazining sobiq rahbari Aleksandr Yefimenko hisoblanadi.

Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, vazirlar mahkamasi a'zosi o‘zi iste'foga chiqish haqida ariza topshirsa va parlament bu arizani qabul qilsa yoki bosh vazir iltimosnomasiga ko‘ra o‘z lavozimidan ozod etilishi mumkin.

Mavzuga oid