Jamiyat | 16:24 / 14.07.2021
34161
2 daqiqa o‘qiladi

«Qorako‘l maktabi» asoschisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi, «Qorako‘l maktabi» asoschisi To‘xtamurod Jumayev 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar bermoqda.

To‘xtamurod Jumayev 1945 yilda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. 1967 yilda Buxoro pedagogika institutini tugatgan (1967).

1963 yildan Olot tumanidagi 3-maktab, keyinroq Qorako‘l tumanidagi 8-maktabda matematika fani o‘qituvchisi, maktab direktori o‘rinbosari sifatida ishlagan.

U 1990-2015 yillarda Qorako‘l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internati direktori vazifasida ishlagan.

To‘xtamurod Jumayev tashkil qilgan Qorako‘l maktabida o‘ziga xos ta'lim olish tizimi joriy qilingan. Natijada maktab o‘quvchilarining 90 foizi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilingan. Bundan tashqari, ushbu maktab o‘quvchilari matematika fanidan Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, ko‘plab medallarni qo‘lga kiritgan. Hozirgi kunga qadar matematika olimpiadasida qo‘lga kiritilgan medallar soni 36tani tashkil etadi. Shulardan 23tasi Jumayev maktabi o‘quvchilariga taqdim etilgan.

Jumayev ta'lim berishda zamonaviy o‘quv qurollari va kompyuterlar asosida yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan, matematika bo‘yicha bir necha didaktik qo‘llanmalar muallifi.

1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi bo‘lgan. Shuningdek, «Buyuk xizmatlari uchun» va «Mehnat shuhrati» ordenlari sohibi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yil sentyabrida O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida To‘xtamurod Jumayevning xizmatlarini e'tirof etgandi.

«To‘xtamurod domla ham, jadid bobolarimiz kabi, tinimsiz va fidokorona mehnat qilib, hozirgi davrning yangi usul maktabini yaratishga erishdi. Mana, bugungi kunimizning haqiqiy ma'rifatparvari, davrimizning Avloniysi, Behbudiy domlasi, Munavvarqorisi!» – degandi prezident.

Mavzuga oid