O‘zbekiston | 09:03 / 15.07.2021
2223
2 daqiqa o‘qiladi

 Ustyurtdagi gaz qudug‘i salkam 5 ming metrgacha burg‘ilanib Yura davridagi qatlamga yetib borildi

Ustyurt regionining “Quyi Surgil” konidagi 20-sonli quduqni 4320 metrgacha burg‘ilash boshlangan edi.

Ushbu kon hududida oldin burg‘ilangan 14-sonli quduqdan olingan yangi geologik ma'lumotlarni tahlil qilish natijasida maydonning quyi Yura yotqiziqlarida ilgari ma'lum bo‘lmagan yangi qatlamlar aniqlangan. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” Matbuot xizmati xabar berdi.

“Quyi Surgil” konidagi 20-quduq 4320 metrgacha samarali burg‘ilandi va 3700–4320 metr oraliqda yangi aniqlangan istiqbolli qatlamlarni sinash ishlari amalga oshirildi. Sinov ishlari natijasida quduqdan sanoat miqyosidagi tabiiy gaz va gaz kondensati mahsulotlari olishga erishildi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, olingan mahsulotlarning hajmi kunlik 900 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz va 5 tonnaga yaqin gaz kondensatini tashkil qildi.

Hozirda quduqda yangi tabiiy gaz uyumlarining qatlam parametrlarini aniqlash hamda geologik-tadqiqot ishlari olib borilmoqda, deyiladi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Mo‘ynoqda salkam 3 ming chuqurlikdan kuniga 150 ming kub metr tabiiy gaz chiqadigan kon topilgandi.

Mavzuga oid