O‘zbekiston | 10:02 / 17.07.2021
857
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqanddagi mehribonlik uyida me'yoridan ortiq bolalar tarbiyalanayotgani haqidagi gaplar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi mehribonlik uyida me'yoridan ortiq bolalar tarbiyalanayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi munosabat bildirib, bu ma'lumotni rad etdi.

Munosabatda ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati XTB tasarrufidagi 1-sonli Mehribonlik uyi 2015 yilda zamonaviy tipda qurilgan bo‘lib, viloyat hokimining 2015 yil 9 iyundagi №128-Q-sonli qarori asosida o‘z faoliyatini boshlagan.

Muassasa binosi 172 nafar tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, hozirda 3 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan yetim, ijtimoiy yetim, nogironligi bo‘lgan ota-onalarning, kam ta'minlangan oilalarning 98 nafar (shundan 38 nafar qiz, 60 nafar o‘g‘il) farzandlari tarbiyalanmoqda.

Qayd etilishicha, 2021 yil may oyida Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova mazkur Mehribonlik uyida bo‘lganda, bu yerda jami 125 nafar bola tarbiyalanayotganligi haqida ma'lumot berilgan. Unga 2020 yil yakunlari va 2021 yilning o‘rganish kuniga qadar bo‘lgan barcha hisobotlari taqdim etilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur Mehribonlik uyida 2021 yil yanvar oyida 138 nafar, fevral oyida 138 nafar, mart oyida 126 nafar, aprel oyida 127 nafar, may oyida 125 nafar, iyun oyida 98 nafar bola tarbiyalanib kelmoqda.

«Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan hisobotdagi holat Samarqand shahridagi 1-sonli Mehribonlik uyiga bog‘liq emas. Chunki bu yerda biror marotaba me'yoridan ortiq bolalar tarbiyalanmagan hamda qayd etilgan raqamlarda ham tafovut mavjud. E'lon qilingan axborotlar tushunmovchilik yoki boshqa muassasadagi holat bilan adashtirish oqibati bo‘lishi mumkin, deb hisoblaymiz», deyiladi, munosabatda.

Mavzuga oid