Iqtisodiyot | 21:35 / 19.07.2021
9154
2 daqiqa o‘qiladi

160 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestridan chiqariladi

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, uch yildan beri faoliyat yuritmayotgan, soliq qarziga ega bo‘lmagan yoki soliq qarzi 1 mln so‘mdan ko‘p bo‘lmagan tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestridan chiqariladi.

Vazirlar Mahkamasining “Faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini soddalashtirilgan tartibda davlat reyestridan chiqarish to‘g‘risida”gi 446-son qarori qabul qilindi.

Qarorga asosan, uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatmayotgan tadbirkorlik sub'yektlarini markazlashgan tarzda yagona qaror bilan soddalashtirilgan tartibda davlat reyestridan chiqarish belgilandi.

Davlat soliq qo‘mitasi bir hafta muddatda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga taqdim etadigan ro‘yxatga asosan, uch turdagi tadbirkorlik sub'yektlari davlat reyestridan chiqariladi:

  • faoliyat ko‘rsatmayotgan;
  • soliq qarziga ega bo‘lmagan;
  • soliq qarzi 1 mln so‘mgacha bo‘lgan.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan inventarizatsiyada, soliq qarziga ega bo‘lmagan, uch yildan ortiq faoliyat ko‘rsatmayotgan 76 898 ta (52 332 yer maydoni maqbullashtirilgan fermer xo‘jaliklari) va soliq qarzi 1 mln so‘mgacha (jami 16,9 mlrd so‘m) bo‘lgan 83 350 ta (58 129 tasi fermer xo‘jaliklari) tadbirkorlik sub'yektlari aniqlangan.

Qabul qilingan qarorga muvofiq, jami 160 248 ta tadbirkorlik sub'yekti davlat reyestridan chiqariladi.

Мадина Очилова
Tayyorlagan Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid