Jamiyat | 17:05 / 27.07.2021
3712
3 daqiqa o‘qiladi

Bojxonada tovar aylanmasi keskin oshganiga qaramay, xodimlar sonini ko‘paytirishga zarurat yo‘q - DBQ

Bugungi kunda bojxona tizimida tovar aylanmasi, yuk tashishlar va avtotransport vositalarining chegarani kesib o‘tishi holatlari o‘sib bormoqda. Bunday vaziyatda xodimlar soni deyarli o‘zgarishsiz qolayotgani, tizimning avtomatlashtirilishi hisobiga, ish sifati va vaqtiga ta'sir etmaydi, deya ma'lum qildi Davlat bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov.

“Bojxona organlari tomonidan 2017 yilda 7,6 trln so‘m pul undirilgan bo‘lsa, bu yilda 30 trln so‘m davlat budjetiga undiriladi. Dastlabki 6 oyni oladigan bo‘lsak, 2017 yilga nisbatan bojxona to‘lovlarini undirish 4 barobarga oshgan. Bu tendensiya oshib boradi.

Shu ketishda davom etsa, O‘zbekistonga kirish-chiqish, tovarlar aylanmasi yana 5 yildan keyin 2 baravarga oshadi. Bu masala dunyoda qanday yechilgan, degan savolga javob berish kerak bo‘ladi. Hech qaysi davlatda bojxona xodimlarining soni tovarlar o‘sishiga qarab, yo‘lovchilarning kirish-chiqish hajmiga qarab oshirilmaydi. Bu faqat bitta yo‘l bilan hal qilinadi, ya'ni avtomatizatsiya bilan. Bu – birinchi masala.

Ikkinchi masala, biz soddalashtirilgan tartib haqida ko‘p gapiryapmiz, lekin soddalashtirilgan tartib tagida yana bir masala yotibdi. Bu – nazorat masalasi. Bunda davlatning xavfsizligi, uning iqtisodiy xavfsizligi bor. Bir vaqtning o‘zida ham soddalashtirish, ham nazorat qilishning yo‘li – xavfni boshqarish tizimini joriy etishdir. Bizda bu tizim joriy qilindi.

Bitta masala qolgan, uni ham hal etyapmiz. Xorijiy aeroportlarda havo kemasi ko‘tarilgandan boshlab bizda ma'lumot bo‘lishi kerak. Biz bunga erishyapmiz: xorij aviakompaniyalari bilan memorandum tuzib chiqyapmiz. Bizga kelayotgan fuqarolarning samolyotga bilet olishidan boshlab, bizga ma'lumot taqdim qiladi. Uchib kelayotgan yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan o‘tkazish – dolzarb masala.

Xabaringiz bor, aeroportlarda “yashil” va “qizil” koridorlar bor; bugungi kunda 98 foiz fuqaro “yashil” yo‘lakdan harakatlanyapti. Mana shunaqa tartiblarni joriy qilish orqaligina biz bojxona nazoratini [samarali] amalga oshirishimiz mumkin. Dunyoda boshqacha yo‘li yo‘q”, – dedi Ilhom Muxtorov 26 iyul kungi matbuot anjumanida.

Раҳматилла Исроилов
Tayyorlagan Раҳматилла Исроилов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid