Iqtisodiyot | 23:12 / 27.07.2021
42882
3 daqiqa o‘qiladi

Fermerlarning bo‘shagan yerlarini aholi ijaraga olishi mumkin. SSP bunga qarshi

Vazirlar Mahkamasining agrosanoat klasterlari va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi g‘alladan (paxtadan) bo‘shagan yer maydonlarini aholiga berish nazarda tutilgan qaror loyihasi e’lon qilindi. Unda yerni “daftarlar”ga kiritilganlar va ishsizlarga 10 yilga ijaraga berish ko‘zda tutilgan. Savdo-sanoat palatasi loyihaga qarshi pozitsiya bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining “Agrosanoat klasterlari va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi g‘alladan (paxtadan) bo‘shagan yer maydonlarini aholiga ijaraga berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi Qarori  loyihasi e’lon qilindi.

Savdo-sanoat palatasi loyiha yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazdi va loyihaga qarshi pozitsiya bildirdi.

Qarorda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • agrosanoat klasterlari va fermer xo‘jaliklari ixtiyoridagi g‘alladan (paxtadan) bo‘shagan yer maydonlarini aholiga berish tartibi belgilangan;
  • yerni ijaraga olishi mumkin bo‘lgan talabgorlar ro‘yxatiga “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilganlar, ishsizlar, tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanayotgan va qo‘shimcha yer maydoni ajratilishini so‘rab murojaat qilgan mehnatga layoqatli fuqarolar kiritilgan;
  • talabgorga ajratib berilgan maydonlar hisobidan g‘alla (paxta) hosilini yetishtirishning ko‘zlangan hajmlari kamaytirilmaydi;
  • yer uchastkalari 10 yil muddatga ijaraga beriladi.

Loyiha yuzasidan jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazgan SSP loyiha Yer kodeksi moddalariga zidligini bildirdi. Xususan, xulosaga ko‘ra:

Birinchidan, Yer kodeksiga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini yoki uning bir qismini qonunchilikda belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berish yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi va yer uchastkasi mulkdorining huquqlari hisoblanadi;

Ikkinchidan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi bir yilgacha bo‘lgan muddatga ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin. Loyihada esa, bu muddat 10 yil qilib belgilangan;

Uchinchidan, kelishuv tomonlarning roziligi bilan amalga oshirilishi lozim, ijaraga berish shartlari va muddatlari ham tomonlar roziligi hamda shartnoma shartlari bilan mustahkamlanishi kerak;

To‘rtinchidan, loyiha ilovasi 5-bobida agrosanoat klasterlari va hududdagi eksportyor korxonalar rahbarlariga ortiqcha bo‘lgan majburiyatlarni yuklash belgilangan.

Shulardan kelib chiqib, SSP loyihani bu tahrirda qabul qilish maqsadga muvofiq emasligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid