O‘zbekiston | 12:58 / 28.07.2021
7997
2 daqiqa o‘qiladi

Iyul oyida kamida 60 kishi pnevmoniya qurboni bo‘ldi. SSV qo‘shimcha ma'lumotlarni taqdim etdi

O‘zbekistonda pnevmoniyadan vafot etganlar soni ilk bor ochiqlandi. Pnevmoniya holatlari bo‘yicha alohida statistika yuritilishi boshlangan 5 iyuldan beri 60 kishi pnevmoniya qurboni bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati 27 iyuldan boshlab pnevmoniya holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumot berishni boshladi.

28 iyul kuni berilgan ma'lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 5 iyuldan beri 8723 nafar bemorlarda pnevmoniya aniqlangan . Shu vaqtgacha ularning 2770 nafari sog‘ayib chiqqan, 60 bemor vafot etgan.

Pnevmoniya holatlari aniqlanishi bo‘yicha viloyatlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri (3240, so‘nggi bir kunda 212 holat), Toshkent viloyati (1288, +129) va Jizzax viloyatida (998, +57) qayd etilgan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 766 (+180), Surxondaryo viloyatida 569 (+72), Samarqand viloyatida 522 (+52) kishida pnevmoniya aniqlangan.

SSV 27 iyul kuni 556 nafar kishida pnevmoniya aniqlangani haqida xabar berdi. Ushbu ko‘rsatkich ham SSV pnevmoniya holatlarini berishni boshlagan sanadan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. 5 iyul kuni bu ko‘rsatkich 172tani tashkil etgan, bir kun oldin esa kunlik o‘sish 521taga yetgandi. 

Taqqoslash uchun, 5 iyuldan buyon O‘zbekistonda 95 kishi koronavirusdan vafot etgani SSV tomonidan rasman tasdiqlangan.

Mavzuga oid