O‘zbekiston | 18:45 / 30.07.2021
3302
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda sodir bo‘lgan mushtlashuvda restoran xodimiga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Samarqand shahrida joylashgan restoranlardan birida mushtlashuv uyushtirib, u yerda ishlaydigan xodimga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan shaxsga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 18 iyul kuni soat 15:30larda Samarqand shahrida joylashgan restoranlardan birida ommaviy janjal sodir bo‘lgan. O‘sha kuni fuqarolardan birining to‘y marosimi belgilangan bo‘lib, unga kelgan mehmonlar aytilgan vaqtdan avval restoranga kirmoqchi bo‘lgan. Restoran xodimlari bunga yo‘l qo‘ymagach, o‘rtada janjal kelib chiqqan va ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, mushtlashuvda mehmonlar bir guruh bo‘lib restoranda ishlaydigan aka-ukani urishgan. Oqibatda 19 yoshli restoran xodimi boshidan og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Zudlik bilan o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng, hozirda uning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda deb baholanmoqda.

Restoran xodimlarining aytishicha, hodisa yuz bergandan keyin ham o‘sha kuni janjalda ishtirok etgan shaxslar yana kelib ularga tahdidlar qilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur hodisa yuzasidan Samarqand shahar IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Restoran xodimiga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Mushtlashuvda qatnashgan boshqa shaxslarning xatti-harakatlariga ham qonun doirasida baho beriladi. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid