O‘zbekiston | 19:43 / 31.07.2021
3386
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahrining Ro‘dakiy ko‘chasi qachon to‘liq foydalanishga topshiriladi?

Bir necha yildirki, Samarqand shahrida keng miqyosdagi qurilish ishlari olib borilmoqda. So‘nggi vaqtlarda shaharning ko‘plab markaziy ko‘chalari yopildi. Ko‘chalar kengaytirilmoqda, ta'mirlanmoqda, ularning yoqasidagi turar va noturar joylar buzilmoqda.

Samarqand shahridagi Ro‘dakiy ko‘chasi ancha serqatnov hisoblanib, so‘nggi bir necha yil davomida talabga javob bermasligi bilan aholini qiynab kelyapti. Ko‘cha bo‘ylab olib borilayotgan qurilish va buzilishlarning adog‘i ko‘rinmaydigandek.

«Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUK mas'ul xodimi Eldor Bekmurodov mazkur ko‘chada qurilish ishlari qachon yakunlanishi va qancha mablag‘ sarflangani haqida ma'lumot berdi.

«Rudakiy ko‘chasida ayni vaqtda ikkinchi bosqich ishlari olib borilyapti. Ya'ni, bu bosqich Gagarin ko‘chasi chorrahasidan Bo‘stonsaroy ko‘chasigacha bo‘lgan masofani qamrab olib, 1950 metrni tashkil qiladi.

Qurilish-montaj ishlari o‘tgan yilning dekabr oyida boshlandi. Yo‘lning eni «qizil chiziq»qacha 34 metrni tashkil qiladi. Bunda tramvay yo‘li, yashil yo‘lak, piyodalar hamda velosiped yo‘lakchalari qurilishi ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, loyihaga ko‘ra tungi yoritkich chiroqlari ham bo‘ladi.

Qurilish ishlarining loyiha qiymati 30 milliard so‘mni tashkil qiladi. Joriy yilning oktyabr oyiga qadar ko‘chada qurilish-ta'mirlash ishlarini yakunlaymiz», — dedi Eldor Bekmurodov.

O‘tgan yili Ro‘dakiy ko‘chasining birinchi bosqichi — Beruniy ko‘chasidan Gagarin ko‘chasining chorrahasigacha bo‘lgan 965 metr qismi foydalanishga topshirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz da 2015 yilning may oyida Rudakiy ko‘chasining ta'mirdan chiqayotgani va martabali mehmonlar, ziyoratchilarning marshrutiga aylanishi haqida xabar berilgan.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid