Jamiyat | 15:57 / 01.08.2021
15391
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda mahkumni qamoqdan chiqarib berish uchun 70 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi

Surxondaryoda mahkumni qamoqdan chiqarib berish evaziga 70 000 AQSh dollari so‘ragan va undan 25 000 dollar olgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda IIV Jazoni ijro etish departamenti axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 9 iyul kuni huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan va unda Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro E. ushlangan.

Qayd etilishicha, E. Termiz tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan tanishiga Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 10-son jazoni ijro etish koloniyasida 19 yillik qamoq muddatining 10-yilini o‘tayotgan mahkumni chiqarib berishini aytib, 70 000 dollar so‘ragan. U fuqaroni ishontirish uchun Jazoni ijro etish departamentida yaqin tanishi ishlashini aytgan.

Qayd etilishicha, fuqaro E. Toshkent shahrida aytilgan puldan 25 000 dollar olayotganda huquqni himoya qilish organlari tomonidan daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan E.ga nisbatan Toshkent shahar Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi va 211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqaro E. Jinoyat-protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida qo‘lga olingan. Hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid