O‘zbekiston | 16:29 / 02.08.2021
75225
7 daqiqa o‘qiladi

«Bu – burilish nuqtasi». Bloger «Qora Malibu» voqeasi bo‘yicha Bosh prokuratura va IIVga murojaat qildi

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Olmaliq shahrida YPX xodimi «yuqoridan kelgan» buyruq tufayli qoida buzilgani uchun to‘xtatilgan qora rangli «Malibu-2» avtomobili qo‘yib yuborilishi bilan bog‘liq voqea yuzasidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildi.

«Baliq boshidan sasiydi» deya sarlavha qo‘yilgan postda yuqori idoralardan bu hodisa bo‘yicha to‘liq hisobot berilishi so‘ralgan, buyruq berganlarning ism-sharifi, lavozimi ochiqlanishi va ularga qat'iy jazo chorasi qo‘llash kerakligi, eng birinchi bo‘lib topshiriq bergan odamni tizimdan butunlay, bir umrga haydash kerakligi ta'kidlangan.

«Toshkent» telekanalidagi lavhani ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Olmaliq shahrida 01 584 AAA raqamli qora «Malibu»ni YPX inspektori to‘xtatadi. Kamar taqmagani uchun jarima yoza boshlaydi va ishonchnoma hamda tonirovka ruxsatnomasini so‘raydi. Shu payt ratsiya orqali kimdir kimgadir aloqaga chiqib, «xodimni ushlab turishgan ekan, rahbarlardan, shundoq aloqaga chiqing, qo‘yvorishsin» deb topshiriq berdi. Topshiriqni olgan «101» esa inspektorga aloqaga chiqib, «Ko‘p gapirmasdan, yaxshi yetib oling deb qo‘yib yubor» dedi.

E'tibor bering, topshiriq berganlarning birortasi nima qoida buzgan, deb so‘ramadi. «Qo‘yvor» dedi bo‘ldi. U mastmi, chakvoganmi, odam urganmi, hujjati joyidami, farqi yo‘q. Telefon bo‘ldimi, qo‘yib yuborish kerak, tamom.

Inspektor bechoraning ham oilasi, bola-chaqasi bor, boz ustiga harbiylashgan tizimlarda yuqoridan berilgan topshiriq muhokama qilinmaydi, «tushundim sizni» dedi-yu, qo‘yib yubordi. Ammo jurnalistlarga qarab alam bilan «chiqarasizlarmi buni?» deb so‘radi.

Nega alam bilan? Chunki inspektorlar ham qoidabuzarlarning yonini oladigan hojatbaror rahbarlarning noqonuniy topshiriqlaridan to‘yib ketgani aniq. Axir hammamiz yaxshi bilamizku, GAIga tushib qolsa, bitta telefon bilan chiqib ketish O‘zbekistonda «moda»ga aylangan. Va bu faxrlanadigan ish. Choyxonalarda o‘rtoqlariga maqtanib aytib beriladigan voqea bu. Qolganlar ham uning tanishlari naqadar kuchli ekanligini eshitib, havas qiladi. Menda ham shunaqa tanish bo‘lsa-yu, bitta telefon bilan istalgan muammomni hal qilsam, deb orzu qiladi.

Xo‘sh, O‘zbekiston qachongacha tanish-bilishlar davlati bo‘ladi? Tanishi bo‘lsa telefon qilgani ham mayli, ammo YPX xizmatidagi rahbarlar nega bunaqa qoidabuzarlarning oldiga tushadi?

O‘sha rahbarlarni gapirtirsa, xalq YPX inspektorilarini yomon ko‘radi, bizga ishonmaydi, bizga hurmatsizlik qiladi, deb nolishni biladi. Lekin buni avvalo o‘zlari boshlab berishadi.

Tepadagi qo‘ng‘iroqlardan o‘lgudek qo‘rqadigan rahbarlar, qani aytinglarchi, sizlar kechayu kunduz issiqda xalq xizmatida bo‘lib turgan o‘z xodimlaringizni mana shunday botqoqqa botirishga, ularni qaysidir «krutoy»larning oldida sharmanda qilishga uyalmaysizlarmi? Vijdoningiz qiynalmaydimi?» deya savollar qo‘yadi bloger.

U yo‘l-patrul xizmati sohasini isloh qilish bo‘yicha oxirgi yillarda ko‘p ishlar qilinayotganini e'tirof etgan, shu bilan birga islohotni eng avvalo tizimdagi mana shunday «tanka»lardan tozalash boshlanmasa, bari befoyda ekanini, mansabini suiiste'mol qiladigan, qonunlarga tupurib qo‘ygan, o‘z hamkasblarini qoidabuzarlar oldida yer bilan bitta qiladigan bunaqa vijdonsizlar ishlashda davom etsa, soha odam bo‘lmasligi aniqligini qayd etgan.

Post davomida Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilinadi.

«Ushbu lavha bo‘yicha to‘liq hisobot berishingizni so‘raymiz. Buyruqni berganlarning ism-sharifi kim, lavozimi qanaqa? Birinchi buyruqni bergan eng kattakondan boshlab «101»gacha, barchasini ochiqlang. Va ularga qat'iy jazo chorasi qo‘llash kerak. Ayniqsa eng birinchi bo‘lib topshiriq bergan odamni tizimdan butunlay, bir umrga haydash kerak. Shunchaki uzr so‘rab, «bilmay qolibman, tavba qildim, ko‘zim endi ochildi» degan echki qasamlar o‘tmasligi kerak. Toki bu boshqalarga ham saboq bo‘lar edi.

«Malibu»dagi «xodim» kimligiga ham aniqlik kiritilishi, qonuniy xizmat vazifasini o‘tayotgan organ xodimiga nisbatan yuqori lavozimdagi tanishlari orqali bosim o‘tkazmoqchi bo‘lganiga huquqiy baho berilishi kerak.

Yana qaytaraman, ushbu voqea bo‘yicha qilingan ishlarga qarab, yo‘l harakati sohasi yaqin o‘rtada odam bo‘ladimi yoki umid qilmaslik kerakmi, xulosa chiqarib olsa bo‘ladi. Mana shu eng burilish nuqtasi. Yoki siyosiy iroda va qat'iyat ko‘rsatiladi, yoki yuraveramiz yana eski shaltoq aravamizda», deydi bloger.

Shuningdek, bu voqeada ham eng katta rahbarlar suvdan quruq chiqib, pastdagi oddiy xodimlar ishdan haydalmasligiga umid qilingan va inspektor Abror Ismoilov o‘zining qonuniy harakatlari uchun ishdan ketmasligi jamoatchilik diqqat markazida turishi kerakligi ta'kidlangan.

Bugun, 2 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatida qoidabuzar haydovchini to‘xtatgan YPX xodimi ratsiya orqali «yuqoridan» kelgan buyruq sabab uni qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgani tasvirlangan video tarqalgandi. 

Unda xizmat vazifasini bajarib, haydovchiga nisbatan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish vaqtida YPX inspektoriga ratsiya orqali aloqaga chiqilgani va Malibu’ni qo‘yib yuborish bo‘yicha buyruq berilganini ko‘rish mumkin. «Telefon qilishdi, qanaqa mashinani ushlab turibsan?.. Qo‘yvor bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan. Yaxshi yetvoling deb tushuntirvor», degan buyruq beruvchi ovoz.

Keyinroq Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati bu bo‘yicha ma'lumot berib, bu hodisa 28 iyul kuni Olmaliq shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida sodir bo‘lgani, inspektor «O‘zbektemiryo‘lmashta'mir» unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni haydovchi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgani, unga qoidabuzarni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga esa chora ko‘rilganini ma'lum qilgandi.

Mavzuga oid