Jamiyat | 20:08 / 05.08.2021
6238
3 daqiqa o‘qiladi

Qarshida yengil konstruksiyali do‘kon o‘rnatish uchun joy olgan shaxs daraxtlarni kesib qurilish qilgani ma'lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahar «Chaqar» MFY hududidagi Nasaf va Qizilmachit ko‘chalari chorrahasida savdo do‘koni va hunarmandchilik pavilonlari qurilishi oqibatida moratoriyga tushgan ko‘p yillik daraxtlar o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangani haqida xabarlar tarqaldi. Holat Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.

O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jahongir Hazratov tomonidan 2021 yil 30 aprel sanasida fuqaro B.O.ga Qarshi shahar «Chaqar» MFY, Nasaf va Qizilmachit ko‘chalari chorrahasidan 18X6 o‘lchamdagi 108, metr kvadrat yer maydoniga vaqtinchalik muddatga yengil tipdagi savdo paviloni (savdo do‘koni) va hunarmandchilik (etikdo‘zlik) paviloni o‘rnatish uchun MR-2 sonli ruxsatnoma berilgan.

Fuqaro B.O. mazkur ruxsatnoma talablariga zid ravishda yengil tipdagi pavilon o‘rnatish o‘rniga o‘ziga vaqtinchalik ajratilgan hududda qonunlarga zid ravishda qurilish ishlarini boshlab yuborgan.

Qayd etilishicha, fuqaro B.O. qurilish jarayonida ekologiya va atrof-muhit sohasidagi qonunchilik talablariga ham rioya qilmagan. Xususan, «Ekologik ekspertizasi to‘g‘risida»gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 7 sentyabrdagi «Atrof-muhitga ta'sirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi 541-sonli qarorlarida belgilangan talablarni buzgan.

O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, fuqaro B.O. qurilish rejalashtirilayotgan hududidagi daraxtlarni kesish uchun DXMga ariza bilan murojaat qilishi va murojaati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan o‘rganilib, daraxtning kesish yoki kesilmasligi bo‘yicha berilgan xulosaga qarab ish tutishi lozim edi. Ammo fuqaro bunday qilmagan va o‘zboshimchalik bilan daraxtlarni kesgan va qurilish qilgan.

Ta'kidlanishicha, fuqaro B.O. tomonidan daraxtlar kesilayotgani haqidagi murojaat viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga joriy yil 3 avgust kuni kelib tushgan. Mas'ul xodimlar tomonidan holat borib o‘rganilganda, hududda jami 5 dona daraxt noqonuniy kesilganligi aniqlangan. Mazkur qonunbuzilish holati yuzasidan fuqaroga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar 45 million 325 ming so‘m hisoblangan va BHMning besh barobari miqdorida jarima qo‘llangan.

Mavzuga oid