Jamiyat | 20:30 / 06.08.2021
35432
5 daqiqa o‘qiladi

Chilonzorda IIB xodimi avtomobilda yo‘ldan chiqib ketib, fuqaroni urib yubordi

Toshkent shahar IIBB xodimi avtomobilda boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘l chetidagi fuqaroni urib yuborgan. Natijada fuqaro og‘ir jarohatlangan. E'tiborlisi, IIBB xodimi voqeadan bir necha soat oldin ishdan bo‘shatilgan bo‘lib chiqmoqda. Bu tasodifmi?

2021 yil 17 iyul kuni kechqurun Chilonzor tumani Cho‘ponota ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan Kobalt avtomobili yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l chetida joylashgan do‘konga borib uriladi. Natijada fuqaro Bekzod Mamadaliyevga jiddiy jarohat yetadi.

Ma'lum bo‘lishicha, Kobalt haydovchisi – Toshkent shahar IIBB Shayxontohur tumani IIO FMB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘limi xodimi podpolkovnik J.J. bo‘lib chiqadi.

Kechqurun tanishlarim bilan do‘kon oldida o‘tirgandik. Birdan hamma yoq ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Nima bo‘lganini anglolmay qoldim. Bir vaqt qarasam, avtomobil bilan do‘kon orasida qisilib qolganman. Yaqinlarim meni bir amallab chiqarib olishdi. Shu zahoti kasalxonaga olib borishdi. O‘sha yerda bildimki, falokat natijasida tos suyagim singan ekan.

Keyinroq videotasvirdan guvohi bo‘ldimki, katta yo‘ldan chiqib ketgan Kobalt ustimizga otilib kelgan. Avtomobil meni urib, do‘kon devorigacha surib borgan va devorga qisib qo‘ygan. O‘sha vaqtda yonimdagilarga omad kulib, boshqa hech kimga jarohat yetmagan”, – deydi jabrlanuvchi Bekzod Mamadaliyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mas'ul xodimlar voqeadan bir hafta o‘tibgina ekspertizaga kelgan. Ekspertiza uning jarohatini og‘ir tan jarohati deb topgan.

U ekspertizaning cho‘zilganini tergovga qadar tekshiruvni kim olib borishi mavhum bo‘lib turgani bilan izohladi.

Bunga sabab – meni urib yuborgan xodim go‘yoki o‘sha kuni, ya'ni 17 iyulda ichki ishlar tizimidan ishdan bo‘shagan bo‘lgan. Bu haqda keyinroq eshitdik. Biroq men bunga ishonmayman. Tushunishimcha, xodim avtofalokat sodir bo‘lishi bilanoq ishdan bo‘shatilgan.

Agarda u ichki ishlar xodimi sifatida tergovga jalb etilsa, jinoyat ishini prokuratura yuritishi, organda ishlamaydigan fuqaro sifatida jalb etilsa, jinoyat ishini IIBBning o‘zi olib borishi lozim edi. Yakunda u oddiy fuqaro sifatida jinoyat ishiga jalb etildi. Shu tufayli hozirda tergovni IIBB tergovchisi olib boryapti”, – deydi Bekzod Mamadaliyev.

Kun.uz'ga ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining 2021 yil 17 iyul sanasi bilan rasmiylashtirilgan buyrug‘iga asosan J.J. xizmatdan bo‘shatilib, pensiyaga chiqarilgan.

Ma'lumki, qaysidir tizim xodimi tizim obro‘yiga dog‘ tushiradigan harakat sodir etadigan bo‘lsa, xodimni darhol yoxud eski sana bilan tizimdan chetlashtirish odati bor. Bu bilan go‘yoki tizim obro‘yiga putur yetishining “oldi olinadi”. Bu yerda ham shunday yo‘l tutilgan bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas. Har holda, xodimning jinoyat ishi qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘luvchi YTH sodir etishi va uning ishdan bo‘shashi bir kunga to‘g‘ri kelib qolgani shunga ishora bermoqda.

Holat bo‘yicha Toshkent shahar prokuraturasi axborot xizmati bilan bog‘lanib ma'lumot olishga harakat qildik. Biroq, axborot xizmati vakili Xurshida Rahmonova ma'lumot taqdim etishni so‘rab yozma murojaat bilan chiqish lozimligini bildirdi.

Shundan so‘ng bosh prokurorning matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov bilan bog‘lanishga majbur bo‘ldik. Mutasaddi ortiqcha qog‘ozbozlik va xat-hujjatlarsiz tezkor ma'lumot taqdim etdi. Unda ma'lum qilinishicha, 2021 yil 30 iyul kuni holat yuzasidan JKning 266-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda hozirda Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bekzod Mamadaliyev ichki ishlar xodimi Kobaltni boshqargan vaqtida mast holda bo‘lganini ta'kidlamoqda. Biroq, hali sobiq IIB xodimining qon tahlili natijalari noma'lumligi sabab bu masalada xulosa chiqarib bo‘lmaydi.

Ma'lumot uchun, JKning 266-moddasi 1-qismiga ko‘ra, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ushbu holatda aybdorga BHMning 50 baravari (12 mln 250 ming so‘m)gacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanishi mumkin.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid