Jahon | 11:30 / 06.08.2021
26071
2 daqiqa o‘qiladi

Shoygu Rossiya poytaxtini Sibirga ko‘chirishni taklif qildi

Foto: Sputnik

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu Sibirda aholisi million nafargacha yetadigan 5 ta yangi shahar qurishni va Rossiya poytaxtini ushbu hududga ko‘chirishni taklif qildi. U bunday taklifni Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir bo‘limi ilmiy jamoatchiligi bilan uchrashuvda bildirdi.

“Biz Sibirda 3 ta, yaxshisi 5 ta yirik ilmiy-sanoat, iqtisodiy markaz qurishimiz kerak. Bu yerda shunchaki shaharlar qurish va poytaxtni ko‘chirish bilan kifoyalanib qolmay, balki ushbu shaharlarni u yoki bu faoliyatga aniq yo‘naltirilgan qilish lozim”, deb aytgan Rossiya mudofaa vaziri.

Shoygu bu taklifni berishda sobiq ittifoq vaqtida u parchalanishi oldidan mavjud bo‘lgan shunday rejalar haqida eslab o‘tgan. “Afsuski, bu loyiha ma'lum sabablarga ko‘ra to‘xtatilgandi”, deb ta'kidlab o‘tgan vazir.

Shoygu zamonaviy Rossiyada sobiq ittifoq vaqtida amalga oshirilgan Komsomolsk-Amur, Krasnoyarsk va Sayano-Shushensk GESlari, Baykal-Amur magistrali kabi yirik loyihalarni ro‘yobga chiqarishning imkoni yo‘qligidan afsus bildirgan.

Mavzuga oid