O‘zbekiston | 17:54 / 09.08.2021
5747
3 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi lavozimi joriy etiladi

O‘zbekistonda Qonunchilik palatasi deputatining yordamchisi lavozimi joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda parlament saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.

“Oliy Majlis deputatlari nafaqat qonun ijodkorligi bilan shug‘ullanishi, balki o‘z saylov hududida elektorati bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yib, muammolarni aniqlash va tezkor yechim topishda ham mas'ul bo‘lmog‘i lozim. Chunki deputat saylovchilari oldida hisobdor.

Lekin Qonunchilik palatasi deputatlari har doim ham bu vazifani to‘la bajarish imkoniyatiga ega emas. Bu deputat bilan saylovchilar o‘rtasida yaqin aloqani yo‘lga qo‘yish maqsadida deputat yordamchisi institutini joriy etish zaruratini tug‘dirmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Bildirilishicha, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida deputatlar ushbu qonun loyihasini muhokama qildi.

“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a'zosining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya'ni, deputat yordamchisiga qo‘yiladigan talablar, vazifalar, ishga qabul qilish va mehnatiga haq to‘lash, ular tomonidan amalga oshiriladigan normalar belgilanmoqda.

Unga ko‘ra, deputat yordamchisi deputatning vakili sifatida saylov okrugida doimiy faoliyat yuritadi va u deputat bilan yaqin qarindosh va sudlanmagan bo‘lishi lozim. Unga haq to‘lash siyosiy partiya mablag‘i hisobidan amalga oshiriladi. U saylovchilarni Qonunchilik palatasidagi deputati faoliyatidan, o‘z navbatida deputatni saylov okrugida yuz berayotgan voqealar, fuqarolar murojaati, mahalliy ijro hokimiyati qarorlaridan xabardor qilib turadi.

Fraksiya a'zolari yangi institut deputatlar faoliyati samaradorligini ta'minlashi bilan birga odamlar og‘irini yengil qilishdagi ahamiyatini e'tiborga olib, ushbu qonun loyihasini ma'qulladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid