O‘zbekiston | 19:27 / 10.08.2021
61900
7 daqiqa o‘qiladi

“Matritsa” filmining o‘zbek qahramonlari. “Malibu”lar bo‘yicha rasmiylar sukutida qay ma'no yashirin?

Rasmiylarning 1-videodagi voqealarni “yumshoqroq” talqin qilishi hech bir tomonga foyda bermadi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degandek, 2-video hech qanday shubha-gumon, boshqacha talqin qilishlarga yo‘l qoldirmadi. Balki shuning uchun ham IIV 2-video bo‘yicha hamon jimdir.

“Matritsa” filmida virtual dunyodagi insonlarni qutqarish uchun real dunyodan tashrif buyurgan xaloskorlar dushman ta'qibiga uchrab, ilojsiz ahvolda qolganida telefon go‘shagi orqali real dunyoga qochib qutulish sahnasi bir necha bor takrorlanadi.

Bugungi jamiyatimizda ham telefon go‘shagi orqali istalgan ta'qibdan qochib keta oladigan “qahramonlar” yetarlicha topiladi.

Xususan, “Malibu” haydovchilari bilan bog‘liq voqealar aks etgan ikkita videolavha yo‘l harakati xavfsizligi tizimidagi “kasallik”ni oshkor qilib tashladi.

Birinchi lavhadagi holat bo‘yicha tezkorlik bilan munosabat bildirgan ichki ishlar organlari ikkinchi videodagi holat yuzasidan salkam bir hafta o‘tibdiki, jimlik saqlashmoqda.

2021 yil 2 avgust. Olmaliqda YPX xodimi “yuqoridan kelgan” buyruq bilan qoidabuzar haydovchini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarni “portlatdi”.

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati shu kunning o‘zida, aniqrog‘i bir necha soat ichida holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi. Unda voqea 28 iyul kuni bo‘lgani, YPX xodimi “O‘zbektemiryo‘lmashta'mir” UK avtomobili haydovchisini xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgani, shu jarayonda haydovchiga bayonnoma rasmiylashtirilgani, qoidabuzarni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rilgani bayon qilindi.

2021 yil 3 avgust. YPX xodimi qizil rangdagi “Malibu” avtomobilini haydovchi harakat vaqtida telefondan foydalangani uchun to‘xtatadi. Inspektor haydovchiga holat bo‘yicha ma'muriy bayonnoma tuzilishini bildiradi. Haydovchi esa qoida buzmaganini aytib, bayonnoma tuzilishiga e'tiroz bildiradi. Oradan bir muddat o‘tib, haydovchi ayol o‘z telefonini YPX xodimiga tutqazadi. Telefonda gaplashish jarayonida YPX xodimining “popugi pasayadi”. Avvaliga jarima rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan xodim telefondagi suhbatdan so‘ng, haydovchiga ogohlantirish berish bilan cheklanadi.

Balki, 2-videoda hammasi ochiq-oydin aks etib, voqelikni boshqacha talqin qilishga imkon qolmagani tufayli izoh berish mushkul bo‘lib turgandir? Chunki, videoda YPX xodimi ayolga ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmoqchi bo‘lib turganida, telefonda “kattakon” bilan suhbatdan so‘ng fikridan qaytib qoldi va muomalani “yumshatib”, ogohlantirish bilan haydovchini kuzatib qo‘ydi.

Bundan farqli ravishda, birinchi videolavhada ba'zi mavhumliklar bor edi. Ya'ni, YPX xodimiga “ushlab turgan avtomobilini ko‘p gapirmasdan oq yo‘l tilab qo‘yib yuborishi kerakligi” uqtirildi. Bu ko‘pchilik nazarida jarima qo‘llanmaganini anglatsa-da, videolavhada aniq xulosa aks etmagani voqealar rivojini kutilmagan tomonga “burib yuborishga” qo‘l kelgan bo‘lsa, ajabmas.

Toshkent viloyati IIBB ma'lumotida “haydovchiga jarima rasmiylashtirilgan” bo‘lib chiqdi. Mantiqan olib qaraganda, ancha “yuqoridan” telefon bo‘lganda: “Jarima qo‘llasang ham, uzoq ushlab turma” emas, “Nega to‘xtatding, uzr so‘rab, oq yo‘l tila” mazmunida buyruq beriladi va bu buyruqda jarima qo‘llamaslik ma'nosi zohir bo‘ladi.

Shu tariqa, rasmiylarning 1-videodagi voqealarni “yumshoqroq” talqin qilishi hech bir tomonga foyda bermadi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degandek, 2-video hech qanday shubha-gumon, boshqacha talqin qilishlarga yo‘l qoldirmadi. Tizimdagi muammolarni xaspo‘shlash kutilgan natijani keltirmadi.

Shunday qilib, 25 ta radarga tushgan, 5 nafar farzandni yolg‘iz katta qilayotgan qizil “Malibu” sohibasi va uning “tanka”si kimligi hamon sir saqlanyapti. Bundan tashqari, “O‘ztemiryo‘lmashta'mir”ga tegishli “Malibu”dagi mansabdor va uning ichki ishlardan kimga telefon qilgani ham ochiqlanmayapti.

Ma'lumot uchun, “O‘ztemiryo‘lmashta'mir” UK – “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibiga kiruvchi korxona.

Qizig‘i, rasmiylarning o‘zi ham tizimdagi tanish-bilishchiliklarga qarshi kurashishni xohlamayotgandek. Olmaliqdagi voqea yuzasidan IIV axborot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosovdan qo‘shimcha ma'lumotlar olishga qaratilgan harakatlarimiz natija bermadi. Jumladan, “yuqoridan bosim” tashkil etgan “Malibu”dagi mansabdorning kimligi, uning ichki ishlar tizimidan qaysi mansabdor bilan bog‘langani haqidagi savollarimizga javoban Shohrux G‘iyosov “jamoatchilikka berilishi mumkin bo‘lgan barcha ma'lumotlar taqdim etilgan”ini bildirdi.

Qizil “Malibu” bo‘yicha esa rasmiy ma'lumotga umuman duch kelmadik. Holat bo‘yicha IIV YHXBB axborot xizmatiga qilgan murojaatimizga javoban rasmiy ma'lumot berilishi aytilgan bo‘lsa-da, hozirgacha jimlik hukm surmoqda.

So‘nggi voqealar shuni ko‘rsatmoqdaki, tizimdagi tanish-bilishchilik va telefonbozlik uchun faqat quyi toifa xodimlarini ayblash noo‘rin. Fuqarolarning qonun oldida tengligi, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyillarining oyoqosti bo‘lishiga asosan tizimning yuqorisidagi mansabdorlar “hissa qo‘shmoqda”.

O‘z xizmatini vijdonan olib borishni xohlaydigan YPX xodimlari talaygina ekani shubhasiz, biroq “yuqori”dan bo‘ladigan telefonlar har qanday vijdonli xodimni tizimdan ko‘ngli sovib, uni tark etishiga yoki noqonuniy buyruqlarga ko‘nikib ketishiga sabab bo‘ladi.

E'tiborli jihati shundaki, telefonbozliklar haqida barcha birday bilsa-da, bu bo‘yicha aniq faktlar yo‘q edi. Toshkent telekanalidagi “Poytaxt yo‘llarida” ko‘rsatuvining kamerasiga bir emas, ikkita shunday holatning muhrlanishi muammoning tizimli ekanidan guvohlik bermoqda.

Demak, oshkoralik va jamoatchilik nazorati o‘rnatilmasa, mana shunday holatlar “pana-pastqamlarda” yuzlab, minglab takrorlanaveradi.

Fikrimizcha, YPX xodimlarining bodikamerasini maxsus platformada onlayn kuzatib borish imkoniyatini yaratish – tanish-bilishchiliklarning ildiziga bolta urgan bo‘lardi.

Hozircha esa har ikki holat bo‘yicha barcha aybdorlar aniqlanib, qonuniy jazoga tortilmas ekan, mas'ullar aybdorlarning yonini olyapti, degan fikrda qolaveramiz.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid