Jahon | 14:18 / 11.08.2021
7491
3 daqiqa o‘qiladi

Eronlik sobiq turma nazoratchisi Shvetsiyada 1988 yilgi ommaviy qatl uchun sudlanmoqda

Tehron yaqinidagi Goshardasht qamoqxonasining sobiq xodimi, 60 yoshli eronlik Hamid Nuriy Stokholmda sudlanmoqda. Shvetsiya prokuraturasi uni «Xalq mujohidlari» (yashirin marksistik tashkilot)ga a'zo yoki unga yaqin bo‘lgan juda ko‘p sonli mahbuslarni qasddan o‘ldirganlikda ayblamoqda», deb yozadi VVS.

Foto: Reuters

Bu voqealar 1988 yil 30 iyuldan 16 avgustgacha sodir bo‘lgan, o‘shanda bir necha ming kishi yuridik tartib-qoidalarga rioya qilinmasdan qatl etilgan. Nuriy bu vaqtda Goshardasht qamoqxonasida prokuror o‘rinbosari yordamchisi bo‘lib ishlagan

Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, Nuriy ba'zi hukmlarni o‘z qo‘li bilan bajargan. 

Bu o‘sha ish bo‘yicha dunyodagi birinchi sud jarayoni. Unga qo‘shimcha qiziqish Eronning amaldagi prezidenti Ibrohim Raisiyning 25 yoshida Tehron prokurori o‘rinbosari etib tayinlangani, u maxfiy sud majlislarini o‘tkazgan to‘rt sudyadan biri bo‘lgani va majlislar asosan qatl etish bilan tugaganligidan kelib chiqadi. 

Nuriy seshanba kuni ertalab sudga olib kelingan. 

«Mening mijozim aytishicha, bu jinoyatlar sodir bo‘lganida u hattoki o‘sha yerda bo‘lmagan. Ayblov asosan guvohliklarga asoslangan. Voqealar ancha oldin sodir bo‘lgan, odamlarning xotirasi esa uzoq vaqtdan keyin pand berishi mumkin», dedi Nuriyning advokati Daniel Markus. 

Bir necha o‘nlab namoyishchilar qurbonlarning portretlarini ko‘targan holda adolat talab qilib, sud binosi oldiga to‘planishgan.

Hukm 2022 yil aprel oyida chiqarilishi kutilmoqda. 

Shvetsiya rasmiylarining Nuriyga bo‘lgan e'tibori tegishli bayonotlar bilan chiqqan 30 nafarga yaqin kishi tufayli kuchaydi. O‘z navbatida, asosiy bayonot eronlik muhojir Iray Mesdahiy tomonidan berildi. 

Sobiq siyosiy mahbus bo‘lgan Mesdahiy bir necha yil Nuriyga qarshi o‘ziga xos shaxsiy surishtiruv olib borgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha ming sahifadan iborat ayblov materiallarini to‘plab, ularni shved prokurorlariga topshirgan, so‘ng dushmanini qarindoshlari bo‘lgan Shvetsiyaga aldab chaqirtirib, dengiz kruizi tashkillashtirib berishni va'da qilgan.

Nuriy 2019 yilning noyabr oyida Arlanda aeroportida shved tuprog‘iga qadam qo‘yishi bilanoq hibsga olingan. 

Shvetsiya qonunchiligi, qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan va qayerda sodir etilganligidan qat'i nazar, odamlarni qotillik va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun sudlovga tortishga ruxsat beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid