O‘zbekiston | 09:57 / 11.08.2021
5179
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘ynoqda ommaviy mushtlashuv holati yuzasidan izoh berildi

Kecha Mo‘ynoqda "Aral" o‘yingohida ommaviy mushtlashuv bo‘lgani haqida xabar bergandik. Mo‘ynoq tumani hokimligi holat yuzasidan Kun.uz’ga izoh berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, voqea kecha, 10 avgust kuni soat 18:00 da Muynoq tumani «Orol» stadionida sodir bo‘lgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va tumanlar orasida sportning futbol turi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi XXVIII chempionati «KUShMAG» 2-ligasi doirasida Muynoq tumanining «Muynoq siti» va Milliy Gvardiyaning «Jayxun» jamoalari o‘rtasida o‘yin bo‘lib o‘tgan.

O‘yin jarayonida ikkita jamoa o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. O‘yinning taxminan 67-daqiqalarida «Mo‘ynoq siti» jamoasi a'zosi Myrzamuratov Salamatni «Jayxun» klubi a'zosi Yerejyepov Alpamys chalib yiqitgan. Natijada jamoalar orasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan. Ayrim tomoshabinlar esa o‘yinni boshqargan bosh hakamning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, maydon tomonga chiqib ketgan.

Qayd etilishicha, holat natijasida hech kimga jarohat yetmagan. Tuman IIB va Milliy Gvardiya Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan o‘z vaqtida nojo‘ya harakatlarning oldi olinishiga erishilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, o‘sha kuni IIB va Milliy Gvardiya Qo‘riqlash bo‘limining 24 nafar xodimi IIB tomonidan ishlab chiqilgan dislokatsiya asosida jamoat tartibini saqlashga biriktirilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Nukusda festivaldan so‘ng ommaviy mushtlashuv sodir bo‘lgandi. 

Mavzuga oid