O‘zbekiston | 17:50 / 12.08.2021
7969
3 daqiqa o‘qiladi

Bitta shaxsning uchta korxonasi ishtirok etgan davlat xaridi: nima sababdan bunday holatlarning oldi olinmayapti?

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xaridlari bo‘yicha tanlovda bir shaxsga tegishli bir nechta korxona ishtirok etib, ularning biri g‘olib bo‘lganiga oid xabarlar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tovar-xomashyo birjasi mas'uli vaziyatga izoh berdi.

Avvalroq, 442 mln so‘mlik davlat xaridi bo‘yicha tanlov bir tadbirkorning 3ta korxonasi ishtirokida o‘tgani xabar qilingandi. Bu ijtimoiy tarmoqlarda manfaatlar to‘qnashuvini yuzaga keltirgan noxolis tanlov sifatida muhokamalarni keltirib chiqardi. Nima sababdan bunday holatlarga yo‘l qo‘yilayotgani borasida Respublika Tovar-xomashyo birjasi boshqarma raisining birinchi o‘rinbosari Zulfiddin Kamolov 12 avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida izoh berdi.

“Yangi qabul qilingan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga benefitsiar mulkdor, affillangan shaxs, manfaatlar to‘qnashuvi kabi bir nechta yangi tushunchalar kiritilgan. Undan tashqari, 2022 yilning 1-yarmidan boshlab tanlov va tenderlar faqat elektron shaklda o‘tkazilishi belgilangan. Bu hozirgi kunda har bitta korxonaning mulkdorlari, ustav fondi shakllangandagi ishtirokchilari, STIR raqamlari yoki shaxsini tasdiqlovchi maxsus kodlar to‘liq elektron shaklda tasdiqlanmagani sababli integratsiya ta'minlanmagan. Shu sababli 2021 yil dekabr oyigacha shu ma'lumotlarni to‘liq shakllantirish topshirig‘i berilgan. Bu borada davlat xizmatlari agentligi, DSQ hamda biz tomondan ma'lumotlarni shakllantirish va integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Integratsiya to‘liq ta'minlangandan keyin yuqoridagi kabi holatlarda ishtirokchilarning tenderda qatnashishini cheklash mumkin bo‘ladi. Birja tomonidan bunday ishtirokchilarni cheklash ma'lumotlari to‘liq shakllanmagani uchun ularning ishtirokini cheklash imkoni yo‘q. Aslida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunda manfaatlar to‘qnashuviga olib keluvchi har qanday tanlovlar yoki savdolar o‘tkazish taqiqlanadi. Bu borada baza to‘liq shakllangach, bu jarayonni to‘liq nazoratga olish imkoni paydo bo‘ladi”, — dedi birja mas'uli. 

Shuningdek, Zulfiddin Kamolov ma'lumotlar to‘liq integratsiya qilinmasdan ham jamoatchilik bunday ma'lumotlarni ochiq manbalardan olayotganiga izoh berdi.

“Davlat statistika qo‘mitasi sayti orqali yaqinda ochilayotgan korxonalarning ustav fondini shakllantiruvchilarning aniq ro‘yxatini ko‘rish mumkin. Unda soliq to‘lovchining maxsus kodlari, jismoniy shaxslarning kodlari ko‘rsatilgan. Lekin oldin ochilgan korxonalar bor, ular haqidagi ma'lumotlar elektron shakllanmagan. Biz yangi ma'lumotlarni kiritishda cheklov o‘rnatishimiz oldingi korxonalarga to‘siq paydo qiladi. To‘liq ma'lumotlar shakllantirilganda, tizimning o‘zi bunday holatlarning oldini oladi”, — dedi u.

Mavzuga oid