O‘zbekiston | 09:47 / 12.08.2021
33046
2 daqiqa o‘qiladi

G‘ijduvon tumani hokimi o‘zgardi

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani hokimi lavozimdan olindi. Uning o‘rnini viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i egalladi.

Bugun, 12 avgust kuni Xalq deputatlari G‘ijduvon tuman Kengashining navbatdagi sessiyasida tuman hokimi o‘zgarishi tashkiliy masala sifatida ko‘rildi.

Sessiya davomida G‘ijduvon tuman hokimi lavozimida ishlab kelgan Murodjon Umarov o‘z arizasiga binoan lavozimidan ozod etilgani ma'lum qilingan va viloyat hokimi Botir Zaripov tuman hokimligiga ayni vaqtga qadar Buxoro viloyat Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Sherzod Ashurov nomzodini tavsiya qilgan.

Taklif Xalq deputatlari G‘ijduvon tumani Kengashi deputatlari tomonidan ma'qullangan. Sessiyada Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Ashurov G‘ijduvon tumani hokimi etib tasdiqlangan. 

Soliq qo‘mitasi xabariga ko‘ra, Sherzod Ashurov 2018 yildan buyon Buxoro viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan.

Ma'lumot uchun, Buxoro viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari bo‘lgan Murodjon Umarov 2016 yilda G‘ijduvon tumani hokimi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid