O‘zbekiston | 17:18 / 13.08.2021
8068
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Qarshi shaharlarida pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan dorilarni noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlandi

Toshkent va Qarshi shaharlarida pandemiya davrida talab yuqori bo‘lgan dorilarni noqonuniy sotayotgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi hamda IIBB hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda, fuqaro M.B. boshqa bir fuqaroga Hindistonda ishlab chiqarilgan 20 dona «Remdesivir Jubi-R» dori vositasining har birini 900 ming so‘mdan, Ukrainada ishlab chiqarilgan 20 quti «Tserebrokurin» dori vositasining har bir qutisini 410 dollardan hisoblab, jami 9 900 dollarga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.A. xorijda ishlab chiqarilgan 130 dona «Covifor» (Remdesivir Injectio) dori vositasining har bir donasini 650 ming so‘mdan hisoblab, jami 84,5 million so‘mga sotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, Departamentning Qarshi shahar bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro R.Sh. va F.A. oldindan til biriktirib, Hindistonda ishlab chiqarilgan 21 dona «Remdesivir for injection» dori vositasining har bir donasini 850 ming so‘mdan hisoblab, jami 17,8 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid