O‘zbekiston | 16:36 / 14.08.2021
9354
2 daqiqa o‘qiladi

MSK O‘zbekistondagi beshta partiyaga prezidentlik saylovida qatnashishga ruxsat berdi

Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekistondagi 5 ta siyosiy partiyaning prezident saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab taqdim qilgan hujjatlarini ko‘rib chiqdi. Bu haqda bugun, 14 avgust kuni MSKdagi brifingda ma'lum qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 63-moddalariga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Ekologiya partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishga ijozat berishni so‘rab taqdim qilgan hujjatlarini ko‘rib chiqib, mazkur partiyalarga 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi uchun ijozat berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi”, – dedi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov.

Shu kuni mazkur siyosiy partiyalarga saylovda qatnashishga ijozat berish to‘g‘risidagi guvohnomalar topshirildi.

Tadbirda saylovni o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining shaxsiy tarkibini tasdiqlash va OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Ma'lum qilinishicha, Markaziy saylov komissiyasi dastlabki yig‘ilishida 500 dan ortiq OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan bo‘lsa, bugungi yig‘ilish qarori bilan yana 180 dan ziyod OAV vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Xususan, Kun.uz va Daryo.uz saytlari hamda UzReport telekanallarining muxbir va operatorlari saylov jarayonlarini yoritib borish uchun akkreditatsiyadan o‘tgani e'lon qilindi va tegishli tartibda guvohnomalar topshirildi.

Mavzuga oid