O‘zbekiston | 23:01 / 16.08.2021
49271
9 daqiqa o‘qiladi

Nega G‘arb Afg‘onistondan chiqib ketdi?

Markazlashmagan, o‘nlab guruhlarga bo‘linib ketgan dushmanga qarshi kurash bundan keyin ham samara bermasligi oydinlashdi. Qolaversa, dronlarning harbiy sohaga kirib kelishi va zamonaviy dunyoda urushning kibermakonga ko‘chgani harbiy strategiyalarni o‘zgartirib yubordi.

Afg‘onistondan AQSh va boshqa G‘arb davlatlari qo‘shinlarining chiqib ketishi natijasida “Tolibon” hokimiyatga keldi. Afg‘oniston to‘la zabt etilishi oqibatida Markaziy Osiyo mamlakatlariga bir qancha yangi tahdidlar paydo bo‘lishi mumkin.

2021 yilning 14 aprelida AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni 11 sentyabrgacha olib chiqib ketishini e'lon qilgach, “Tolibon” guruhi harbiy harakatlarni faollashtirdi. Bu esa 15 avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining iste'fo berishi hamda Kobulning “Tolibon” nazoratiga o‘tishiga olib keldi.

Afg‘oniston to‘la zabt etilishi uchun bir necha oy vaqt ketgan bo‘lishiga qaramay, voqealar rivoji uzoq yillik tendensiyalar asosida shakllangani va Markaziy Osiyo davlatlariga sezilarli ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rishimiz mumkin.

Nega G‘arb davlatlari “Tolibon”ga yon berdi?

Birinchidan, tarixga nazar soladigan bo‘lsak, “Tolibon”ning dastlabki vakillari Afg‘onistondagi fuqarolar urushidan Pokiston hududiga qochib o‘tgan aholi yoki ularning farzandlari edi. Ular, asosan, sovet qo‘shinlariga yoki Moskva homiyligida tuzilgan Najibulloh hokimiyatiga qarshi kurash olib borish maqsadida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan va moliyalashtirilgan. Bu ishlarning nazorati esa “Al-Qoida” hamda Usama bin Lodin qo‘lida bo‘lgan.

Sovet ittifoqining parchalanishi va Afg‘onistonda Najibulloh hukumatining qulashi bilan mujohidlarga bo‘lgan e'tibor kamayishi Usama bin Lodinni “Al-Qoida” hamda unga a'zo tashkilotlarning yagona yetakchisiga aylantirdi. Saudiya Arabistonining o‘ziga to‘q oilasida ulg‘aygan bin Lodin o‘zining asosiy maqsadi sifatida Falastindagi yerlarni arablarga qaytarib berishni qo‘ygandi. Bu davrning o‘ziga xos jihati shunda ediki, ko‘pincha AQSh yoki Isroilga tegishli obektlar terrorchilik hujumlarining nishoniga aylanardi. Talab esa geosiyosiy kayfiyatda bo‘lib, Falastin yerlari qaytarib berilishi edi.

Biroq 2001 yil Afg‘onistonda “Tolibon”ni ag‘darishga qaratilgan, 2003 yil Iroqda Saddam Husaynga qarshi amalga oshirilishi boshlangan harbiy harakatlar va 2011 yilda bin Lodinning jismonan yo‘q qilinishi bilan yakunlangan maxsus operatsiya natijasida “Al-Qoida” va unga a'zo tashkilotlar o‘z xususiyatlarini o‘zgartirdilar. Endilikda ekstremist tashkilotlar aniq geosiyosiy talablarsiz oddiy aholini ham nishonga aylantira boshladilar.

Bunga dalil sifatida Iroq-Shom Islom davlati nomi ostida shakllangan, bin Lodin davrida “Al-Qoida”ga aloqasi bo‘lgan, uning o‘limidan so‘ng ajralib chiqqan Bag‘dodiy boshchiligidagi guruh xristian va shia e'tiqodiga mansub shaxslarni nishonga aylantirdi. Vaholanki, bin Lodin AQSh yoki Isroil siyosatiga bog‘liq strategik harakatlarni amalga oshirardi. Keyinchalik esa yuk avtomobillari bilan Fransiya, Shvetsiya va AQShda tinch aholining qurbon qilinishi AQSh tomonidan e'lon qilingan “terrorizmga qarshi urush” tashkilotlarning marjinallashishi bilan yakunlanganini ko‘rsatdi.

Ya'ni bir paytlar yagona “Al-Qoida” tizimidagi guruhlar endi muzokara olib borib bo‘lmaydigan (chunki ularga endi yagona markaz yo‘q edi), lekin terrorchilik amaliyotlarini sodir etib kelayotgan alohida tashkilotlarga aylangandi.

Ikkinchidan, AQSh qo‘shinlarining olib chiqib ketilishi bilan siyosiy muvozanat o‘zgarishi faqatgina Afg‘onistonda sodir bo‘lmayapti. Bu kabi jarayon Iroq bosh vazirining AQShga tashrifi fonida Iroqda ham ro‘y bermoqda. Iroq parlamentida Eron tarafdorlarining oshishi bilan bir qatorda AQSh harbiylari soni qisqarmoqda.

Bu xalqaro tendensiya siyosiy va iqtisodiy markazlarning ko‘chishi bilan ham izohlanadi. Yanada e'tiborlisi, bu o‘zgarishlar faqatgina geografik nuqtayi nazardan emas, balki texnologik jihatdan ham sodir bo‘ldi. Dronlarning kashf etilishi va eronlik general Qosim Sulaymoniyga qarshi muvaffaqiyatli operatsiyalar AQSh uchun endilikda ko‘plab hududlarda yirik xarajatlarga sabab bo‘luvchi bazalarni saqlab turishdan manfaat yo‘qligini ko‘rsatdi. Agar Afg‘oniston yoki Iroqda harbiy amaliyot zarur bo‘ladigan bo‘lsa, Vashington bu ishni Qatardan uchirilgan boshqaruvsiz texnikalar yordamida uddalashi mumkinligiga amin bo‘ldi.

Z.Bjyezinskiy  “Buyuk shaxmat doskasi”da ta'kidlaganidek, Moskva yoki Pekin bilan raqobatlashuv uchun ham zamonaviy dunyoda Afg‘oniston yoki Iroqda qo‘shin saqlab turish o‘z ahamiyati yo‘qotdi. Bunga sabab sifatida, bu raqobat maydoni quruqlik, dengiz yoki havo bo‘shliqlaridan kiber bo‘shliq yoki kosmik kengliklarga ko‘chgani bilan izohlanadi.

Quruqlikda ko‘p sonli kontingentlarni ushlab turish o‘z dolzarbligini yo‘qotishi bilan AQSh va boshqa G‘arb davlatlari qo‘shinlarining bosqichma-bosqich evakuatsiyasini boshladilar.

Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri

1747 yil Ahmad shoh Durroniy tomonidan Afg‘onistonda mustaqil davlatchilik tashkil etilgunga qadar, afg‘on xalqlari turli xil imperiyalar tarkibida Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxlitlikda bo‘lib kelgan. Bu Movarounnahr va Xuroson deb atalgan hududlarda o‘xshash madaniyatlar va dunyoqarashlar shakllanishiga xizmat qilgan. Mustaqil Afg‘oniston davlatchiligi tuzilishi ham ikki o‘rtada aloqalar uzilishiga sabab bo‘lmagan, savdo-sotiq munosabatlari rivojlangan.

1920 yillarda Markaziy Osiyoda kommunistik tuzum o‘rnatilishi, Afg‘onistonda milliy qadriyatlarning saqlanib qolishi tarixan birga bo‘lib kelayotgan xalqlarni bir-biridan farqlanuvchi ikki qismga bo‘lib yubordi.

Tarixiy jarayonlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, qo‘shni Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelishining Markaziy Osiyo xalqlari uchun asosiy xavfi uning “legitimlik tuzog‘i”dir. Ya'ni “Tolibon” borasidagi turli xil fikr aholi orasida qutblashishni vujudga keltiradi va bu o‘zaro nifoqqa sabab bo‘lishi mumkin.

Birinchi guruh kishilari “Tolibon”ni umumiy tarixiy geografik hudud, qadimgi Movarounnahr va Xuroson yerlarida, “legitim” statusga ega deb xavfsirash natijasida shakllanib boradi. Aslida qarorlari faqatgina Afg‘oniston hududiga amal qiladigan, haligacha kelajakda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturiga ega bo‘lmagan, dala qo‘mondonlari bilan munosabatlarda yakuniy kelishuvga erishilmagani sababli yaxlitligi kafolatlanmagan “Tolibon” hamda uning ideologiyasi Markaziy Osiyo hududiga umumiy xavf deb qarash oqibatida islomofobiya o‘sishi mumkin.

Natijada, bu guruh uchun mo‘'tadil yoki konservativ dindor kishi (ya'ni kundalik diniy amallarni bajaruvchi) ham go‘yoki “Tolibon” vakili sifatida ko‘rilishi va din bilan bog‘liq holatlardan qochishga (hatto masxara qilishga) sabab bo‘ladi. Holbuki, aholisining asosiy qismi islom diniga e'tiqod qiluvchi davlatlarda dindor qatlamning bo‘lishi tabiiy.

Ikkinchi guruh “Tolibon”ning g‘alabasini mintaqadagi madaniy qatlam g‘alabasi sifati baholashi oqibatida ularga taqlid qilishga intilishi oqibatida shakllanib boradi. Bu guruhdagilar o‘zlariga qarama-qarshi qo‘ygan birinchi guruhdagilarni ham “Tolibon” uslubida mag‘lub etmoqchi bo‘lishlari, mo‘'tadil yoki konservativ qarashlardan radikal qarashlarga “ko‘chib o‘tishlari” mumkin.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, “Tolibon”ning Afg‘onistonda hokimiyatni egallashining asosiy ijtimoiy xavfi – mamlakatlar aholisi orasida qutblashishni vujudga keltirishi deb baholash mumkin.

Albatta, mintaqadagi vaziyatning investitsiyaviy iqlimga salbiy ta'siri, liberal ruhdagi siyosiy-iqtisodiy qarorlar qabul qilishdagi yangi to‘siqlar va so‘z erkinligi bilan bog‘liq xatarlarni ham e'tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, “Tolibon”ning qo‘shni davlatlarga qurolli hujum uyushtirishi ehtimoli juda kamligini ham ta'kidlash lozim.

Shahboz Jo‘rayev,

Doston Ahrorov

Mavzuga oid