Saylash huquqiga ega mahbus va mahkumlarning saylovda ishtirok etish tartibi qanday?
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova jazoni ijro etish muassasalaridagi saylash huquqiga ega bo‘lgan mahbus va mahkumlarning O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishi tartibi to‘g‘risida ma'lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi belgilangan.
Saylov kuni 18 yoshga to‘lgan, qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan shuningdek, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar esa ovoz berish huquqiga egadirlar.
Ombudsman saylovga tayyorgarlik jarayonlarida aynan qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylaridagi maxsus ajratilgan binolarda yashirin ovoz berish uchun yetarli miqdorda kabinalar yoki xonalar tayyorlanganligi, saylov qutilari bilan ta'minlanganlik holatlarini o‘rganadi. Asosiy e'tibor saylov uchastkasining belgilangan talablarga muvofiq saylovchilarning hech qanday tazyiq va ta'sirlarsiz yashirin ovoz berish huquqlari ta'minlanishi uchun mos tarzda jihozlanganligiga qaratiladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, saylash huquqiga ega mahkumlar qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Saylovchilarning ro‘yxatlari esa mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlar asosida uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi va saylovchilar yagona elektron ro‘yxatiga kiritiladi. Agarda harakatlanish erkinligi cheklangan muassasalarda mahkumning saylash huquqi bo‘laturib unda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilish holatlari bo‘yicha murojaatlar kelib tushsa, ular darhol joyiga chiqib o‘rganiladi.
Uchastka saylov komissiyasi saylovchilar ro‘yxati, saylash joyi va vaqti to‘g‘risida mahkum-saylovchilarni xabardor qilganida biror bir xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga shikoyat qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.
Saylov kuni qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarining ma'muriyati mahkumlarning saylov uchastkasiga kirib chiqishi va xavfsizligini ta'minlashi, shuningdek, ichki tartib-qoidalariga rioya etishi uchun mas'ul hisoblanadi.
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari mazkur muassasalarning ma'muriyati bilan birgalikda saylovchilarni saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari, saylovga tayyorgarlik ko‘rish, uni o‘tkazish jarayonlari, saylov o‘tkazish vaqti va tartibi hamda nomzodlar haqida xabardor qilib boradi.
Shuningdek, nomzodlarga, ularning ishonchli vakillariga, siyosiy partiyalarga fuqarolar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqoti uchun teng sharoitlar yaratib berilishi lozim. Shundagina mahkumlar nomzodlar tomonidan ko‘tarilayotgan tashabbuslar asosida ulardan birini tanlaydi va saylash huquqidan foydalanadi. Ombudsman va uning mintaqaviy vakillari tomonidan olib boriladigan o‘rganishlarda ayni shu jihatlar e'tiborga olinadi.