O‘zbekiston | 18:14 / 22.08.2021
9671
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga Xitoydan yana 3 mln doza vaksina keltirildi

Mamlakatda so‘nggi vaqtlarda kunlik emlash ko‘rsatkichlari tushib ketgani kuzatilayotgandi. To‘liq emlanganlar soni endigina 1,5 millionga yaqinlashmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

22 avgust kuni O‘zbekistonga ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining yana 3 million dozasi olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, endilikda mamlakatga keltirilgan jami vaksinalar 17 million 856 ming 540 dozani tashkil qilmoqda.

Ulardan:

  • 13 500 000 million dozasi ZF-UZ-VAC2001,
  • 3 000 060 dozasi Moderna.
  • 986 480 dozasi AstraZeneca,
  • 370 000 dozasi Sputnik V vaksinasidir.

Iyul oyida O‘zbekistonda vaksinatsiya jarayoni tezlashgan va kuniga o‘rtacha 400-500 ming doza vaksina qo‘llanayotgandi, ammo avgust oyi boshiga kelib vaksina zaxirasi kamayishiga mutanosib tarzda kunlik emlanish ko‘rsatkichi ham 50-70 ming doza darajasiga pasaygandi. Xususan, 21 avgust kuni 74 ming dozadan ortiqroq vaksina qo‘llangan. 

SSVga ko‘ra, shu kunga qadar 12 million 750 ming 44 doza vaksina emlash jarayonlarida foydalanildi.

Koronavirusga qarshi to‘liq emlangan fuqarolar soni 1 million 479 ming 304 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzuga oid