Jahon | 09:38 / 23.08.2021
18453
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya toliblarga qarshi sanksiyalar kiritilishini talab qilmoqchi

Foto: Reuters

Britaniya “Katta yettilik”ning 24 avgustda Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha o‘tadigan sammitida jahon yetakchilarini “Tolibon”ga nisbatan yangi sanksiyalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqishga undamoqchi.

Britaniyaning fikricha, toliblar inson huquqlarini buzsa va Afg‘oniston hududining jangarilarga boshpana sifatida qo‘llanishiga ijozat bersa, “Katta yettilik” davlatlari ularga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritish va Afg‘onistonga yordam berishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishi lozim.

“Jahon hamjamiyati Afg‘onistondan xavfsiz evakuatsiyani ta'minlash, u yerda gumanitar inqirozning oldini olish va afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash, oxirgi 20 yil ichida u yerda erishilganlarni mustahkamlash uchun birgalikda ishlashi muhimdir”, deb aytgan Britaniya bosh vaziri Boris Jonson.

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Jo Bayden toliblar bergan va'dalariga amal qilmasa, Britaniya sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishdagi harakatlari uchun ham AQShda, ham xorijda tanqidga uchrayotgan Bayden o‘tgan hafta “Katta yettilik” “Tolibon”ga nisbatan umumiy yondashuv ishlab chiqishini aytgan.   

Britaniya OAVlarining ma'lum qilishicha, Jonson Afg‘onistondan ko‘proq odamlarni evakuatsiya qilish uchun Baydenni AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishi oxirgi muddatini keyinroqqa surishga ko‘ndirmoqchi.

22 avgustda Oq uy rahbari amerikalik harbiylar qo‘shinlar olib chiqilishi oxirgi muddati uzaytirilishini muhokama qilishayotgani, biroq bunga zarurat bo‘lmasligiga umid qilayotganini aytgan. U “Katta yettilik” bo‘yicha ittifoqdosh davlatlar oxirgi muddat uzaytirilishini so‘rasa, Vashington bu masalani ko‘rib chiqishini aytgan.

Mavzuga oid