O‘zbekiston | 10:21 / 23.08.2021
3006
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda fuqaroga haydovchilik guvohnomasi olib bermoqchi bo‘lgan shaxs va uning avtomaktabdagi sherigi ushlandi

Jizzax shahrida haydovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus kurslarda o‘qimagan fuqaroga pul evaziga guvohnoma olib bermoqchi bo‘lgan shaxs va uning avtomaktabdagi sherigi ushlangan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Jizzax shahrining Qassoblik mahallasidagi sexda usta bo‘lib ishlovchi shaxs shaharning Olmazor mahallasida yashovchi fuqaroning ishonchiga kirib, haydovchilik guvohnomasi olib berishni va'da qilgan. U fuqaroni avtomaktabda ishlovchi tanishlari orqali 10-15 kunda ro‘yxatga qo‘ydirib, o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashmasdan «V» toifadagi guvohnoma olib berishini aytib 1,2 million so‘m pul talab qilgan.

Bu haqdagi murojaat asosida viloyat IIB hamda IIV O‘z xavfsizlik boshqarmasi Jizzax viloyati bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda usta ishxonasi oldida 1 million so‘m pul, fuqarolik pasporti nusxasi va 6 dona 3x4 hajmdagi fotosuratlarni olgan vaqtda qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida pul va fuqarolikni tasdiqlovchi hujjat nusxasi hamda rasmlar avtomaktab mas'ullariga berilishi aniqlangan. Shu bois tezkor tadbir davom ettirilgan va o‘quv markazi mas'uli pasport nusxasi, 1 million so‘m pul va fotosuratlarni olayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid