O‘zbekiston | 07:12 / 23.08.2021
2353
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo va Toshkent viloyatida talab yuqori dori vositalarini yuqori narxda sotayotgan shaxslar ushlandi

Talab yuqori dori vositalarini Piskent tumanida 23 ming, Shirin shahrida 3 ming AQSh dollariga sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma'lum qildi.

Departamentning Piskent tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini qimmat narxlarda sotishni rejalashtirgan B.T., R.T. va Sh.N. ismli fuqarolar 399 quti “Sovifor 100 mg” (Remdesivir), 1 820 quti “Stoper 2 mg”, 13 quti “Kleksan 0.8ml” va 50 quti “Imudon” dori vositalarini jami 23 ming dollarga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, ushbu dori vositalarining umumiy bahosi 185,3 mln so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, Departamentning Shirin shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Sh.B. va D.B. ismli fuqarolar o‘zaro til biriktirib, 50 quti “Covifor” (Remdesivir), 5 quti “Actemra 400 mg/20ml” dori vositalarini jami 3 ming dollar va 2,7 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Toshkent viloyatining Zangiota va Yashnobod tumanlarida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining qimmat narxlara sotayotgan shaxslar ushlangani ma'lum qilingan edi.

Mavzuga oid