Jahon | 16:03 / 23.08.2021
48913
14 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Afg‘oniston harbiy aviatsiyasiga ega chiqdi. Ular bundan qanday foydalanishi mumkin?

Toliblarning shiddatli hujumlari qarshisida ojiz qolgan afg‘on armiyasi ularga katta miqdordagi turli qurollar va harbiy texnikalarni qoldirishdi. Toliblar o‘nlab yengil zirhli mashinalar va yuk avtomobillari, yuzlab artilleriya qurollarini qo‘lga kiritishgan. Lekin ularning eng qimmatbaho o‘ljalari harbiy aviatsiyadir.

Foto: Getty Images

Hozirda aynan qancha samolyot va vertolyot toliblar ixtiyoriga o‘tgani haqida aniq ma'lumot yo‘q. Birinchidan, afg‘on harbiylari chekinish oldidan aviatsiya texnikalarining bir qismini yakson qilgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, o‘nlab uchish qurilmalari qo‘shni mamlakatlar hududiga olib o‘tilgani ma'lum.

Shunday bo‘lsa-da, toliblar o‘z qo‘lidagi aviatsiya bilan ham ushbu hududdagi jangovar harakatlar uchun qulay bo‘lgan shturmoviklar (hujumkor qiruvchi samolyotlar) va vertolyotlar orqali kerakli samaradorlikka erishishlari mumkin.

Endi asosiy masala - toliblar aviatsiyaga xizmat ko‘rsatuvchi personalni, kerakli ehtiyot qismlarni va eng muhimi, qurilmalarni havoga ko‘tarish uchun uchuvchilar tarkibini topa oladimi?

Afg‘on harbiylari tashlab ketgan o‘ljalar
Afg‘onistonni tiklash bo‘yicha maxsus bosh inspeksiyaning Amerikadagi ofisi ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari tarkibida 2021 yil 1 yanvar holatida 162ta uchish qurilmasi bo‘lgan. Lekin ularning barchasi soz holda bo‘lmagan.

MD-530 vertolyotlarini ehtiyot qismlarsiz ko‘p vaqt yaroqli holatda saqlab turish imkonsiz

Xuddi shu manba ma'lumotiga ko‘ra, yil boshida mamlakat harbiy-havo kuchlarida uchishga yaroqli 50ta samolyot bo‘lgan: 17tasi A-29 (Embraer EMB 314 Super Tucano) yengil shturmoviklari va 10ta bir motorli turbovintli AC-208 Combat Caravan yengil zarbdor samolyotlar, shuningdek, 21ta S-208 Cessna Caravan rusumli yengil transport samolyoti va 2ta S-130 Hercules rusumli harbiy-transport samolyoti. Bundan tashqari, armiyada 86ta uchishga yaroqli vertolyotlar bo‘lgan: Rossiyada ishlab chiqarilgan 12ta Mi-17 rusumli transport vertolyoti, 38ta MD 530F va 36ta UH-60 Black Hawk vertolyotlari.

Bundan tashqari, maxsus topshiriqli bo‘linmalar ixtiyoridagi aviatsiya qismlarida ham bir qancha uchish apparatlari bo‘lgan, ammo bu bo‘yicha ma'lumotlar oshkor etilmagan va bu uchish apparatlari soni qancha bo‘lgani ma'lum emas.

Zamonaviy afg‘on aviatsiyasidagi barcha uchish apparatlari AQSh tomonidan yetkazib berilgan, Rossiya tomonidan ishlab chiqarilgan vertolyotlar ham.

Toliblar qo‘liga o‘tgan ilk afg‘on harbiy vertolyotlari tasvirlari internetda bir hafta muqaddam, toliblar Qunduz, Qandahor va Hirotdagi aviabazalarni egallagach paydo bo‘lgandi. Fotosuratlar va videoyozuvlarda Mi-17, MD 530F, UH-60 vertolyotlari hamda katta bo‘lmagan S-208 transport samolyoti aks etadi, ularning yuzasida Afg‘oniston HHK ramzlari aks etgan.

Videolardan birida Rossiyada ishlab chiqarilgan Mi-35 vertolyotini ko‘rish mumkin, bu video Qunduzda olingan. Bu tipdagi vertolyotlar bo‘yicha ma'lumot amerikaliklarning hujjatlarida aks etmagan, ammo videodagi vertolyotning parraklari yechib olinganini ko‘rish mumkin, uning uchishga yaroqliligini ham aniqlab bo‘lmaydi.

Internetga joylangan videolarda ko‘ringan apparatlarning aksariga baho berish qiyin - ular qayerda turganini (uchish maydonida yoki angarda) aniqlab bo‘lmaydi. Ayrimlari havoga ko‘tarilish holatida emasligi yaqqol ko‘rinadi - ular jiddiy shikastlangan yoki qismlari yechib olingan.

Bir holatda esa ikkita Mi-17 varraklari aylanib turgan holatda ko‘ringan. Video annotatsiyasida bu vertolyotlar Hirotda qo‘lga olingani aytiladi.

Yana bir suratda toliblar Super Tucano shturmoviki oldida turgani ask etgan. Suratga u Mozori-Sharifda olingani ilova qilingan.

Shimolga qochish
16 avgust kuni Tojikiston hududiga Afg‘onistondan bir necha samolyot uchib o‘tdi - afg‘on armiyasi harbiy xizmatchilari toliblar hujumidan samolyotlarda chekinishgandi. Samolyotlar chorasiz qolishgani haqida signal yo‘llab, qo‘nishga ruxsat so‘rashgan. New York Times ma'lumotiga ko‘ra, Tojikiston chegarasidan besh samolyot o‘tgan.

16 avgust kuni esa O‘zbekiston bosh prokuraturasi 14-15 avgust kunlari mamlakat hududiga Afg‘onistondan 22ta harbiy samolyot va 24ta vertolyot kirib kelgani, ularda jami 585 nafar harbiy xizmatchi bo‘lgani haqida ma'lum qildi.

UH-60 Black Hawk Afg‘onistonda ko‘p maqsadlar uchun, asosan yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun qo‘llangan.

Shu bilan birga, afg‘on samolyotlaridan biri - EMB 314 Super Tucano havoda uni qo‘riqlab kelayotgan MiG-29 (O‘zbekiston samolyoti) bilan to‘qnashib ketgani, uchuvchilar katapulta orqali qutulishga muvaffaq bo‘lgani xabar qilindi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi telegram kanalida joylangan bu ma'lumot keyinroq o‘chirib tashlandi - bu ma'lumot oxirigacha tekshirilmagani bilan izohlandi.

Bu afg‘on harbiy xizmatchilari chegaradan tashqariga qochishi bilan bog‘liq yagona holatlar emasdi - bungacha quruqlik orqali ham yuzlab harbiy xizmatchilar Tojikiston va O‘zbekiston hududiga o‘tishgandi. Ularning orasida qanchasi Afg‘oniston HHK harbiy xizmatchilari, aviabazalar xodimlari va uchuvchilar bo‘lgani ma'lum emas.

Samolyotlardagi toliblar
Bir vaqtlar «Tolibon»ning o‘z harbiy-havo kuchlari ham bo‘lgan.

1992 yilda Muhammad Najibullo rejimi qulagach, o‘sha vaqt uchun kichik bo‘lmagan aviatsiya toliblar qo‘liga o‘tadi. O‘shanda toliblar bir necha qiruvchi samolyotlarni - MiG-21MF rusumli yengil samolyotlar hamda zarba berishga mo‘ljallangan Su-22 rusumli og‘ir samolyotlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, ularning qo‘lida Mi-8 vertolyotlari, turli tipdagi transport samolyotlari va L-39 rusumli harbiy o‘quv samolyotlari ham bor edi.

Noma'lum shaxs toliblar hukumati harbiy-havo kuchlari ramzlari aks etgan eski MiG-21 fonida suratga tushmoqda. Bu surat 2010 yilda Hirot aerodromida olingan.

Oxir-oqibat bu aviatsiya yoki vaqt o‘tishi bilan texnik xizmat ko‘rsatilmasligi tufayli ishdan chiqqan yoki 2001 yilda amerikaliklarning havo hujumlari natijasida yo‘q qilingan.

Toliblar qiruvchi samolyotdan foydalangani bilan bog‘liq kamida bitta holat ma'lum. 1995 yil 3 avgustida "Tolibon"ning MiG-21MF rusumli samolyoti rossiyaliklarning Shimoliy Alyans uchun o‘q-dori tashigan Il-76TD rusumli harbiy-transport samolyotining yo‘lini to‘sgan.

Toliblar bu samolyot va ekipajini bir yildan oshiq vaqt davomida asirlikda saqlashgan, uchuvchilar samolyotga texnik xizmat ko‘rsatish vaqtida dvigatelni yoqib, uchib ketishga muvaffaq bo‘lishgan.

Agar afg‘on aerodromlarida qoldirilgan samolyotlar va vertolyotlar foydalanishga yaroqli bo‘lsa, bu toliblarning kuchini qay darajada oshiradi?

Partizanlarga qarshi harbiy-havo kuchlari

Rossiya fanlar akademiyasi Uzoq Sharq instituti katta ilmiy xodimi Vasiliy Kashinning fikricha, har qanday holatda ham Afg‘oniston HHK samolyotlari og‘ir transport samolyotlarini to‘xtatishga qodir emas: «Amerikaliklar bu masalaga aql bilan yondashishgan. Ular aviatsiyadan afg‘onlarga yoki transport mashinalarini, yoki razvedkaga ixtisoslashgan samolyotlarni berishgan, jangovar samolyotlar berishsa ham bu faqat isyonchilarga qarshi kurashishga ixtisoslashganlarini berishgan».

Uning hisoblashicha, toliblar uchish apparatlarini yaroqli holatda saqlay olishsa ham, ular qo‘shni davlatlarga bu samolyotlar bilan tahdid sola olishmaydi.

Braziliyaning Embraer korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqilgan A-29 rusumli turbovintli shturmovik xuddi EMB 314 Super Tucano yoki AC-208 Combat Caravan kabi asosiy xususiyati - uzoq vaqt davomida ucha olmaydigan va qimmat bo‘lmagan samolyotlardir. Ushbu samolyotlar xuddi MD 530F, Mi-17 va UH-60 Black Hawk vertolyotlari kabi havo hujumidan mudofaa qobiliyati kuchli bo‘lmagan quruqlikdagi nishonlarga qarshi kurashish uchun mo‘ljallangan.

Afg‘oniston HHK Mi-17 vertolyoti

«Jangovar aviatsiya qarshisida ular ilojsiz qoladi. Bu mashinalar havo jangida qatnasha olmaydi va o‘zlarini himoya qila olmaydi», degan Kashin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu aviatsiya parki toliblarga faqat Afg‘oniston hududida operatsiyalar o‘tkazish uchun yarashi mumkin. Agar ular vertolyotlar va samolyotlarni havoga ko‘tara olishsa, ulardan hokimiyatni mustahkamlash maqsadida foydalanishlari mumkin.

Katta qismini tog‘lar egallagan Afg‘onistonda transport aviatsiyasi harbiy kuchlar mobilligi va jangovarligini ko‘tarishga yordam beradi.

Texnik xizmat ko‘rsatish
Toliblar samolyotlarni uchishga yaroqli holatda qo‘lga kiritgan bo‘lishsa ham, ularning qarshisida bu qurilmalarga doimiy texnik xizmat ko‘rsatib borish muammosi chiqadi.

Xalqaro masalalar bo‘yicha Rossiya kengashi a'zosi, harbiy ekspert Ilya Kramnik BBC rus xizmati bilan suhbatda aytishicha, Afg‘oniston HHK tarkibida faqat ikki tipdagi havo kemalariga amerikalik mutaxassislar ishtirokisiz to‘liq texnik xizmat ko‘rsatish imkoni mavjud - Mi-17 vertolyotlari (va uning bazaviy modifikatsiyasi Mi-8) hamda S-208 Cessna Caravan.

Afg‘on harbiy-havo kuchlarida A-29 shturmoviklari ham bo‘lgan, ammo ularga amerikalik mutaxassislar texnik xizmat ko‘rsatgan.

Mi-17 afg‘onlarga mamlakatga sovet harbiylari kirib kelgan davrlardan buyon yaxshi tanish, S-208 Cessna Caravan rusumli yengil transport samolyoti esa xuddi shu nomdagi fuqarolik aviatsiyasi uchun mo‘ljallangan samolyotlardan deyarli farq qilmaydi.

Ekspertning hisoblashicha, qolgan samolyotlar va vertolyotlar toliblar qo‘liga tushgan vaqtda to‘liq yaroqli bo‘lgani dargumon.

«U yerdagi mutaxassislarning baholariga ko‘ra [Afg‘oniston HHK] iyun oyi oxirida aviatexnikalarning texnik tayyorgarlik darajasi keskin tushib ketgan. Amerikaliklar keta boshlagandi, shu jumladan, texnikalarni foydalanish uchun tayyorlab kelgan amerikalik mutaxassislar ham», deydi u.

Kramnikning hisoblashicha, afg‘on aviatsiya mutaxassislari toliblar bilan hamkorlik qilishni istamagan: «Birinchidan, bu yigitlar mafkuraviy jihatdan toliblarni yoqlamaydi, ikkinchidan, ularda uchib ketish uchun vosita bo‘lgan va allaqachon uchib ketishgan».

Vasiliy Kashinning fikricha, AQSh Amerikada ishlab chiqarilgan vertolyotlar uchun ehtiyot qismlar bozorini kuzatib borishi hamda ular Afg‘onistonga yetkazilishiga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Ammo Mi-17 va fuqarolik aviatsiyasi bazasidagi Cessna Caravan uchun texnik xizmat ko‘rsatishda muammolar bo‘lmaydi. «Bunda asosiy masala shundaki, ular texnik va uchuvchilar topa olishi. Eslash mumkinki, 11 sentyabr voqealariga qadar toliblar avvalgi afg‘on armiyasi texnikalarining katta qismidan foydalana olishgandi. Hatto MiG-21 kabi vertolyotlarni ular qanchadir vaqt davomida ishchi holatda saqlab turishgan. Demak, bu safar ham uddalashadi», deydi u.

Kashinning hisoblashicha, toliblar aviaparki qisqarib boradi, ammo turlicha tezlikda - Amerika ishlab chiqargan vertolyotlar va samolyotlar tezda ishdan chiqsa, ushbu mintaqada ehtiyot qismlar va mutaxassislar topilishi muammo bo‘lmagan Mi-17 vertolyotlari esa sekinroq.

Qochqinlar
Bir tomondan, Tojikiston va O‘zbekistonga aynan qanday rusumdagi samolyotlar va vertolyotlar olib ketilgani borasida aniq ma'lumotlar yo‘q. Tasdiqlanmagan ma'lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston HHK aviaparkining to‘rtdan bir qismi chegaradan tashqariga olib ketilgan.

Boshqa tomondan - O‘zbekiston bosh prokuraturasining keyinroq rad etilgan ma'lumotida hamrohlik qilayotgan qiruvchi samolyotga to‘qnashib ketgan EMB 314 Super Tucano rusumli samolyot haqida gap boradi.

Shuningdek, taxmin qilish mumkinki, 22 samolyot va 22 vertolyot orqali 585 nafar harbiy O‘zbekiston hududiga o‘tgani rost bo‘lsa, ular transport samolyotlaridan foydalangan.

Bu harbiy uchuvchilar o‘z transport vositalari orqali boshqa mamlakat hududiga qochib o‘tishi bilan bog‘liq ilk holat emas. 1991 yilda AQSh va uning ittifoqchilari «Sahrodagi bo‘ron» amaliyotini boshlagach, o‘nlab iroqlik harbiy uchuvchilar yoppasiga qo‘shni Eron hududiga uchib o‘tishgandi.

Eron bu samolyotlarni o‘zida qoldirgan, ularning ayrimlari, masalan, Il-76 rusumli harbiy-transport samolyoti hamon parvozlarni davom ettirmoqda.

Vasiliy Kashinning hisoblashicha, hududiga afg‘on samolyotlari qo‘ngan mamlakat hukumati yuridik asos topa olsa, bu samolyot va vertolyotlarni o‘zida qoldirishga harakat qiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchi navbatda Mi-17 vertolyotlariga taalluqli: «O‘zbekiston - sovetlarning Mi-8 vertolyotlaridan foydalanib keladi. Ular uchun bu qurilmalar qimmatga ega. Ularda tayyor mutaxassislar, ehtiyot qismlar zaxirasi va infratuzilma bor. Olish va foydalanish mumkin, faqat siyosiy masalalarni hal etish kerak». Albatta, Afg‘onistonga bu oilaga mansub vertolyotlarning so‘nggi modifikatsiyalari yetkazib berilganini ham inobatga olish kerak.

Ekspertning hisoblashicha, Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar, xususan O‘zbekiston AQSh bilan yaxshi munosabatlarga egaligidan kelib chiqib, amerikaliklar tomonidan bu qurilmalarga texnik xizmat ko‘rsatishda yordam taqdim etilishini kutish mumkin.

Mavzuga oid