Jahon | 22:20 / 23.08.2021
85235
14 daqiqa o‘qiladi

Toliblar evakuatsiya muddati uzaytirilishiga rozi emas, Panjsher qamal qilinmoqda. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar

«Tolibon» AQSh va G‘arb kuchlari evakuatsiya jarayoni kechikishi tufayli qurolli kuchlarini Afg‘onistondan olib chiqish muddatini uzaytirishiga rozi bo‘lmaydi. Agar xorijiy kontingent belgilangan sana - 31 avgustdan keyin ham mamlakatni tark etmasa, u holda harakat chora ko‘rishi ma'lum qilindi.

Buyuk Britaniya ortidan Fransiya ham AQShdan amerikalik harbiylarni olib chiqishni oldindan belgilangan muddat - 31 avgustgacha emas, undan keyin yakunlashni so‘ramoqda.

«Biz Qo‘shma Shtatlar tomonidan belgilangan muddat - 31 avgust kelishiga oz vaqt qolayotganidan juda qattiq tashvishdamiz. Hozirgi operatsiyani [evakuatsiya jarayoni] yakunlash uchun qo‘shimcha vaqt kerak bo‘ladi», degan Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian.

24 avgust kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G7 davlatlarining shoshilinch yig‘ilishida AQShdan bu muddatni uzaytirishni so‘ramoqchi. Fransiyadan tashqari Germaniya ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan.

Ittifoq kuchlari Kobul aeroportida amerikalik harbiylar bo‘lmasa, u yerda tartib ta'minlanishi va evakuatsiyani yakunlash imkonsiz bo‘lib qolishidan xavotirda.

Shanba kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vaziri Jozep Borrel evakuatsiya jarayonini 31 avgustgacha yakunlash «matematik jihatdan imkonsizligi»ni ma'lum qilgandi.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden agar 31 avgustdan keyin ham Afg‘onistonda evakuatsiya qilinmagan AQSh fuqarolari qoladigan bo‘lsa, amerikalik harbiylarning mamlakatni tark etishi 31 avgustdan keyinroqqa qoldirilishi ham mumkinligini aytgandi.

Amerikaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 14 avgustdan hozirgacha Kobul aeroportidan 37 mingdan ortiq kishi olib ketilgan (Shundan 16 ming kishi so‘nggi 24 soat ichida). Ularning katta qismi - afg‘onlar, lekin aniq raqamlar ma'lum emas. 11 ming kishi amerikaliklarning harbiy-transport samolyotlari orqali tashilgan, qolgani charter va tijoriy reyslar orqali.

Ayni vaqtda Hamid Karzay nomidagi aeroportda 5800 nafar harbiy xizmatchi xavfsizlikni ta'minlash uchun jalb etilgan. Aeroport hududiga toliblardan qochgan minglab kishilar kelishi davom etmoqda.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi amaldori Jyeyms Hippining so‘zlariga ko‘ra, hukumat AQShning qaroridan qat'i nazar bu masalada toliblar bilan muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

«Tolibon»da tanlov bor: ular yoki xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka intilishadi… yoki ters o‘girilib aytishadi: «Yo‘q, muddat uzaytirilmaydi». Bu «yettilik» sammitida hal bo‘ladigan masala emas. Sammitdan keyin toliblar bilan muzokara o‘tkaziladi», degan u.

Pentagon hozircha so‘nggi muddatni o‘zgartirish bo‘yicha hech qanday gap yo‘qligini bildirdi. Pentagon rasmiysi Jon Kirbi AQSh «Tolibon» bilan doimiy ravishda amerikalik harbiylarning aeroportdagi faoliyati bo‘yicha muloqot qilib turgani»ni ma'lum qildi.

Kobul ko‘chalarida «Tolibon» ramzlari bilan savdo qiluvchi sotuvchilar paydo bo‘lgan

«Tolibon»: G‘arb harbiylari mamlakatni 31 avgustgacha tark etishi kerak
«Tolibon» vakili Muhammad Suhayl Shahin xalqaro koalitsiya harbiylari agar Afg‘onistonni 31 avgustga qadar tark etmasa, kelishuvni buzgan hisoblanishlari haqida gapirdi.

«Bu qizil chiziq. Prezident Bayden 31 avgustgacha barcha harbiy kuchlarini olib chiqib ketishini e'lon qilgan. Shuning uchun ularning Afg‘onistonda qolishi cho‘zilsa, bu kelishuvning ular tomonidan yaqqol buzilishi hisoblanadi», dedi u.

U bunday holatda «Tolibon» qanday reaksiya qilishini harakat rahbarlari hal qilishini qo‘shimcha qilgan.

Suhayl toliblar ketish uchun zarur hujjatlarni taqdim etadigan afg‘onlarga mamlakatni tark etishga to‘sqinlik qilmasligini aytib o‘tgan.

«Agar ularda pasport bo‘lsa, istalgan vaqtda Afg‘onistonni tijoriy reyslar orqali tark etishlari mumkin, biz ularga to‘sqinlik qilmaymiz. Biz ular mamlakatda qolishini istaymiz, ammo ketishni istashsa, ketishlari mumkin... Agar barcha hujjatlari bo‘lsa», degan u.

Reuters xabariga ko‘ra, «Tolibon»ning yana ikki vakili G‘arb harbiylarining ketish muddati uzaytirilmasligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, ular hali G‘arbning biror mamlakati hukumati bu borada so‘rov yo‘llamaganini bildirgan.

Xabarlarga ko‘ra, toliblar mamlakat hududida birorta amerikalik qolmaganidan keyin yangi hukumat tuzilganini e'lon qilishni rejalashtirishgan.

Toliblar Panjsher vodiysi tomon qo‘shin yubordi
22 avgust kuni «Tolibon»ning «yuzlab» jangchilari qarshilik harakati davom etayotgan Panjsher darasi tomon yo‘l oldi. Bu hujum mahalliy aholi va ushbu hududda to‘plangan kuchlar «Tolibon»ga taslim bo‘lishdan bosh tortgach boshlangan - toliblar ushbu hududda o‘rnashgan kuchlarga qurollarni tashlab taslim bo‘lish uchun to‘rt soat muhlat bergandi.

OAVda toliblarning ilk otryadlari tog‘li hududda pistirmaga tushib qolgani, ularning aksar qismi qirib tashlanib, qolgani asir olingani haqida xabarlar tarqaldi.

Shuningdek, Tojikiston hududi orqali Panjsherga qurol-yarog‘ yetkazib berish boshlangani haqida ma'lumotlar tarqalgan.

Yakshanba kuni isyonchilar yetakchisi Ahmad Mas'ud fuqarolik urushi istamasligi, ammo mo‘'tadillik va bag‘rikenglik qadriyatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, «Tolibon»ni hokimiyatni bo‘lishish bo‘yicha muzokaralarga chaqirgandi.

Panjsher qamal qilinishidan oldin unga qo‘shni bo‘lgan Bag‘lon viloyatida mahalliy qarshilik kuchlari tomonidan egallab olingan tumanlar toliblar nazoratiga qaytarildi.

Panjsherdagi qarshilik kuchlari jangga tayyor, ammo muzokaralarga qarshi emas
Panjsherdagi qarshilik kuchlari vakili ularning maqsadi - toliblar bilan ziddiyatni muzokaralar yo‘li orqali hal qilishga urinib ko‘rish ekanini ma'lum qildi.

Ali Nazari BBC bilan suhbatda Panjsherda «Tolibon»ga qarshi jang qilishga tayyor turgan bir necha ming jangchi to‘planganini bildirdi. Ularga Ahmad Mas'ud qo‘mondonlik qilmoqda.

Ushbu qo‘shin «Afg‘oniston milliy qarshilik fronti» nomini olgan.

Panjsherdagi qarshilik kuchlari vertolyotlari

Nazariy «Tolibon»ni muzokaralarga chaqirdi, shu bilan birga front kuchlari qarshilik ko‘rsatishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.

«Milliy qarshilik fronti tinchlikka erishish uchun Afg‘onistondagi muammolarni hal etish zarur deb hisoblaydi. Biz so‘nggi 40 yil... hatto 100 yoki 200 yil davomida mamlakatda ro‘y berib kelayotgan qonli voqealarni shunchaki davom ettirishni istamaymiz. Birinchi muammo - bu Afg‘onistonning markazlashgan siyosiy tizimi», degan u.

Ahmad Mas'ud otasining g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, Afg‘onistondek ko‘p millatli mamlakatda markazlashmagan siyosiy tizim zarur deb hisoblaydi. U toliblarni markazlashmagan hukumat tuzishga va undan mamlakatdagi barcha kuchlarning vakillari joy olishini ta'minlashga chaqirgan.

«Afg‘oniston - etnik ozchiliklardan tarkib topgan mamlakat. Bu multimadaniyatli davlat. Bu davlatda hokimiyat taqsimoti kerak - ziddiyatning barcha tomonlari manfaatlari hisobga olingan taqsimot bo‘yicha kelishuvga erishish kerak... Agar biror siyosiy kuch siyosiy maydonda ustunlik qilishga harakat qilsa, bu faqat ichki dushmanlikka hamda mojarolarning davom etishiga olib keladi», degan Nazari.

O‘tgan haftada Washington Post uchun kolonkasida Ahmad Mas'ud Panjsherni «afg‘on ozodligi qal'asi»ga aylantirishini aytib, jahon hamjamiyatini bu ishda o‘ziga ko‘mak ko‘rsatishga chaqirgandi.

KXShT tinchlik tarafdori

23 avgust kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlab videoanjuman shaklidagi navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda tashkilot bosh kotibi Stanislav Zas «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatayotgan guruhlarning harakati nafaqat Afg‘oniston, balki uning atrofidagi katta mintaqa xavfsizligi uchun oldindan aytib bo‘lmaydigan oqibatlarga, uzoq muddatli fuqarolar urushiga olib kelishidan xavotirlar mavjudligini aytdi.

Zasning fikriga ko‘ra, tomonlar kuch ishlatishdan voz kechib, muzokara yo‘li bilan murosaga kelishi kerak.

CNN: toliblar amerikaliklarga tarjimonlik qilgan afg‘onning ukasini o‘limga hukm qildi
CNN tahririyatiga toliblar tomonidan amerikalik harbiylarga tarjimonlik qilgan afg‘onning ukasiga yo‘llangan xat kelib tushdi. Unda ushbu shaxs akasini himoya qilgani va o‘zi ham amerikaliklarga yordam ko‘rsatgani uchun o‘limga hukm qilingani bayon etilgan.

CNN «Tolibon»ning qo‘lda yozilgan uch xatini e'lon qilgan. Birinchisi «amerikaliklarga yordam berish» va «tarjimon akasini yashirish» ayblovlari bo‘yicha sudga chaqirish haqida.

Ikkinchisi - ushbu erkak sudga kelmagani haqida ogohlantirish. Uchinchisida toliblar «mamlakatga bostirib kirgan g‘ayridinlar bilan hamkorlik qilgani» uchun u sirtdan o‘limga hukm qilinganini aytishgan.

«Sen o‘zing shu yo‘lni tanlading, sening o‘liming muqarrar», deya xatdan iqtibos keltiradi CNN.

Kobul aeroportida otishma yuz berdi. Bir harbiy halok bo‘ldi
23 avgust kuni Kobul aeroportiga kirishda o‘tkazish punktlaridan birining yonida otishma yuz berdi. Bu haqda dastlab Germaniya Qurolli kuchlari matbuot xizmati ma'lum qildi.

Otishma mahalliy vaqt bilan ertalabki 04:00 (Toshkent vaqti bilan 04:30) atrofida sodir bo‘lgan. Unda bir tomondan «noma'lum hujumchilar», ikkinchi tomondan esa Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari jangchilari qatnashgan. Ulardan biri halok bo‘lgan, yana uch kishi yaralangan.

Otishmada Amerika va Germaniya harbiylari ham ishtirok etgan, ularning hech biri jabrlanmagan. Otishma sabablari va uni kim boshlagani noma'lum.

CNN aeroportda afg‘on harbiylari mergan tomonidan o‘qqa tutilgani haqida xabar tarqatdi.

Kun oxiriga kelib AQSh bu hodisa bo‘yicha bayonot berdi.

"AQSh harbiylari ham, koalitsiya kuchlari harbiylari ham Kobul aeroportidagi otishmada jarohatlanmadi.

Afg‘onlar javoban o‘q uzishdi, AQSh va koalitsiya harbiylari ham o‘zini himoya qilish maqsadida ish tutishdi", dedi ushbu hodisaga bag‘ishlab o‘tkazilgan brifing chog‘ida kapitan Uilyam Urban.

Yaralangan harbiylar ayni vaqtda aeroport dala gospitalida davolanmoqda.

So‘nggi bir haftadagi voqealar rivoji
15 avgust, yakshanba

«Tolibon» Afg‘oniston poytaxti Kobul va prezidentlik saroyi egallanganini bildirdi.
Prezident Ashraf G‘ani qon to‘kilishining oldini olish maqsadida ekanini aytdi va mamlakatni tark etdi.

16 avgust, dushanba
Mamlakatni tark etish uchun yagona yo‘lga aylangan Kobul xalqaro aeroportida tartibsizlik va vahima yuzaga keldi.
Jurnalistlar ko‘chalarda ayollar kamaygani haqida xabar qilishdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden ta'tildan barvaqt qaytdi, ammo u harbiylarni olib chiqish qarori xato bo‘lmaganini aytib, bu muqarrar jarayon bo‘lganini bildirdi.

17 avgust, seshanba
«Tolibon»ning bir necha yetakchilari Qatardan Afg‘onistonga kelishdi, ular mamlakat amerikaliklar tomonidan nazorat qilingan vaqtda Fors ko‘rfazi davlatidan boshpana topishgandi.
Jangarilar rasmiylari ilk marta matbuot anjumani o‘tkazishdi, unda islom qonunlari doirasida ayollar va OAV erkinligi ta'minlanishi haqida va'dalar berildi.

18 avgust, chorshanba
Ashraf G‘ani Birlashgan Arab Amirliklarida ekani ma'lum bo‘ldi.
Guvohlar Jaloloboddagi namoyish vaqtida jangarilar tomonidan uch kishi otib o‘ldirilgani va yana bir necha kishi yaralangani haqida xabar berishdi.
AQSh prezidenti Jo Bayden xaos yuzaga kelishidan saqlanishning imkoni bo‘lmagani, amerikalik harbiylar evakuatsiyani ta'minlash uchun 31 avgustdan keyin ham Kobulda qolishi mumkinligini aytdi.

19 avgust, payshanba
Afg‘onlar Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishilganining 102-yilligini nishonlashdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Kobul aeroporti devorlari ostida to‘planganlar yosh bolalarini xorijlik harbiylarga uzatib yuborayotgani, o‘zlari keta olmasa ham, farzandlari toliblar hokimiyatidan uzoqda o‘sishini istashayotgani haqidagi videolar tarqaldi.

20 avgust, juma
Norvegiya global tahlil markazi hisobotiga ko‘ra, toliblar NATO kuchlari yoki afg‘on hukumatiga ishlagan afg‘onlarni qidirib, ularning oila a'zolariga tahdid qilmoqda.
"Tolibon" jangarilari Germaniyaning Deutsche Welle telekompaniyasi uchun ishlagan jurnalistni qidirib kelganida uning yaqin qarindoshini o‘ldirishgan.
Kobulda afg‘on axborot vazirligiga uyushtirilgan hujumda yetti kishi halok bo‘ldi. Toliblar bu hujumga aloqador emasligini bildirdi.

21 avgust, shanba
AQShdagilar IShID hujumlari xavfidan xavotirda ekanliklarini bildirishdi.
Xorijiy davlatlar hukumatlari o‘z fuqarolaridan xaos tufayli aeroportdan uzoqroq bo‘lishni so‘ramoqda. Faqatgina rasmiy shaxslar bilan kelishib va ularni xabardor qilibgina aeroport tomon yo‘lga chiqish tavsiya etilmoqda.

22 avgust, yakshanba
Buyuk Britaniya mudofaa vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Kobul aeroporti devorlari ostida tiqilinch tufayli yetti kishi halok bo‘lgan.
YeI va Buyuk Britaniya rasmiylari mamlakatdan uchib ketish huquqiga ega bo‘lgan barcha xorijliklar va afg‘onlarning evakuatsiyasini oy oxirigacha yakunlash imkonsizligini bildirdi.

Mavzuga oid