O‘zbekiston | 22:03 / 24.08.2021
12044
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda qonun bor, qonun ishlashi kerak” - “O‘zkomnazorat” rasmiysi ijtimoiy tarmoqlar cheklanayotgani haqida

O‘zbekistonda faoliyatiga cheklov qo‘yilgan ijtimoiy tarmoqlar ma'muriyati cheklovni olib tashlash bo‘yicha takliflar bilan chiqmoqda, deya ma'lum qildi “O‘zkomnazorat” boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Rustamov Kun.uz bilan suhbatda.

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risidagi qonun talablarini buzgani uchun reyestrga kiritilgan ijtimoiy tarmoqlarning faoliyatini cheklab turish qanchaga tushadi?

Kun.uz muxbiri shu haqdagi savol bilan O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi (“O‘zkomnazorat”) boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Rustamovga yuzlandi.

“Biz barcha xorijiy mulkdorlarga rasman xat bilan chiqib, qonun ijrosi va uning talablarini tushuntirganmiz. Qonunga sharh ham berganmiz va savollar tug‘ilsa, qaysi vazirlik va idoralarga murojaat qilishlari mumkinligini aytganmiz. Bizga javoban deyarli barcha kompaniyalar aloqaga chiqdi, o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirdi.

Masalan, TikTok kompaniyasi mutaxassislarining bizga aytishicha, ayni vaqtda kompaniyaning O‘zbekistondagi foydalanuvchilari soni 2 millionga yaqin. Balki undan ham ko‘proqdir, men bilmayman, bu – ularning so‘zi. Lekin, TikTok kompaniyasi shu vaqtgacha bizdan [O‘zbekistondan] daromad ko‘rmayotganini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, TikTok juda ko‘plab foydalanuvchilari mavjud bo‘lgan mamlakatlarga ularning shaxsiy ma'lumotlari joylashgan serverlarini ko‘chirganini ham ta'kidlab aytdi.

O‘zbekistonning taklifiga javoban, kompaniyaga buning uchun muddat kerakligini aytdi hamda yechim sifatida MDH davlatlarida joylashgan serverlaridan foydalanish hamda bir qancha boshqa takliflarni bildirdi.

Shuningdek, boshqa birorta xorijiy mulkdor o‘zbekistonlik foydalanuvchilardan daromad ko‘ramiz, degan masalani ko‘targani yo‘q.

Savolga keladigan bo‘lsak, O‘zbekiston hududida “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”gi qonun talablarini buzgan xorijiy mulkdorlar faoliyatini cheklash xarajatlari bizga ma'lum emas. Bunday vakolat O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida. Biz faqat qonun talabini buzgan operatorni aniqlab, reyestrga kiritamiz va chora ko‘rish bo‘yicha vazirlikka taqdimnoma kiritamiz.

Asosan Xitoy bilan biznes qiladigan tadbirkorlar foydalanadigan WeChat ijtimoiy tarmog‘i o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma'lumotlari joylashgan serverlarini ko‘chirish masalasini ko‘rib chiqyapti. Shuningdek, boshqa xorijiy mulkdorlar ham o‘zining takliflari bilan chiqishyapti.

Biz: “O‘zbekistonda qonun bor, qonun ishlashi kerak” prinsipi asosida ishlaymiz”, – dedi Doniyor Rustamov 24 avgust kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisi doirasida Kun.uz'ga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 2 iyuldan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiga oid ma'lumotlarni jismonan O‘zbekiston hududida joylashgan serverlarda saqlash to‘g‘risidagi qonun talabini buzgan TikTok, Twitter, Wechat va VKontakte ijtimoiy tarmoqlari hamda Skype messenjeriga nisbatan cheklovlar joriy qilingan.

Bunday talab qo‘yilishiga 16 apreldan kuchga kirgan yangi qonun asos sifatida keltirilyapti.

Jamoatchilik faollari bu qonunga nisbatan tanqidiy munosabat bildirib kelmoqda.

Tarmoqlarga cheklov qo‘yilishi ortidan mamlakatda VPN servislardan foydalanish ko‘lami sezilarli ortgan. Buning ortidan yuzaga keladigan ehtimoliy xavflar masalasida mas'ullar sukut saqlamoqda.

O‘tgan oyda BMT Inson huquqlari kengashi internetga nomaqbul cheklovlar qo‘yilishini qoralab, rezolyutsiya qabul qildi.

Mavzuga oid