Jamiyat | 14:03 / 24.08.2021
64736
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 10 yoshli bola kaltaklanayotgani aks etgan video tarqaldi. IIBB holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi

Toshkent shahar IIBB internet tarmoqlarida katta yoshdagi kishi yosh bolani urayotgani aks etgan video yuzasidan rasmiy ma'lumot berdi. Ma'lum qilinishicha, voqea 22 avgust kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanida sodir bo‘lgan.

Jabrlanuvchining onasi IIV xodimlariga murojaat qilib, o‘g‘lini urgan qo‘shnisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

«Shu kuni soat 14.00larda Chilonzor tumani 8-mavzeda istiqomat qiluvchi yosh bolalar o‘zaro urishib qolishgan. Ularning tortishuviga bolalardan birining otasi, 1986 yilda tug‘ilgan Q.B. aralashgan hamda 2010 yilda tug‘ilgan K.A.ni urib, tan jarohati yetkazgan», deyiladi IIBB bayonotida.

Shuningdek, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani hamda voyaga yetmagan fuqaroga yetkazilgan tan jarohati darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangani ma'lum qilindi.

Tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi aytilgan.

Mavzuga oid