Jahon | 10:40 / 25.08.2021
11800
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh kongressining ikki a'zosi Vashingtonni ogohlantirmasdan Kobulga safar uyushtirdi

AQSh kongressining ikki a'zosi xorijiy davlatlar fuqarolari evakuatsiyasi qizg‘in borayotgan Kobul aeroportiga ogohlantirishsiz keldi. Ta'kidlanishicha, AQSh davlat departamenti va harbiylari ushbu kutilmagan tashrifdan hayratga tushgan.

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, Kobulga vakillar palatasining Massachusets va Michigan shtatlaridan a'zolari Set Moulton va Piter Meyjyer kelgan. Ular Kobul aeroportiga charter reysda uchib kelishgan va u yerda bir necha soat qolishgan.

Aeroportdagi amerikalik harbiylar kutilmagan mehmonlar xavfsizligini ta'minlash uchun kuchlar ajratishiga to‘g‘ri kelgan.

Ta'kidlanishicha, o‘z vaqtida Iroqda AQSh qo‘shinlari safida xizmat qilgan kongressmenlar Kobulga safar uyushtirish rejalari haqida hech kimni ogohlantirishmagan.

“Kongress a'zolari sifatida biz ijrochi hokimiyat ishini tekshirishimiz kerak. Biz bu tashrifni joylardagi odamlar ishiga xavf-xatar tug‘dirmaslik va xalaqit qilmaslik uchun yashirincha amalga oshirdik va bu haqda ketganimizdan keyin ma'lum qildik. Bundan tashqari, biz u yerda minbardan turib va'zxonlik qilish uchun emas, ma'lumotlar to‘plash uchun bo‘ldik”, deb ma'lum qilishgan kongressmenlar.

AQShning rasmiy shaxslari kongressmenlarning 24 avgustda amalga oshirgan safari Pentagon uchun ham, davlat departamenti uchun ham kutilmagan hodisa bo‘lganini aytishgan. Ushbu idoralar bu haqda kongressmenlar samolyoti Kobulga uchib ketayotgandagina xabar topishgan.

Associated Press suhbatdoshlari ushbu safarni yomon g‘oya deb atashgan, chunki Kobul aeroportidagi harbiylar o‘zlarining asosiy vazifalaridan chalg‘ishlariga to‘g‘ri kelgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Kobuldan odamlarni evakuatsiya qilishni 31 avgustgacha yakunlamoqchiligini, biroq ushbu jarayonda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

O‘z navbatida, “Tolibon” vakili Zabihulla Mujohid 31 avgustdan keyin evakuatsiyani davom ettirishga urinishlar kelishuv shartlarini buzish deb baholanishi va barcha odamlar ushbu sanagacha olib chiqilishi kerakligidan ogohlantirgan. Uning aytishicha, 1 sentyabrdan “Tolibon” evakuatsiya jarayoniga boshqacha yondasha boshlaydi.

Mavzuga oid