Jahon | 19:57 / 05.09.2022
26648
4 daqiqa o‘qiladi

Kobulda portlash oqibatida Rossiya elchixonasining ikki xodimi halok bo‘ldi

Kreml terakt haqida ma’lum qilgan. Uni kim uyushtirgani noma’lum.

Foto: Ali Khara / Reuters / Scanpix / LETA

Rossiyaning Kobuldagi elchixonasining ikki xodimi portlash qurboniga aylandi. RF tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 5 sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:50 atrofida xudkush terrorchi elchixonaning konsullik bo‘limiga kirish joyida portlovchi qurilmani harakatga keltirgan. «Izvestiya»ning TIVdagi manbasi elchixona xodimlari orasidagi qurbonlardan biri — qo‘riqchi ekani (uning ismi noma’lum), ikkinchisi esa — ikkinchi kotib Mixail Shaxligini ma’lum qildi.

Shuningdek, viza uchun navbatda turgan odamlar ham halok bo‘lgan. Sputnik Afganistan xabariga ko‘ra, bular asosan viza berilishini kutayotgan yoki viza uchun hujjat topshirmoqchi bo‘lgan afg‘on talabalari bo‘lishgan. Ria Novosti manbasining aytishicha, RF elchixonasi xodimi viza olishga da’vogarlarning nomlarini e’lon qilish uchun chiqqanida portlash ro‘y bergan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, portlash oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yana sakkiz kishi shifoxonaga yotqizilgan. Al manbasi qurbonlar soni kamida sakkiz nafar ekanini aytgan.

Kobul politsiyasi terrorchi otib tashlanganini ma’lum qilgan. Reuters agentligi va Afg‘onistondagi Tolo News nashri Kobul politsiyasi vakiliga asoslanib yozishicha, u portlovchi qurilmani elchixona yaqinidagi odamlar orasida harakatga keltirishni rejalashtirgan, ammo elchixona qo‘riqchilari uning niyatini sezib qolishgan va otishma boshlashgan. Idora versiyasiga ko‘ra, terrorchi o‘ldirilgan, ammo bu portlovchi qurilma detonatsiyaga kirishishining oldini ololmagan. Kobul politsiyasi qurbonlar sonini 11-12 kishi deb baholagan.

Kreml ro‘y bergan hodisani terakt deb atadi. Bu portlash kim tomonidan va qanday sababga ko‘ra uyushtirilgani noma’lum. Hozircha hech bir tashkilot bu hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi. Ammo Associated Press bir yil muqaddam Afg‘onistonda hokimiyat «Tolibon» qo‘liga o‘tganidan buyon mamlakatda qator teraktlar ro‘y bergani va ularning bari uchun IShID javobgarlikni zimmasiga olganiga e’tibor qaratgan. Bu guruhlar azaldan o‘zaro dushman sanaladi, IShID guruhi ham Afg‘onistonda yetakchilikni qo‘lga olishga harakat qiladi.

Rossiya toliblar kelgach mamlakatdan chiqib ketgan G‘arb davlatlaridan farqli o‘laroq Afg‘onistondagi elchixonasini yopmaslikka qaror qilgandi. Rossiyada «Tolibon» rasman terrorchi tashkilot sifatida tan olingan va uning faoliyati taqiqlangan. Ammo hukumat toliblar bilan muzokaralar olib boradi, ularning vakillari Moskvada akkreditatsiya qilingan va 2022 yilda Peterburg iqtisodiy forumiga taklif etilgan. Kreml toliblar bilan aloqa qilinishini ular «de-fakto Afg‘oniston rahbariyati hisoblanishi» bilan izohlagan.

Portlashdan keyin Rossiya elchixonasini qo‘riqlash kuchaytirildi. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov qurbonlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlagan va «ushbu terrorchilik xuruji tashkilotchilari yaqin vaqt ichida javobgarlikka tortilishi»ga umid bildirdi. Lavrovning «Tolibon» hukumatidagi hamkasbi Abdul Qahhor Balxiy toliblar «dushmanlarning bunday harakatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi»ga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid