O‘zbekiston | 11:30 / 25.08.2021
9585
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 17 yoshli qizni zo‘rlab, joniga qasd qilishiga sababchi bo‘lgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida 17 yoshli qizni zo‘rlab, so‘ng nikohiga olib, o‘z joniga qasd qilishiga sababchi bo‘lgan Sherzod G‘aybullayevga sud hukmi o‘qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Kun.uz’ga xabar berdi.

Foto: KUN.UZ

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi qiz M.J. osilgan holda topilgan. Hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan va qizning turmush o‘rtog‘i gumonlanuvchi sifatida ushlangan.

O‘tkazilgan tergov harakatlari davomida 17 yoshli qiz oilali erkak tomonidan zo‘rlangani, so‘ng jazolanishdan qo‘rqib uni o‘z nikohiga olgani va doim tazyiq o‘tkazib kelgani aniqlangan.

Qizning onasining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil 3 mart kuni Sherzod G‘aybullayev qiz bilan shar'iy nikohdan o‘tgan va uni Qarshidagi ko‘p qavatli uyga olib ketgan. Karantin boshlanganida esa qizni qonuniy xotini va to‘rt farzandi yashaydigan uyga ko‘chirgan. Qonuniy turmush o‘rtog‘i uyida boshqa ayolga toqat qilmay, M.J.ni ko‘chaga haydab yuborgan. Shundan so‘ng qiz boshqa uyda yashay boshlagan.

Tergov-surishtiruv davomida onasi, qizi ko‘p bor uyida bo‘layotgan janjaldan shikoyat qilganini gapirgan. 2020 yil 9 may kuni esa qiz osilgan holda topilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 14 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida qizning o‘limida aybdor deb topilgan Sherzod G‘aybullayevga hukm o‘qilgan. U Jinoyat kodeksining 103-moddasi 2-qismi «a» bandi va 126-moddasi bilan aybli deb topilib, 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etish jazosini olgan.

Mavzuga oid