O‘zbekiston | 13:13 / 26.08.2021
13490
4 daqiqa o‘qiladi

Alisher Qodirov «Milliy tiklanish» partiyasidan prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlandi

Bugun, 26 avgust kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining navbatdagi VII qurultoyi bo‘lib o‘tdi. 

Qurultoyda 2021 yil 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston prezidenti saylovida partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodni tasdiqlash, partiyaning ustavi va nazorat-taftish komissiyasi tarkibiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda Markaziy kengash a'zolari soni va yangi tarkibini tasdiqlash masalalari muhokama qilindi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustavida partiyaning O‘zbekiston prezidentligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etishi belgilangan. Shunga asosan, 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan partiya markaziy kengashining VII plenumida partiyaning O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 

Saylov kodeksiga muvofiq, partiyaning O‘zbekiston prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat olish uchun Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan hujjatlar taqdim etildi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan partiyaga saylovda ishtirok etishga ruxsat berish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi hamda belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari topshirildi. O‘z muddatlarida prezidentlikka bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar to‘plandi.

Delegatlar partiyaning VII plenumida qurultoyda ko‘rib chiqish uchun tavsiya etilgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi, partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiya rahbari Alisher Qodirovni partiyadan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi.

Qurultoyda prezidentlikka nomzod Alisher Qodirov delegatlarni saylovoldi dasturi bilan tanishtirar ekan, saylovda nomzodning bosh shiori “Milliy qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” ekanini ma'lum qildi. 

Ta'kidlanganidek, saylovoldi dasturning umumiy qoidalari milliy qadriyatlar, madaniy boyliklarni asrab-avaylash, davlat tilining mavqeyini ko‘tarish, tarixiy an'analarimizni izchil targ‘ib qilish asosida O‘zbekiston xalqining milliy davlatchilik taraqqiyotini ta'minlash va jamiyatda milliy o‘zlikning yuksalishiga erishishdan iboratdir. Shu bilan birga, nomzod siyosiy sohada milliy an'ana va qadriyatlarimizni e'zozlaydigan, millatparvar va fidoyi, halol va o‘z burchiga sadoqatli shaxslarni tarbiyalash tarafdori ekanligini ma'lum qildi. 

Sud-huquq sohasida milliy urf-odat va an'analarni, jamiyatda shakllangan qadriyatlarni toptaganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, iqtisodiy sohada iqtisodiyotni milliy qadriyatlarga tayangan holda modernizatsiya qilish lozimligi qayd etildi.

Ijtimoiy sohada ko‘makka muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashning milliy qadriyatlarga tayangan tizimini joriy etish, ma'naviy-ma'rifiy sohada Islom dinining sof ma'rifat va madaniyat tarqatuvchilik kuchi hamda uning yosh avlod tarbiyasidagi rolini e'tiborga olib, “Islom dini – ma'rifat dini” milliy konsepsiyasini yaratish, tashqi siyosatda O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish zarurligini ta'kidladi.

Ma'lumot uchun, Saylov kodeksiga asosan “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlar taqdim etiladi.

Mavzuga oid