Business class | 19:17 / 27.08.2021
413235
9 daqiqa o‘qiladi

Nemischa sifat timsoli – Mercedes-Benz'ning muvaffaqiyat tarixi

Uni hamma sevadi. 100 yildan oshsa hamki, bu muhabbat hech so‘nmaydi. Barcha avtosevarlarni o‘ziga rom etgan, afsonaviy Mercedes-Benz tashkil topganiga 135 yil to‘ldi.

Qariyb 1,5 asr barchaga taniqli, sevimli va qadrdon bo‘lishning siri nimada? Kun.uz'ning “Business class” loyihasida shu haqda so‘z yuritamiz.

Shonli tarix

XIX asrning oxirlarida germaniyalik ikki ixtirochi Karl Bens va Gotlib Daymler o‘z mashinalarini yaratishdi. Ular dastlab o‘zaro raqobatchi edi, chunki har ikkala ixtirochi o‘zining avtobiznesiga asos solgandi. 1926 yildagi hamkorlik yirik tarixiy kelishuv bo‘ldi va Mercedes-Benz kompaniyasi faoliyat boshladi.

Karl Bens (chapda) va Gotlib Daymler (o‘ngda)

Mercedes brendining nomi undan avvalroq kelib chiqqan. 1901 yilda biznesmen Emil Yellinek qizi Mersedesning tug‘ilgan kuniga sport avtomobili sovg‘a qilishni niyat qilib, Daymlerdan shu nom bilan mashina yaratishni so‘raydi. 35 ot kuchiga ega avtomobil muvaffaqiyatli chiqadi va uni seriyali ishlab chiqarishga qaror qilishadi, Mercedes nomi esa shundan beri tillardan tushmaydi.

35 ot kuchiga ega ilk Mercedes

Daymler va Bens hamkorligi avtomobil sanoatida eng uzoq davom etgan sheriklik hisoblanadi.

Ayni paytda Mercedes-Benz – Daimler AG konserni tarkibidagi kompaniyadir. Konsern kapitali 74 mlrd yevroni tashkil qiladi va umumiy aylanmaning 50 foizi aynan Mercedes'ga tegishli.

Logotip

Uch qirrali yulduzni ko‘rganingizda xayolingizga nima keladi? Bu savolga avtomobildan xabari yo‘q odam ham javob bera oladi. Bu – Mercedes.

Kompaniya avtotransport vositalaridan tashqari, samolyotlar va kemalar uchun motorlar, ehtiyot qismlar ham ishlab chiqargani sababli logotipdagi uch qirrali yulduz samoda, suvda va yerda insonlarga xizmat qiluvchi brend ramzi hisoblanadi. Belgining sodda va esda qolarli dizayni uni butun dunyoda unutilmas va taniqli qilib qo‘ydi.

Logotip yaratilgandan beri 7 marta o‘zgargan: 1902, 1909 (2 marta), 1916, 1926, 2008, 2009 va 2011 yillarda.

Logotip yaratilgandan beri 7 marta o‘zgargan

Urush davridagi inqiroz

1941 yilda 2-jahon urushi boshlandi. Butun dunyo inqirozni boshdan kechirdi. Kompaniya faoliyatiga ham bu qattiq ta'sir qildi, hatto yopilish arafasiga kelib qoldi.

1945 yilda Mercedes zavodlari bombalar ostida butunlay vayron bo‘ldi. Ammo kompaniya izlanishdan to‘xtamadi. 1947 yilda Germaniya kansleri Konrad Adenauer uchun yaratilgan Mercedes 300 modeldagi Limuzin avvalgi modellardan tubdan farq qildi va nemis mashinalarining shuhratini yana qaytara boshladi.

Germaniya kansleri Konrad Adenauer uchun yaratilgan Mercedes 300 modeldagi Limuzin

“Mers” – hozirgi kunda

O‘tgan 135 yil davomida kompaniya yuqori sifatli avtotransport vositalari, avtobuslar, samolyotlar va kemalar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ayniqsa, avtomobillar borasida o‘zining omadli loyihalarini amalga oshira oldi.

2016 yilda Mercedes-Benz 43,5 mlrd dollarga baholanib, Toyota'dan keyingi 2-o‘rinda edi. Ammo kompaniya 2019 yilga kelib, 60,4 mlrd dollarga baholandi va 1-o‘ringa chiqib oldi.

Dunyoning eng qimmat brendiga aylangan Mercedes modellari hashamat, ishonch, kuch va hurmat ramzi hisoblanadi. Mercedes'ning omad kalitlaridan biri – u har doim klassik dizayn va eng zamonaviy intererni birlashtira olardi.

Mercedes'ning ommalashuviga yana bir asosiy sabab – uning narxi oddiy iste'molchi uchun ham qulay bo‘lib, elita uchun ham tinimsiz yangi eksklyuziv modellar taqdim etib boriladi.

Reklamalari ham yorqinligi va ijodkorligi bilan ajralib turadi – kompaniya marketingga katta e'tibor qaratadi. Marketing uchun xarajatlarini hech qachon ochiqlamagan bo‘lsa-da, Mercedes'ning Formula-1dagi jamoasi rahbari Toto Volfning aytishicha, jamoaning poygada ishtiroki uchun “Daymler” konserni aylanmasining 10 foizi sarflanadi.

Gigant kompaniya 135 yillik faoliyati davomida brend o‘zining raqobatbardoshligini saqlab qolish, haqiqiy shedevrni taqdim etish uchun texnik imkoniyatlarini muntazam oshiradi. Shu maqsadda yo‘lga qo‘yilgan “aqlli” avtolar buning isbotidir.

Avtomobil bozorida lider bo‘lmish Mercedes'ning C klassdagi modellari Ginness rekordlar kitobiga “Eng chidamli avtomobil” sifatida kiritilgan. Tarixda eng ko‘p sotilgan avtomobillar reytingida ham aynan S klassdagi avtomobillar 10 000 000 dan ortiq sotilgani bilan o‘rin egallagan.

Mercedes-Benz C-Class

Mercedes kompaniyasida hozirda 152 mingdan ortiq odam ishlaydi. Kompaniya erishgan yutuqlar barchasi xodimlar tufayli deb biladi va rahbariyat ular uchun barcha sharoitni yaratadi. Masalan, xodimlar uchun taqdim etilgan ijtimoiy paketda bepul tibbiy xizmat, sug‘urtalar, til o‘rganish va o‘qish uchun to‘lovlar, bepul ovqatlanish kiritilgan.

Xodim o‘zini yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqaruvchi sifatida his qilishi ish beruvchi uchun muhim. 1997 yildan buyon Mercedes kompaniyasida yo‘lga qo‘yilgan tizimga ko‘ra, xodimlar har bir yaxshi ishi uchun mukofotlanadi. Misol uchun, bir yilda konsern faqatgina yuqori klassdagi avtomobillar sotuvidan 13 mlrd yevro daromad qilgan va rahbariyat shu daromadning bir qismini konsernda ishlaydigan 130 mingdan ortiq ishchilarning har biriga 5400 yevrodan mukofot sifatida ulashgan.

Balki shular sabab kompaniya 2017, 2019 va 2020 yillarda “Eng jozibali ish beruvchi” sifatida tan olingan.

2019 yilda kompaniya 173 mlrd yevro daromad qilgan edi. Pandemiya sabab bu ko‘rsatkich 2020 yilda 154 mlrd yevroni tashkil qildi. Ko‘rish mumkinki, kompaniyaning yengil avtomobillar va tijorat transport vositalari sotuvi 15 foizga kamaygan. Ammo urush davridagi inqirozni yengib o‘tgan Mercedes uchun bu qiyin ish emas. Pandemiya sharoitida ham kompaniya ish sur'atini pasaytirmaslik uchun avtomobil konveyer usulida yetkazib berish xizmatini dunyoda birinchilardan bo‘lib yo‘lga qo‘ydi.

Kompaniyaning Shtutgart shahridagi bosh shtab kvartirasi

Mercedes zavodlari Germaniya, Avstriya, AQSh, Braziliya, Xitoy, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Afrika, Vengriya kabi ko‘plab davlatlarda avtomobillar ishlab chiqarmoqda.

Mercedes zamon bilan hamnafas bo‘lishni yaxshi ko‘radi va shunga intiladi. Hozirda u ekologik tejamkor avtomobillar ishlab chiqarish uchun tadqiqotlar olib bormoqda va buni yo‘lga qo‘yish uchun 14,5 mlrd yevro sarmoya kiritgan.

Faktlar

O‘z tarixi davomida Mercedes kompaniyasi avtopoygalar uchun avtokarlar, ya'ni poyga modellarini ham taqdim etgan. Bu bilan ishlab chiqaruvchilar nemis mashinasining texnik imkoniyatlarini namoyish etishgan. 1930-1950 yillardagi avtopoygalar davri Mercedes'ning uchar modellari sabab “Kumush o‘qlar erasi” degan nom oldi.

1938 yilda yaratilgan 770 modelidan shaxsan Adolf Hitler foydalangan.

Sovet respublikalarida san'atkor Vladimir Visotskiy o‘zining Mercedes'ida avtohalokatga uchraganini eslashadi. Juda tez boshqarish oqibatida avtomobil 17 marta ag‘dariladi va Visotskiy omon qoladi. Tirik qolish mo‘jiza bo‘lgan bu vaziyat avtomobilning qanchalik xavfsiz va mukammal ekanidan dalolat edi.

Apple asoschisi Stiv Jobs har doim Mercedes haydagan va u kompaniya bilan tuzgan shartnomaga ko‘ra, har 6 oyda u yangi avtomobil olgan. Kaliforniya qonunlariga ko‘ra, 6 oy davomida raqamsiz harakatlanish mumkin bo‘lgan.

Avtopoygalar qiroli, 7 karra jahon chempioni Mixail Shumaxer Formuladagi faoliyatini Mercedes bilan yakunlagan.

Urushdan so‘ng ishlab chiqarilgan, eshiklari tepaga ko‘tariladigan 300 CL modeli Elvis Presli va Merilin Monroning sevimlisiga aylangan edi. Bu mashina XX asrning eng yaxshi sport avtomobili deb tan olingan.

2002 yilda kompaniya o‘zining xususiy jurnalini, 2007 yilda esa televideniyesini ishga tushirgan.

Mercedes tarixi yorqin voqealarga boy va butun dunyo avtomobilsozlik sanoatining favoriti bo‘lib qolaveradi. Butun dunyo bu taniqli brend ostida faqat yuqori sifatli va elita transport mahsulotlari ishlab chiqarilishiga o‘rganib qolgan.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid